Deputatlar fermerlar bilan suhbatlashdi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Boyovut tumanida g‘alla o‘rim-yig‘imi jarayoni bilan tanishib, fermerlar bilan suhbatlashdi.
Fermer yerga bug‘doy urug‘ini qadab, uni yetishtirguncha ozmuncha mehnat qilmaydi. Urug‘ unib chiqib, hosilga kirguncha necha tunlarni tongga ulaydi. Ekinni har xil ob-havo sharoitida sug‘oradi, o‘simlikni zararkunandalardan asraydi, serhosil bo‘lsin, deya o‘z vaqtida agrotadbirlarni olib boradi.
Tabiiyki, bunda daromad ham shu mehnatga yarasha bo‘lishi kerak. Hech kimga sir emaski, ichki bozorni arzon un va non bilan ta’minlash maqsadida bug‘doy xarid narxlarini davlat tomonidan bozor tamoyillariga rioya etmasdan belgilash fermerning cho‘ntagiga ziyon qilayotgan edi.

Shu bois, qanchalik murakkab bo‘lmasin yurtimiz qishloq xo‘jaligida erkin raqobatni ta’minlaydigan bozor tamoyillariga o‘tilmoqda. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bu boradagi islohotlar bir necha yil oldin boshlangan edi va nihoyat, g‘alla bozorini erkinlashtirish yo‘lidagi muhim qadam ham tashlandi. Joriy yil 28 may kuni Prezidentimizning “G‘allani yetishtirish va sotishda bozor tamoyilini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi tarixiy qarori qabul qilindi.
Bu bilan shu yil 1 iyundan boshlab g‘allani davlat tomonidan sotib olish va sotishda bozor narxlariga o‘tilib, g‘allachilik klasterlari va fermerlarga bug‘doyni bozor narxida to‘liq erkin sotish huquqi berilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi deputatlari Boyovut tumanida bo‘lib, g‘alla o‘rim-yig‘imi mavsumida hosilni qisqa muddatlarda nes-nobud qilmay yig‘ib olish maqsadida tashkil etilgan ish jarayoni bilan tanishdi. Shuningdek, deputatlar boyovutlik fermerlar bilan bo‘lgan suhbatda Prezidentimizning yuqoridagi qarori, uning mazmun-mohiyati, qishloq xo‘jaligi sohasini erkinlashtirish, fermer va dehqon xo‘jaliklarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning moddiy manfaatdorligini oshirish yo‘lidagi yana bir qadam ekanligini tushuntirdi.

– Endi dehqon, fermer, klasterlar o‘zi yetishtirgan mahsulotni bozor narxida sotib, haqiqiy daromad ko‘radi, – dedi Qonunchilik palatasi deputati Begali Qodirov. – Qaror bilan davlat resurslari uchun sotib olinadigan 1 tonna bug‘doy narxi o‘tgan yildagi 1 million 550 ming so‘mdan joriy yil hosili uchun 3 million so‘mga, ya’ni ikki baravarga oshirildi. Ko‘rinib turibdiki, davlat tomonidan g‘alla xaridlari ikki baravarga oshirilgach, g‘alla zaxirasi ham ishonchli, ham kafolatli tarzda davlat omborlariga yig‘ib olinadi.
Shuhrat Suyarov, O‘zA.