Deputat muammolarni joyida hal etdi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Nazir Sobirov Olot tumanidagi ijtimoiy soha ob’ektlari, aholi muammolarini o‘rgandi.
Dastlab tuman kengashidagi O‘zbekiston milliy tiklanish demokratik partiyasi guruhi a’zolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tuman aholisini qiynayotgan muammolar, yechimini kutayotgan masalalar yuzasidan suhbatlashildi.

– Sog‘ligim yomonlashganligi sababli davolanish uchun zarur bo‘lgan mablag‘da amaliy yordam so‘rab murojaat qildim, – deydi "Sheyxlar" mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi, II guruh nogironi Arif Umurov. – Muammo joyida ijobiy hal etildi. Masala yechimida sektor rahbari jalb etildi. Bundan juda ham xursandman. Sog‘ligimni tiklash uchun moddiy va ma’naviy yordam berildi.

Deputat bilan "O‘zbekiston" mahalla fuqarolar yig‘iniga qarashli 30-qishloq oilaviy poliklinikasida bo‘lib o‘tgan uchrashuv munozaralarga boy o‘tdi. O‘rganishlar jarayonida poliklinikada aholi uchun yaratilgan sharoit mutlaqo sanitariya-gigiyena talablariga mos kelmasligi, ta’mirtalab holatda bo‘lgan mazkur tibbiyot maskanida tor doiradagi mutaxasisslarning ish jadvali to‘liq shakllantirilmaganligi qayd etildi. Muolaja xonalaridagi tibbiyot vositalarining ochiq holatda saqlanayotgani kabi muammolar aniqlandi.

Mazkur poliklinika "O‘zbekiston"," Qirtay", Qo‘l-chovdir" va "Qirlishon" mahallalari aholisiga tibbiy xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Nazir Sobirov tomonidan poliklinika mudiri qattiq ogohlantirildi. Kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etish topshirig‘i berildi. Deputat nazoratida bo‘lgan ushbu topshiriq muassasa rahbari tomonidan zudlik bilan bartaraf etildi. Mazkur oilaviy poliklinika 2021 yilda yangitdan qurilishi belgilangan.

"O‘zbekiston" mahalla fuqarolar yig‘ini aholisi bilan suhbat o‘tkazildi. Suhbat jarayonida mazkur poliklinika mutaxassislari tomonidan ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatidan aholining noroziligi ma’lum qilindi. Shuningdek, suyultirilgan gaz ballonlari ham vaqtida yetkazib berilmasligi ta’kidlandi. Aholi xonadonlari muntazam xarid qilinadigan o‘tinlar orqali isitilishi aytildi. Tuman Suvoqava tashkiloti tomonidan har 10 kunda keltiriladigan toza ichimlik suvining vaqtida yetkazib berilmasligi kabi ko‘plab masalalar aholi tomonidan bildirildi.
Deputat N.Sobirov tegishli mutasaddilar bilan bog‘lanib, mazkur murojaatlar hal etiladigan bo‘ldi. Uchrashuvlar "Qumkashon" mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi tadbirkor xonadonida davom etdi.
–Tomorqamning 8 sotixini issiqxonaga ajratganman, –deydi Komil Avliyoqulov. – 80 tup limon, mandarin va apelsin ko‘chatlari bilan bir qatorda oila ehtiyoji uchun zarur bo‘lgan poliz ekinlarini ham ekib, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yganman. Oila a’zolarim bandligini ta’minlash orqali ro‘zg‘orimning iqtisodiy ta’minotini yaxshilayapman.
Ushbu tadbirkorlik ishini ommalashtirish, mahalladoshlarida ham qiziqish uyg‘otish, har bir oila tadbirkorligiga erishish, muhimi odamlarda boqimandalik kayfiyatini yo‘qotish lozimligi borasida keng tushunchalar berildi. Aholi vakillari bilan o‘tkazilgan har bir uchrashuvda shu kabi masalalarda ham targ‘ibotlar olib borildi.
Zarif Komilov,O‘zA