Deputatlar mutasaddilar hisobotini eshitdi
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi – OʻzLiDePning Ulug‘nor tuman kengashidagi deputatlari tomonidan tuman Bandlikka ko‘maklashish markazi mutasaddilarining hisoboti eshitildi.
Andijon viloyati Ulug‘nor tumanida ishsiz, kam ta’minlangan oilalar, chetga ishlash uchun keta olmagan fuqarolar bandligini ta’minlash bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, mahallada aholi bandligi, ishsizlik holatini o‘rganish bo‘yicha mexanizm joriy etilib, bu boradagi ishlar tizimli ravishda amalga oshirilmoqda.
Mehnat vazirligi tomonidan ajratilgan mablag‘lar hisobidan 404 nafar ishsiz fuqaroning bandligi ta’minlangan. Bundan tashqari, “Temir daftar”ga kiritilgan 80 nafar fuqaroning tomorqasiga subsidiya mablag‘lari hisobidan yengil konstruksiyali 40 ta issiqxona qurib berilgan.
– Partiyamiz deputatlari Bandlikka ko‘maklashish markazi mutaxassislari bilan hamkorlikda ishsiz fuqarolarni aniqlash, ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida doimiy ravishda o‘rganishlar olib bormoqda, – deydi OʻzLiDeP Ulug‘nor tuman kengashi ijrochi kotibi Gavharoy Abduvositova. – Ayniqsa, tumandagi 325 nafar vaqtincha ishsiz fuqaroga ishsizlik nafaqasi tayinlash va to‘lab berilishiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Tumanda ishsiz aholini talab yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qitish masalasiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayni kunda Ulug‘nor qurilish kasb-hunar kolleji o‘quv markazida 371 nafar fuqaro 15 turdagi kasb va hunarlarga o‘qitilmoqda. Umuman, tumanda joriy yilda 2 ming 204 ta yangi ish o‘rni tashkil etish rejalashtirilgan. Mazkur rejaga asosan. mutasaddi tashkilotlar tomonidan zarur ishlar olib borilmoqda.
Yig‘ilishda har bir deputat o‘z saylov okrugi hududidagi ishsizlik yuzasidan muammolarni o‘rganishi, ularning yechimi yuzasidan tegishli tashkilotlarga deputat so‘rovlari yuborish, aholi bandligini ta’minlashga qaratilgan islohotlar jarayonini fuqarolar o‘rtasida keng targ‘ib etish bo‘yicha mutasaddi tashkilot bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha muhim vazifalar belgilab olindi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA