O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasida 2020 yil xalqimizning bukilmas irodasi, fidokorona mehnati va matonati, aholi va davlat organlarining birgalikdagi sa’y-haraktlari tufayli mavjud qiyinchiliklarni mardona yengib o‘tilganiga alohida urg‘u berildi.
Bu bejiz emas albatta. Chunki, so‘nggi yuz yillik davrda ro‘y bermagan bunday keng ko‘lamdagi “koronavirus” degan ofat XXI asrda butun insoniyatni og‘ir sinovdan o‘tkazdi. Dunyoda ro‘y berayotgan va inson tabiatiga xos bo‘lmagan voqea-xodisalarga befarq munosabatda bo‘lishni boshlagan odamzod ko‘rinmas “zarra” qarshisida naqadar ojiz ekanligini ko‘rsatib qo‘ydi.
Murojaatnomada ta’kidlanganidek, “Oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoning 191 mamlakatida 81 million kishi koronavirus bilan kasallangan. Ulardan 1 million 765 ming nafari vafot etgan.
Pandemiya jahon iqtisodiyoti uchun – shunga e’tibor bering – har oyda qariyb 400 milliard dollar miqdorida zarar keltirmoqda. bugungi kunga qadar dunyo bo‘yicha 500 millionta ish o‘rni yo‘qotilgan.
Afsuski, bu ofat butun insoniyat qatori xalqimiz uchun ham kutilmagan tashvish va murakkab muammolarni keltirib chiqardi. Buxoro va Sardobada yuz bergan tabiiy va texnogen ofatlar ham el-yurtimizning irodasini yana bir bor sinovdan o‘tkazdi”.
Darhaqiqat, taqdim etilgan Murojaatnomaning eng muhim jihati haqida gapirilganda, mamlakatimizni yaqin va uzoq yillarga mo‘ljallangan ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma’naviy va siyosiy sohalardagi eng muhim yo‘nalishlarini aniq belgilab berganida bo‘ldi.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, Prezidentimizning “- Hayot oldimizga yana qancha sinov va muammolarni qo‘yishi mumkin va biz har qanday holatga tayyor turishimiz zarur. Lekin qanchalik qiyin va murakkab bo‘lmasin, demokratik islohotlar yo‘lidan hech qachon ortga qaytmaymiz. Oldinga, faqat oldinga qarab boramiz. Va biz bunga har tomonlama qodirmiz. Chunki bugungi xalqimiz – kechagi xalq emas. bugungi O‘zbekiston ham – kechagi O‘zbekiston emas”, degan e’tiroflari ta’bir joiz bo‘lsa, Murojaatnomada bildirilgan taklif-mulohazalar, ilgari surilgan prinsipial g‘oyalarning tayanch nuqtasi bo‘ldi.
Shu o‘rinda, ko‘pchilik tomonidan hanuzgacha beriladigan Demokratiya nima?, Demokratik jamiyat nima?, Demokratik davlatda hokimiyatni kimlar boshqaradi?, Demokratik islohotlar nima uchun kerak degan, haqli savollarga javob topishimizga to‘g‘ri keladi. To‘g‘ri, Murojaatnomada bu kabi savollarga aniq javoblar bor. Biroq biz bu masalaga uchinchi tomondan yondashishga harakat qilib ko‘rmoqchimiz.
Chunki, yuqoridagi savollarga jamiyatda aniq javoblar bo‘lmasa, yoki uning ishtirokchisi bo‘lgan oddiy xalq demokratiya haqida eng zarur bo‘lgan tushunchaga ega bo‘lmasa, o‘zining xatti-harakatlari bilan davlat va jamiyat taraqqiyotiga xissa qo‘shish u yoqda tursin, uning tanazzulga yuz tutishiga sababchi bo‘lib qolishi hech gap emas, deb o‘ylaymiz. Biz buni ko‘p yillar avval guvoh bo‘lgan kishi sifatida aytayapmiz.
Keling shu yerda ozroq lirik chekinish qilaylik. Bir vaqtlar mashhur xonanda ayrim “san’atkorlar”ga qaratib, “Demokratiya – ishtoningni yechib, sahnaga chiqaver, degani emas”, degan iborani ishlatgan edi. Albatta, bu bejizga aytilmagan. Demak, bu aholining turli qatlamlari orasida “demokratiya” degan iborani turlicha tushunadigan va talqin qiladiganlar yo‘q emas, degan xulosani beradi.
Qolaversa, bir vaqtlar Angliyaning sobiq Bosh vaziri Uinston Cherchillning “Demokratiya – boshqaruvning eng yomon shaklidir, biroq insoniyat bundan yaxshirog‘ini hali o‘ylab topgani yo‘q” degan fikri, shubhasiz, ko‘pchilikni o‘ylantirishi tabiiy.
Xo‘sh, demokratiya nima? Keling, bu haqida ko‘pchiligimiz bilgan va demokratiya tushunchasiga berilgan umumiy ta’rifga e’tiboringizni qarataylik.
Demokartiya (yun. demos - xalq va kratus - boshqaruv), bu “xalq hokimiyati” degan tushunchani beradi. Umumiy tarzda demokratiya deganda hammaning manfaatlari yo‘lida ko‘pchilikning hokimiyati va ozchilikning irodasini hurmat qilish tushuniladi.
Hozirgi vaqtda keng iste’molga kirib ulgurgan “g‘arb demokratiyasi” va “sharqona demokratiya” degan tushunchalar ko‘pchilikda bir qarashda demokartiya ham ikki qutbga bo‘linadimi, degan savolni keltirib chiqaradi. Yo‘q albatta. Umum e’tirof etilgan demokratiya tushunchasi dunyoning qaysi bir chetiga bormang uning umumiy qadriyatlari bir xil. Va u birdek talqin qilinadi. Biroq, dunyoda shunday siyosiy kuchlar va qatlamlar borki, ular tomonidan sof demokartik qadriyatlar buzib talqin qilinadi. Ular demokartiya degan oliy tushunchani o‘zlarining nafs manfaatlari yo‘lida ishlatishga urunishadi. Bu butun insoniyat uchun ham, qolaversa aholimiz uchun ham juda xavfli bo‘lib, undan doimo ogoh bo‘lishimiz kerak.
Shu boisdan ham demokratiyani ustuvor qadriyat sifatida o‘rganish, ijtimoiy hayotga joriy etish, bir tomondan jahon xalqlari demokratiya an’analarini puxta o‘rganish va o‘zlashtirishni, ikkinchi tomondan ajdodlarimizning adolatli jamiyat barpo etish borasidagi qarashlarini bugungi kunga joriy etish har qachongidan ham dolzarb bo‘lib bormoqda.
Umuman demokratiya – yuqori darajada rivojlangan kishilar jamiyati, insoniyat erishgan buyuk ne’mat, ko‘pchilikka ma’qul yashash tarzi hisoblanadi. Ammo uning amalga oshishi barcha mamlakatlarda bir xil emas. Har bir mamlakat demokratiyaning umumiy qadriyat va tamoyillarini o‘z milliy qadriyatlari zaminida, o‘z xalqining uzoq tarixi davomida shakllangan an’analari bilan qo‘shib qabul qilganini yaxshi bilamiz. Masalan, AQSH yoki Angliya, Fransiya (boshqa Yevropa mamlakatlari ham) demokratik davlatlar bo‘lsalarda, lekin har biri o‘z milliy ruhi, an’analarini ham saqlagan. Shu kabi Yaponiya, Koreya, Malayziya kabi mamlakatlarda ham demokratik tuzum milliy va diniy e’tiqod udumlar negizida amal qilayotgani sir emas.
Demak shunday ekan, O‘zbekistonda ham biz ana shunday bo‘lishi uchun intilishimiz shart va tabiiy holat hisoblanadi.
Shuni mamnuniyat bilan aytishimiz mumkin, O‘zbekiston ham o‘zi uchun ma’qul deb bilgan demokratik taraqqiyot yo‘lini tanlab olganiga shubha yo‘q. Biroq bu maqsadga erishishimizda, Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, qiyin va mashaqqatli yo‘l turibdi.
Albatta, buning o‘ziga xos ob’ektiv va sub’ektiv sabablari bor. Bular, bizningcha quyidagilardan iborat deb o‘ylaymiz:
birinchi, o‘zida milliy umumbashariy, mahalliy xususiyatlarni birlashtirgan, o‘ziga xos ko‘rinishda bo‘lgan – Sharqona demokratiyani joriy qilish;
ikkinchi, jamiyat siyosiy tizimini xalqqa yaqinlashtirish, siyosiy adolatsizliklarning oldini olish – Siyosiy demokratiyani mustahkamlash;
uchinchi; bugungi davr va dunyoda yuz berayotgan demokartik islohotlar jarayoniga hamoxang bo‘lgan – Ijtimoiy demokartiyani barpo etish.
Demokartiyaning ushbu qayd etilgan eng ustuvor qadriyatlarini mamlakatimizda barpo etish yo‘llari Prezidentimiz Shavkat Mirziyeyoyevning Oliy Majlisga va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasida bilvosita ustuvor vazifa etib belgilangan.
ABDUMANNOB RAXIMOV,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Konstitutsiyaviy huquq kafedrasi o‘qituvchisi,
yuridik fanlar nomzodi