Deklaratsiya va Konstitutsiya uyg‘unligi
10 dekabr – Umumjahon inson huquqlari deklaratsiyasi qabul qilingan kun
Umumjahon inson huquqlari deklaratsiyasi qabul qilinganiga 75 yil to‘ldi. BMT Bosh Assambleyasining 3-sessiyasida qabul qilinib, tashkilotga a’zo barcha mamlakatlarga tavsiya mazmuniga ega bo‘lgan mazkur Deklaratsiya Yer sayyorasida yashayotgan insonlarning barchasiga birdek tegishli bo‘lgan huquqlarni ochiqlaydi. Bu hujjat dunyoning shu kungacha besh yuzdan ortiq tiliga tarjima qilingan bo‘lib, eng ko‘p tarjima qilingan hujjatdir. 30 moddadan iborat Deklaratsiya inson huquqlari bo‘yicha xalqaro qonunning tarkibiy qismi hisoblanadi
Inson huquqlariga oid qonunchilik 3 bosqichda yaratilgan. Birinchi bosqich Inson va fuqaro huquqlari fransuz deklaratsiyasidan boshlanib, to birinchi jahon urushigacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi. Ushbu bosqichda shaxs erkinligi, daxlsizligi va fuqarolar tengligi, xususiy mulk, saylov huquqlariga oid masalalar o‘rin egallagan.
Inson huquqlarining ikkinchi bosqichi XX asrning 1-yarmini o‘z ichiga olib, bunda insonning mehnat qilishi, dam olishi, ijtimoiy yordam olishi kabi huquqlari qonunchilikning asosiy qismini egallagan.
XX asrning 2-yarmidan boshlab hozirgagacha bo‘lgan davr – inson huquqlari qonunchiligining uchinchi bosqichi hisoblanadi va bu yillar davomida insonlarni tinch yashash, sof va toza atrof muhitga ega bo‘lishi, axborot olish huquqlariga katta e’tibor qaratilgan
Hozirgi davrda inson huquqlariga oid BMT tomonidan 70 ga yaqin, Yevropa Kengashi Bosh assambleyasi tomonidan 160 dan ziyod, YUNESKO tomonidan 70 dan, Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti tomonidan esa 30 dan ortiq xalqaro konvensiyalar, deklaratsiyalar, paktlar qabul qilingan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgi paytda inson huquqlari bo‘yicha 400 ga yaqin xalqaro hujjat mavjud. Shulardan eng muhimi, BMT Bosh assambleyasining rezolyutsiyasi bilan 1948 yil 10 dekabrda qabul qilingan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi hisoblanadi. Butun dunyoda inson huquqlariga taalluqli bo‘lgan qonun hujjatlari mana shu BMTning hujjati asosida ishlab chiqilib, qabul qilingan.
Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi barcha mamlakatlar kabi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ham o‘zagini tashkil etadi va mamlakatimiz asosiy qomusining yaratilishi inson huquqlariga oid qonunchilik tizimining uchinchi bosqichiga to‘g‘ri keladi.
Ma’lumki, joriy yilning 30 aprel kuni mamlakatimizda birinchi marotaba umumxalq referendumi orqali yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilindi. Asosiy qonunimizning 65 foizi xalq muhokamasi va takliflari asosida yangilanib, Inson huquqlariga oid normalar 3 barobarga oshirildi. Shu nuqtai nazardan yondashilsa, inson huquqlarining deyarli barcha moddalari Konstitutsiyamizda o‘z aksini topgan desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining moddalarini qaraydigan bo‘lsak, ular O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasidagi normalar bilan uyg‘un ekanligini ko‘rishimiz mumkin.
Jumladan, Deklaratsiyaning 3-moddasida “Har bir inson yashash, erkin bo‘lish va shaxsiy daxlsizlik huquqlariga egadir”, deyilgan. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 25-moddasida esa “Yashash huquqi har bir insonning uzviy huquqidir. Inson hayotiga suiqasd qilish eng og‘ir jinoyatdir”, deb belgilangan.
Ta’kidlash joizki, har ikkala hujjatda yuqorida qayd etilgan huquqlar har bir insonning fundamental huquqlari ekanligi mustahkamlangan.
Shuningdek, Deklaratsiyaning 5-moddasida hech kimning qiynoqqa yoki shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni xo‘rlovchi muomala va jazoga duchor etilmasligi kerakligi belgilangan bo‘lsa, Konstitutsiyamizning 26-moddasida insonning sha’ni va qadr-qimmati daxlsiz ekani, hech narsa ularni kamsitish uchun asos bo‘lishi mumkin emasligi qayd etilgan. Shu bilan birga, hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka shafqatsiz yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa tarzdagi tazyiqqa duchor etilishi mumkin emasligi qat’iy belgilangan.
Hech kim asossiz qamalishi, ushlanishi yoki quvg‘in qilinishi mumkin emasligiga oid normalar Deklaratsiyaning 9-moddasida, Yangilangan Konstitutsiyamizning esa 27-moddasida mustahkamlangan.
Bosh qomusimizning 28-moddasiga ko‘ra, jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan shaxs uning aybi qonunda nazarda tutilgan tartibda oshkora sud muhokamasi yo‘li bilan isbotlanmaguncha va sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan aniqlanmaguncha aybsiz, deb hisoblanadi. Ayblanuvchiga o‘zini himoya qilish uchun barcha imkoniyatlar ta’minlanadi. Ushbu norma Deklaratsiyaning 11-moddasida belgilangan.
Yuqoridagi ma’lumotlar mamlakatimiz Konstitutsiyasi Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining asosiy g‘oya va qoidalarini o‘zida mujassamlashtirgan hamda zamon va makonga mos ravishda takomillashtirilganini so‘zsiz tasdiqlaydi. Bu esa milliy qonunchiligimiz dunyo miqyosda tan olingan huquq va erkinliklar hamda xalqaro standartlar asosida shakllantirilayotganligini bildiradi.
Shuhrat Jo‘rayev,
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili
(ombudsman)ning Navoiy viloyatidagi mintaqaviy vakili.
O‘zA