Guliston davlat universiteti va Xitoyning Yangling kasb-hunar va texnika kolleji o‘rtasida ilmiy hamkorlikni mustahkamlash maqsadida memorandum imzolangandi. Mazkur memorandumga asosan Guliston davlat universiteti delegatsiyasi Xitoy Xalq Respublikasiga tashrif buyurdi.
Delegatsiya Yangling kasb-hunar va texnika kolleji rektori Zong Vey Chjou, xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektor Jiang Ping Jiang, xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Yan Syue Li va kollej professor-o‘qituvchilari bilan uchrashdi. Uchrashuvda ta’lim va ilmiy tadqiqotlar sohasidagi hamkorlik va yangi loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Tashrifning birinchi qismida delegatsiya Yangling kollejiga qarashli ilmiy- tadqiqot markazlariga borib, bu yerda olib borilayotgan ilmiy ishlanmalar va innovatsion tadqiqotlar bilan tanishdi.

– Yangling kasb-hunar va texnika kollejidagi uchrashuv jarayonida Xitoy ta’lim tizimidagi yondashuvlar, ayniqsa, amaliyotga yo‘naltirilgan ta’lim modeli biz uchun alohida qiziqish uyg‘otdi, – deydi kimyo kafedrasi dotsenti Lola Yettibayeva. – Ilmiy-tadqiqot markazlaridagi sharoitlar, laboratoriyalar va xalqaro loyihalarda ishtirok etish imkoniyatlari bizni hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha aniq rejalar tuzishga undadi.

Kunning ikkinchi yarmida delegatsiya zamonaviy issiqxona klasterlarini ko‘rdi. Ushbu klasterlarda ekologik muvozanatni saqlash va o‘simliklar kasalliklariga qarshi kurashishga qaratilgan tadqiqotlar olib borilmoqda.
– Yangling ilmiy-tadqiqot markazlari va zamonaviy issiqxona klasterida amalga oshirilayotgan ishlanmalar ekologiya va qishloq xo‘jaligi sohalarining uyg‘unlashuvi borasida biz uchun katta tajriba bo‘ldi, – deydi ekologiya va geografiya kafedrasi o‘qituvchisi Dilnoza Toymbayeva. – Ayniqsa, ekologik omillarga chidamli o‘simlik navlarini yaratish va ularni tabiiy usullarda yetishtirish yo‘nalishidagi izlanishlar bizning ilmiy qiziqishlarimiz bilan hamohang. Tashrif davomida ko‘plab foydali g‘oyalar va kelgusidagi hamkorlik uchun ilhom oldik.

Guliston davlat universiteti professor-o‘qituvchilari, shu jumladan, kimyo, oziq-ovqat texnologiyalari va ekologiya kafedralari mutaxassislari Yangling kolleji tadqiqotchilari bilan zamonaviy texnologiyalar va o‘simliklarni tabiiy usulda yetishtirish bo‘yicha fikr almashdilar. Tashrif davomida yangi ilmiy loyihalarni ishlab chiqish va hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Tashrif yakunida ta’lim, ilmiy tadqiqot va ekologiya sohalaridagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan yangi kelishuvlar imzolandi. Tomonlar kelgusida ilmiy tadqiqotlarni o‘tkazish, pedagogik tajribalarni almashish va yangi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishib olishdi.
– Kutubxona fondining boyligi, ta’limga integratsiyalashgan zamonaviy texnologiyalar va, ayniqsa, issiqxona klasterida olib borilayotgan ilmiy izlanishlar meni chuqur hayratga soldi. O‘simliklar genetikasi, ularni himoyalash va ekologik chidamlilikka erishish bo‘yicha Xitoy tajribasini o‘rganish biz uchun juda foydali bo‘ldi. Bu tashrif kelajakdagi ilmiy hamkorliklarimiz uchun muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi, – deydi oziq-ovqat texnologiyalari kafedrasi dotsenti Dilorom To‘rabekova.
Guliston davlat universiteti va Yangling kasb-hunar va texnika kolleji o‘rtasidagi ilmiy hamkorlik ikki muassasa o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash va yangi ilmiy loyihalarni amalga oshirish uchun yangi imkoniyatlar yaratdi. Bu tashrif ta’lim va tadqiqot sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
G‘ulom Primov,
O‘zA muxbiri