Aks-sado
Ko‘ksiga deputatlik nishonini taqib yurgan xalq vakili zimmasida saylovchilarning ishonchini oqlash, Vatan oldidagi muqaddas burchni his etishdek mas’uliyat bor. Qaysiki, deputat ana shu ishonch va mas’uliyatni vijdonan ado etsa, uning xalq va Vatan oldida yuzi yorug‘ bo‘ladi.
Davlatimiz rahbari 2024-yil 2-fevralda yurtimizda so‘nggi yillarda Xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholini ijtimoiy himoya qilishga oid dolzarb masalalarni hal qilish bo‘yicha vakolatlari kengaytirilib, xalq hokimiyatchiligini to‘laqonli ro‘yobga chiqarish borasida keng qamrovli islohotlar amalga oshirilganini inobatga olib, “Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni qabul qildi.
Mazkur muhim hujjatda mahalliy davlat organlari faoliyatini “Kuchli Kengash, hisobdor va tashabbuskor hokim” tamoyili asosida tashkil etish yuzasidan qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha tuzilgan “Yo‘l xaritasi” tayyorlandi. Ushbu “yo‘l xaritasi”ga asosan mahalliy Kengashlar zimmasiga vazifa va funksiyalar faqatgina qonun hujjatlari bilan yuklanadi, davlat hokimiyati va boshqaruv organlari tomonidan mahalliy Kengashlar faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Shuningdek, farmonda 2024-yil 1-oktyabrga qadar Xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar Kengashlari, 2025-yil 1-dekabrga qadar tuman va shahar Kengashlari uchun minimal talablarni inobatga olgan holda bino yohud ishchi xonalar bilan ta’minlash va jihozlash bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqish ko‘zda tutilgan.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ko‘rsatib o‘tilgan maqsadlar orqali mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini transformatsiya qilib, hududiy boshqaruvni “aholi manfaatlariga xizmat qilish” tamoyili asosida yo‘lga qo‘yish niyatida o‘ttiz uchta funksiya va vakolat Xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga o‘tkazildi. Endilikda mahalliy Kengash deputatlari hududlarda davlat bog‘cha va maktablarni tashkil etish, atmosfera havosiga ta’sir etuvchi korxonalarni qurish, chiqindi ko‘miladigan joylarni aniqlash va yo‘lovchi hamda yuk tashish tariflarini belgilash kabi qator jarayonlarda faollik ko‘rsatadi.
Joriy yilda mamlakatimizda ham yangi mazmundagi saylovlar bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Bunda, albatta, mahalliy Kengashlarga saylov o‘tkazish ham ko‘zda tutilganki, ayni damda ana shu jarayonga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilib, munosib nomzodlar tanlanmoqda.
Deputat saylovchilar bilan uchrashuvda ulardan tushgan taklif, ariza va shikoyatlarni ko‘rib chiqib, o‘z vaqtida va to‘g‘ri hal etish choralarini ko‘radi. Fuqaro deputatga ishonganligi uchun murojaat qiladi. Shu bois har bir murojaatni atroflicha o‘rganib chiqish hamda o‘z vaqtida hal etish deputatning birinchi navbatdagi vazifasidir.
Xalq ishonchini qozonib, Xalq deputati degan maqomni olgan shaxs, shubhasiz tashabbuskor, fidoyi, jonkuyar va izlanuvchan xislatlarga ega bo‘lishi shart. Chunki xalq bir nechta siyosiy partiya tomonidan tavsiya etilgan nomzodlar orasidan o‘zi uchun eng munosibini tanlab oladi. Bu tanlovning ortida orzu umidlarining ro‘yobga chiqishi, muammolarining bartaraf etilishi kabi muhim maqsadlar turadi.
G‘olibjon Boboyev,
O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi
Namangan viloyati Kengashi ijrochi kotibi.
O‘zA