Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Qashqadaryo viloyat hududiy bo‘linmasi tomonidan Xalq deputatlari viloyat Kengashi bilan hamkorlikda “Mahalliy Kengashlar deputatlarining o‘z saylovchilari hamda partiya deputatlik guruhi bilan aloqalarini rivojlantirish masalalari” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Unda Xalq deputatlari viloyat, shahar va tuman Kengashlari deputatlari, siyosiy partiyalar, Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi viloyat hududiy bo‘linmasi va OAV vakillari ishtirok etdi.

Tadbir davomida mahalliy Kengash deputatlarining saylovchilari bilan aloqalarini yanada mustahkamlash, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Saylov Kodeksi, “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi hamda “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputatining maqomi to‘g‘risida”gi qonunlar, xalq deputatlari mahalliy Kengashining reglamenti va doimiy komissiyalari to‘g‘risidagi nizom hamda boshqa normativ-hujjatlar mazmun-mohiyati tushuntirildi. Bu borada amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Ta’kidlash lozimki, bugungi kunda viloyatda Xalq deputatlari viloyat Kengashida 60 nafar, shahar va tuman kengashlarida esa 400 nafar deputat faoliyat ko‘rsatmoqda. Tadbirda ular o‘z saylovchilari va uni deputatlikka nomzod qilib ko‘rsatgan siyosiy partiya bilan doimiy ravishda ish olib borishi lozimligi ta’kidlandi.

Shuningdek, “Saylovchi-deputat-hokim-Kengash” to‘rt bo‘g‘inli o‘zaro hamkorlik tizimi joriy etilganligi, mazkur jarayonda to‘rt bo‘g‘inni o‘zaro hamkorlikdagi faoliyati juda muhim hisoblanishi, ushbu yo‘nalishda mahalliy Kengashlar deputatlari saylangan okrugi hududida saylovchilar bilan uchrashuvlar va yuzma-yuz muloqotlar o‘tkazish orqali jamoatchilikning fikrini o‘rganib, yechimini kutayotgan masalalarni aniqlab, hal etish bo‘yicha mas’ul ijro organlariga takliflar kiritish imkoni yanada kengayganligi aytib o‘tildi.
Kiritilgan takliflarning ijro organlari tomonidan o‘z vaqtida ko‘rib chiqilib, masala yechimi yuzasidan zarur chora-tadbirlarning amalga oshirilishi va ular tomonidan mahalliy Kengashlar bilan hamkorlikda mablag‘ ajratish choralarini ko‘rilishi o‘zaro hamkorlikning amaliy natijasi ekanligi qayd etildi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri