Deputat ijtimoiy soha faoliyati bilan tanishdi
Deputatlar tomonidan partiya saylovoldi dasturidagi vazifalarning ijrosini o‘rganish va ularning bajarilishi yuzasidan jamoatchilikni xabardor qilish, partiya dasturini targ‘ib qilish, yangi qabul qilingan qonunlarning mazmun-mohiyatini tushuntirish hamda saylovchilarning muammolarini o‘rganish va ijobiy hal etish borasida joylarda amaliy tadbirlar o‘tkazilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi Sayyora Imamova Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxiatosh tumanida bo‘lib, tibbiyot muassasasida aholiga sifatli tibbiy yordam ko‘rsatilish holatini, aholi vakillari bilan muloqot qilib, ularni o‘ylantirayotgan muammolarni o‘rgandi.

Dastlab, deputat tumandagi “Markaziy” mahalla fuqarolar yig‘inidagi “mahalla yettiligi” vakillari bilan uchrashdi. Ular bilan muloqot davomida yurtimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning mazmun-mohiyati, shu jumladan, Qoraqalpog‘iston uchun qabul qilingan farmon va qarorlar asosida amalga oshirilayotgan ishlar xususida batafsil ma’lumot berildi.
Shuningdek, uchrashuvda mahalla obodligi va aholi farovonligini yaxshilash, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, aholini kambag‘allikdan chiqarishga ko‘maklashish, ularning muammolarini hal qilish, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi vakillariga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish borasida amalga oshirilayotgan ishlar borasida suhbatlashdi.

Deputat Sayyora Imamova Taxiatosh tumanidagi 4-sonli umumta’lim o‘rta maktabining inklyuziv ta’lim faoliyatini ham o‘rgandi. Ushbu maktabda maxsus pedagoglar bilan muloqot qildi va inklyuziv sinflari, shu jumladan, maxsus inventarlar, o‘quv qurollari bilan ta’minlanishini, ta’lim olayotgan o‘quvchilarga yaratilgan sharoitlar, shuningdek, ushbu maktabda tashkil etilgan muzey faoliyati bilan ham tanishdi.
Shundan so‘ng, deputat tumandagi Oilaviy poliklinikada bo‘lib, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati bilan yaqindan tanishdi va tibbiyot xodimlari bilan muloqot qildi. Ushbu tibbiyot muassasasida zamonaviy laboratoriya faoliyati tashkil etilgan bo‘lib, hudud aholisi uchun barcha zarur tibbiy tahlillarni shu yerning o‘zida, tezkor va aniq amalga oshirish imkoniyati yaratilgan. Bu esa kasalliklarni erta bosqichda aniqlashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Shuningdek, tibbiyot maskanining texnik imkoniyatlari va dori-darmon ta’minoti ham ko‘zdan kechirildi. Shifokorlar bilan bo‘lgan suhbatda aholining tibbiy xizmatdan roziligi sohadagi islohotlarning bosh mezoni ekanligi ta’kidlandi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri.