Deputatlar ikkita vazirlik axborotini eshitdi
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining parlament quyi palatasidagi fraksiyasi tomonidan Bandlik va mehnat munosabatlari hamda Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirliklarining partiya elektoratini qiynab kelayotgan muammolar yuzasidan axborotlari eshitildi. Ayni kunlarda dolzarb bo‘lib turgan vazifalar haqida munozara yuritildi.
Dastlab aholi bandligini ta’minlash va xuquqlarini himoya qilishda davlat maqsadli jamg‘armalari mablag‘larining qay darajada samarali sarflanayotgani haqida Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rinbosari deputatlarga axborot berdi.
Joriy yil o‘tgan oylarida xalq deputatlari maxalliy Kengashlaridagi partiya guruhlari tomonidan aholini ish bilan ta’minlashga oid 124 masala o‘rganilib, muhokama etilgan. Bu borada hududlar miqyosida aniq vazifalarni belgilash bo‘yicha 84 ta masala doimiy komissiyalar, 76 ta masala sessiyalar muhokamasiga olib chiqilgan.
Xalq deputatlari mahalliy Kengashlardagi partiya guruhlari bandlik va mehnat huquqlarini ta’minlash yo‘nalishlarida haqiqiy ahvolni doimiy o‘rganmoqda. Ushbu o‘rganishlar natijalari asosida yig‘ilishda Davlat byudjetidan bandlikka ko‘maklashish maqsadida subsidiya sifatida ajratilgan mablag‘larning samarali sarflanishi, kasb-hunarga o‘qitish ishlari joylarda sust tashkil etilayotgani, mehnat huquqlariga rioya qilishi bo‘yicha davlat nazoratida xato-kamchiliklar kuzatilayotgani haqida tanqidiy fikr-mulohazalar bildirildi.
Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmon va qarorlari hamda Vazirlar Mahkamasi qarorlarida belgilab berilgan vazifalar ijrosini to‘liq ta’minlash, butun respublika bo‘ylab ishlarni tizimli tashkil etish, bandlik yuzasidan barcha imkoniyatlardan unumli foydalanish zarurligi ta’kidlandi.
Aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha vazirlik tizimidagi barcha tuzilmalar faoliyatidan aholining xabardorligini oshirish, shu orqali ular faoliyati ustidan jamoatchilik va parlament nazoratini kuchaytirish bo‘yicha vazifalar belgilandi. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining tegishli axborotini eshitish masalasini fraksiyaning kelgusi yil ish rejasiga kiritish hamda boshqa yo‘nalishlar yuzasidan takliflar berildi.
Deputatlar uy-joy va kommunal xizmatlarning maqbulligini oshirish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini arzon va sifatli uy-joy bilan ta’minlash, toza ichimlik suvi ta’minoti bilan bog‘liq muammolarni hal etish, ayniqsa, bu yilgi sovuq qish mavsumida nihoyatda dolzarb ekanini ta’kidlashdi.
Fraksiya videoselektor yig‘ilishida aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlashdagi muammolarning yechimlari olib borilayotgan ishlar yuzasidan axborot taqdim etish uchun Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri o‘rinbosariga so‘z berildi.
Deputatlar joylardagi o‘rganishlar, aholi murojaatlari asosida aniqlangan muammoli holatlar bo‘yicha o‘z savollari bilan murojaat etishdi.
Mahalliy Kengashlardagi partiya guruhlari joriy yil davomida aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, kommunal xizmatlar sifatini oshirish masalalarini o‘rganib, 54 ta doimiy komissiya, 36 ta sessiyaga olib chiqib, tegishli qarorlar qabul qilinishiga erishgan.
Oxirgi 2 yilda ichimlik suvi va kanalizatsiya tizimini yaxshilashga 2 trillion 400 milliard so‘m ajratildi. Bu avvalgi 10 yilda ajratilgan jami mablag‘dan 2 baravar ko‘p, demakdir. Shunga qaramasdan, mamlakatimizda markazlashgan tarmoqlar orqali toza ichimlik suvi bilan ta’minlash darajasi 68 foizni tashkil etmoqda.
Hukumatning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan Ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv tizimini rivojlantirish strategiyasiga ko‘ra, 2030 yilda aholining ichimlik suvi ta’minoti darajasini 91 foizga, shaharlar va tuman markazlaridagi oqova suv tizimi ta’minoti darajasini 16 foizdan 31 foizga yetkazilishi rejalashtirilgan.
Yig‘ilishda deputatlar 1993 yilda qabul qilingan “Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunni bugungi kun talablariga muvofiq ravishda yangilash zarurati yuzaga kelgani haqida fikr bildirdi.
Ikkita vazirlikning respublikadagi barcha tuzilmalari faoliyati bo‘yicha qat’iy parlament va deputatlik nazoratini muntazam amalga oshirish, bandlik va ichimlik suvi ta’minoti bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etishga qaratilgan rejalar belgilandi.
Nurillo NASRIEV, O‘zA