Har bir jamiyatda ro‘y berayotgan demokratik yangilanishlar va o‘zgarishlar, avvalo, xalq boshqaruvi va jamoatchilikning islohotlardagi o‘rni bilan o‘lchanadi. Shu bois ham bu kabi jarayonlarda parlament faoliyatidagi o‘zgarish va yangilanishlar muhim ahamiyat kasb etadi.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda keng ko‘lamli, dunyo miqyosida e’tirof etilgan islohotlar amalga oshirildi. Quvonarlisi, ushbu jarayonlarda Davlat hokimiyati tizimida Oliy Majlisning roli kuchaytirildi, mamlakatning tashqi va ichki siyosatidagi muhim masalalar aynan parlament a’zolarining qarorlari bilan qabul qilinishi amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.
Hech ikkilanishsiz aytish mumkinki, 2017 yil 12 iyul kunidan boshlab O‘zbekiston parlamenti faoliyati tarixida yangi bir davrga qadam qo‘yildi. Sababi shundaki, xuddi shu kuni mamlakat tarixida ilk bor Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalar hamda O‘zbekiston Ekologik harakati vakillari bilan uchrashdi. Unda parlament va siyosiy partiyalarning o‘tgan davrdagi faoliyati tanqidiy ruhda tahlil qilinib, kelgusidagi dolzarb va muhim vazifalar belgilab olindi.
Jumladan, uchrashuvda xalq bilan muloqotni samarali yo‘lga qo‘yish, aholini o‘ylantirayotgan muammolarni tizimli o‘rganib borish, milliy parlamentni haqiqiy demokratiya maktabiga aylantirish, siyosiy partiyalarning Qonunchilik palatasidagi fraksiyalari faoliyatini kuchaytirish, qonun ijodkorligi va qabul qilingan qonunlar ijrosi ustidan samarali nazorat o‘rnatish kabi vazifalar belgilab olindi.
Ushbu chora-tadbirlarning qisqa vaqt ichida hayotga tatbiq etilishi natijasida Parlament va hududiy Kengashlar qoshida maxsus komissiyalar tashkil etildi. Ayni vaqtda Komissiya a’zolari har oyda hududlarga chiqib, mavjud muammolarni o‘rganib, ularni bartaraf etish yuzasidan qator chora-tadbirlarni amalga oshirib kelmoqda. Muloqotlar jarayonida aholi tomonidan bildirilgan taklif va e’tirozlar hisobga olinib, qonunchilikka va boshqaruv tizimini takomillashtirishga oid tegishli o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Jumladan, fuqarolarning tibbiyot sohasi bilan bog‘liq murojaatlarni ko‘p bildirilayotganligi, sohaga alohida e’tibor qaratish, muammolar tahlil etilishi lozimligi hisobga olinib, Qonunchilik palatasida Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasi tashkil etildi.
Shuningdek, inson huquqlari borasidagi islohotlar talabidan kelib chiqqan holda, mahkumlarning hamda qamoqda saqlanayotgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish maqsadida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili(ombudsman)ning jazoni ijro etish faoliyatini monitoring qilish borasidagi vakolatlari kengaytirildi. Ya’ni ombudsman tomonidan jazoni ijro etish muassasalariga moneliksiz tashrif buyurish va mahkumlarning murojaatlari bilan bevosita ishlash tizimi yo‘lga qo‘yildi. Shu bilan birga, har bir jarayonda bolalar huquq va manfaatlarining to‘laqonli himoyasini ta’minlash maqsadida Oliy Majlisning bola huquqlari bo‘yicha vakili (bolalar ombudsmani) instituti ta’sis etildi.
O‘z navbatida, parlamentning Hukumat tarkibini shakllantirish va nazorat qilish funksiyasi ham takomillashtirildi. Jumladan, Bosh vazir o‘rinbosarlari, vazirlar va davlat qo‘mitalari raislari nomzodini Bosh vazir taqdimiga binoan, Qonunchilik palatasi tomonidan ma’qullash
va Prezident tomonidan tasdiqlash tartibi joriy etilgan bo‘lsa, Oliy Majlis Senatida O‘zbekistonning xorijiy davlatlardagi elchilari hisobotini eshitish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Shu bilan birga, Hukumat a’zoligiga nomzodning sohani rivojlantirish bo‘yicha yaqin muddatga va istiqbolga mo‘ljallangan harakat dasturi bilan parlament deputatlari oldida chiqish qilishi lozimligi belgilab qo‘yildi.
Shuningdek, Davlat va jamiyatni barqaror rivojlantirishni strategik jihatdan samarali rejalashtirishni ta’minlovchi muhim siyosiy-huquqiy jarayon sifatida 2017 yildan boshlab, Davlat rahbari tomonidan parlamentga Murojaatnoma yo‘llash instituti
joriy etildi.
Bundan tashqari, Qonunchilik palatasida davlat boshqaruvi organlari mutasaddilarining axborotini eshitish bo‘yicha «Hukumat soati» instituti ham faoliyat ko‘rsatmoqda. Iqtisodiyot, pul-kredit siyosati masalalarida, shuningdek, davlat byudjeti ijrosi ustidan samarali parlament nazoratini ta’minlashda deputat va senatorlarga professional, mustaqil va xolis axborot-tahliliy, ekspertlik xizmati ko‘rsatish maqsadida quyi palata qoshida Davlat byudjeti boshqarmasi tashkil etildi.
bugungi kunda davlatning jamiyat taraqqiyotiga erishishdagi bosh maqsadlaridan biri — korrupsiyaga qarshi kurashish sohasiga oid qonun hujjatlarini takomillashtirish, davlat dasturlarining ijrosi ustidan tizimli parlament nazoratini amalga oshirish, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organlari mansabdor shaxslarining axborotlarini eshitib borish hamda amaldagi qonun hujjatlarida korrupsiyaga imkon beruvchi va shart-sharoit yaratuvchi huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf etish maqsadida Oliy Majlis Senatining Sud huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi va Qonunchilik palatasining
Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi tashkil etildi.
Shuningdek, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, munosib turmush va mehnat sharoitlarini yaratish, tadbirkorlik tashabbuslarini yanada qo‘llab-quvvatlash hamda kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik, shu bilan birga, amalga oshirilayotgan islohotlarning borishi ustidan tizimli parlament nazoratini amalga oshirish maqsadida Oliy Majlisi Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi tashkil etildi.
«Elektron parlament» tizimini amalga oshirish doirasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasida «Elektron hujjat almashish tizimi», «Deputatlar portali» loyihalari ishlab chiqilib, oliymajlis.gov.uz, deputy.track.uz domenlari ishga tushirildi.
Qonun ijodkorligi faoliyatiga jamoatchilikni keng jalb qilish, jumladan, qonun loyihalarini fuqarolarning fikr-mulohazalari
va takliflarini o‘rgangan holda tayyorlash va ko‘rib chiqilayotgan qonun loyihalari yuzasidan aholi o‘rtasida ochiq muhokamalar o‘tkazishga alohida e’tibor qaratildi.
Oliy Majlis palatalariga mustaqil ravishda parlament tekshiruvi komissiyasini tuzish va uni o‘tkazish vakolati berildi. Buning natijasida parlament tekshiruvini o‘tkazish amaliyotiga oydinlik kiritildi va Oliy Majlisning har bir palatasida parlament tekshiruvini o‘tkazish zaruriyatiga qarab alohida qaror qabul qilish imkoniyati paydo bo‘ldi.
Yuqoridagi kabi parlament islohotlari natijasida O‘zbekistonda professional ikki palatali parlament faoliyati to‘laqonli shakllandi. bugungi kunda quyi palatada ko‘pgina qonun loyihalari bo‘yicha konstruktiv bahs-munozara va tortishuvlar bo‘lib o‘tmoqda. Saylovchilar, shu jumladan, partiya elektorati manfaatlaridan kelib chiqib, deputatlarning qonunlar sifatiga, uning konsepsiyasiga talabi oshmoqda. Xususan, 2017 yilda Qonunchilik palatasida ko‘rib chiqilgan 35 ta qonunning 4 tasi tashabbuskor sub’ektga qaytarilgan bo‘lsa, 2020 yilga kelib esa ko‘rib chiqilgan 61 ta qonundan 8 tasi qonunchilik talablari hamda fuqarolar manfaatlariga zid bo‘lganligi uchun tashabbuskor sub’ektlarga qaytarilgan.
Ushbu parlament faoliyati takomillashuvi borasida boshlangan islohotlar izchil davom ettiriladi. Xususan, yangi muddatga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga saylangan Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan «Harakatlar strategiyasidan — Taraqqiyot strategiyasi sari» tamoyili asosidagi Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasini amalga oshirishda xalq vakillari bo‘lgan senator va deputatlar alohida muhim o‘rin tutishi va ular ushbu strategiyani amalga oshirishda eng muhim bo‘g‘in hisoblanishi ta’kidlab o‘tildi.
Bunda Oliy Majlis faoliyatini yanada takomillashtirish, xalqimiz kutayotgan, Yangi O‘zbekiston taraqqiyotini tezlashtirishga xizmat qiladigan qonunchilik konsepsiyasini ishlab chiqish va hayotga tatbiq etish, qonun ijodkorligi faoliyatini demokratlashtirish va ularning ijrosini ta’minlashga qaratilgan parlament nazoratini kuchaytirishga ustuvor ahamiyat qaratish lozimligi belgilab berilgan.
Bu borada parlament tomonidan mamlakat bo‘yicha murojaatlar bilan ishlash holatini nazoratga olib,joylardagi ijro idorasi rahbarlari hisobotini eshitish va olingan natijaga muvofiq, ularga nisbatan ta’sirchan choralar ko‘rish amalga oshiriladi.
Xulosa qilib aytganda, boshlangan islohotlarning izchil davom ettirilayotgani sababli dunyo miqyosida e’tirof qilinadigan Yangi O‘zbekistonning yangi avlod deputat va senatorlari faoliyat ko‘rsatadigan Yangi parlament ishi yo‘lga qo‘yiladi.
Farrux ABDUHAMIDOV,
«Taraqqiyot strategiyasi» markazi
bo‘lim boshlig‘i