Denovda akademik Nazar To‘rayev uy-muzeyi ochildi
Surxondaryo viloyati Denov tumanidagi Chuqurqishloq mahallasida O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi, akademik Nazar To‘rayev uy muzeyining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Professor-o‘qituvchilar, mahalla nuroniylari, yoshlar, ommaviy axborot vositalari vakillari, akademikning qavmu qarindoshlari ishtirok etgan tadbirda tuman hokimi Ilhom Abrorov, viloyat hokimi o‘rinbosari I.Safarov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) o‘rinbosari, yuridik fanlari doktori B.Narimanov, Denov pedagogika va tadbirkorlik instituti rektori O.Ro‘ziyev, tuman ma’naviyat bo‘limi boshlig‘i T.Turdiyev va boshqalar mamlakatimizda qadimdan ilm-fan rivojiga munosib hissa qo‘shgan olimlar mehnati alohida e’tirof etilishini ta’kidladi. So‘nggi yillarda bu an’ana yangi qiyofada bo‘y ko‘rsatib, buyuk ajdodlarimiz xotirasi faxr-iftixor bilan yodga olinayotgani va ularning ibratli hayot yo‘li yosh avlodga namuna qilib ko‘rsatilayotganini qayd etdi.
Buyuk fizik olim, jamoat arbobi, fanimiz fidoyisi Nazar To‘rayev ham ana shunday mamlakatimizning ulug‘ zotlaridan biri edi. Butun umrini fizika fani rivojiga bag‘ishlagan olim zamonamizning zabardast allomasi sifatida tanildi. Nazar To‘rayev fizika fanining dolzarb yo‘nalishi hisoblangan atom zarralarining qattiq jismlar sirtida sochilishi nazariyasi, ionlarning birlamchi va ikkilamchi sochilishi kabi sohalarni chuqur tadqiq etdi. Nazariy fizika masalalarini kompyuterda algoritm vositasida yechishni O‘zbekistonda birinchi bo‘lib joriy qildi. Akademikning bevosita rahbarligida yurtimizda qishloq xo‘jaligi ekinlarini lazer yordamida nurlantirish ilmiy laboratoriyalariga asos solindi.
[gallery-23187]
Olimning mamlakatimizda oliy ta’lim sohasini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi hali-hanuz davralarda faxr bilan tilga olinadi. Uzoq yillar Termiz davlat universitetini boshqarib, ko‘plab yoshlarga ustozlik qildi. Viloyatdagi yagona oliy ta’lim muassasasining moddiy texnik bazasini yaxshilash, ilmiy salohiyatini yanada oshirishda Nazar To‘rayevning alohida xizmati bor.
Akademik Nazar To‘rayev 1938 yil 19 mayda Surxondaryo viloyatining Denov tumani Chuqurqishloq mahallasida tug‘ilgan. 1961 yil Samarqand davlat universitetini tamomlab, mehnat faoliyatini Fanlar akademiyasining Yadro fizikasi institutida kichik ilmiy xodim lavozimida boshlagan.
60 yillik mehnat faoliyati davomida Yadro fizikasi instituti aspiranti, Elektronika instituti ilmiy kotibi, Toshkent politexnika instituti kafedra mudiri, Termiz davlat universiteti rektori, Fanlar akademiyasining “FANUM” ilmiy-o‘quv markazi direktori kabi lavozimlarda faoliyat yuritdi. 1968 yil nomzodlik, 1981 yil doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. 2000 yilda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining a’zosi etib saylandi. 1990-1995 yillarda mamlakat parlamenti deputati sifatida ko‘plab xayrli ishlarni amalga oshirdi.
Akademik yashagan xonadonda tashkil etilgan uy-muzeyda dunyo tan olgan fizik olimdan meros qolgan ilmiy asarlar, mutolaa qilgan sevimli kitoblari, uy jihozlari, kiyim-kechaklari joy olgan. Muzeyni tomosha qilgan inson Nazar To‘rayevning bolalik, talabalik yillari, ilm-fan rivoji yo‘lida qilgan mashaqqatli mehnatlari bilan yaqindan tanishishi, sharafli hayot yo‘li haqida yetarli ma’lumotlarga ega bo‘lishi mumkin.
Tantanali marosimda ilm-fan fidoyilari, hassos olimning shogirdlari, qavmu qarindoshlari Nazar To‘rayevning ibratli hayot yo‘li va ulug‘ insoniy fazilatlarini yodga oldi. Nazar To‘rayev nomidagi fan olimpiadasi g‘oliblari taqdirlandi.
Shu kuni Denov tadbirkorlik va pedagogika institutida Nazar To‘rayev izdoshlari uchun zamonaviy fizika laboratoriyasining ochilish marosimi ham bo‘lib o‘tdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri