Deklaratsiya taqdim etish davom etmoqda
Mamlakatimiz fuqarolari Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga asosan 2018 yil yakunlari boʻyicha asosiy ish joyi boʻlmagan boshqa manbalardan olgan daromadlari toʻgʻrisida joriy yil 1 aprelga qadar deklaratsiya topshirishlari belgilangan.
Mamlakatimiz fuqarolari Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga asosan 2018 yil yakunlari boʻyicha asosiy ish joyi boʻlmagan boshqa manbalardan olgan daromadlari toʻgʻrisida joriy yil 1 aprelga qadar deklaratsiya topshirishlari belgilangan.Xoʻsh, deklaratsiyani kimlar taqdim etadi?
– Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 189-moddasiga asosan quyidagilar tomonidan deklaratsiya taqdim etilishi belgilangan, – deydi Andijon viloyati davlat soliq boshqarmasi katta inspektori Dilmurod Parpiyev:
– mulkiy daromad olgan, yaʼni foiz va dividend koʻrinishida, mol-mulkini ijaraga berib daromad olgan va boshqalar (agar bu daromadlarga toʻlov manbaida soliq solinmagan boʻlsa);
– fan, adabiyot va sanʼat asarlarini yaratgani hamda ulardan foydalangani uchun mualliflik haqi tariqasida daromad olgan;
– asosiy boʻlmagan ish joyidan moddiy naf tarzidagi daromad olgan (masalan, yuridik shaxs tomonidan tovarlar (ishlar, xizmatlar) haqi toʻlab berilgan boʻlsa);
– ikki yoki undan koʻp manbadan soliq solinadigan daromad olgan;
– Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqaridagi manbalardan daromad olgan;
– soliq agentlari boʻlmagan manbalardan daromad olgan Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari jami yillik daromadlari toʻgʻrisida deklaratsiya topshirishlari lozim.
Belgilangan tartibga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi rezidenti boʻlgan chet ellik jismoniy shaxslar ham oʻtgan soliq davri uchun daromadlar toʻgʻrisida joriy yil 1 aprelgacha deklaratsiya taqdim etadi.
Bu borada Andijon viloyati davlat soliq idoralari tomonidan ishlar samarali tashkil etilgan. Deklaratsiya topshirishi lozim boʻlgan fuqarolarga qulaylik yaratish, ularda masʼuliyat hissini shakllantirish maqsadida aholi orasida targʻibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda.
Viloyatdagi har bir davlat soliq inspeksiyasida deklaratsiyalarni toʻgʻri toʻldirish boʻyicha ochiq eshik kunlari oʻtkazilmoqda. Bundan tashqari, seminarlar tashkil etilib, malakali mutaxassislar tomonidan fuqarolarga zarur tavsiya va maslahatlar berilayotir.
Belgilangan muddat qisqarib, deklaratsiya topshiruvchilar soni ortib borayotgani hisobga olinib, odamlarning vaqtini tejash maqsadida “Soliq servis” davlat unitar korxonasining hududiy boʻlimlari tomonidan ham deklaratsiya qabul qilinishi yoʻlga qoʻyildi. Viloyat boʻyicha bir kunda oʻrtacha mingdan ortiq fuqarodan deklaratsiya qabul qilinmoqda.
Ayni kunga qadar viloyat boʻyicha 30 mingga yaqin fuqaro deklaratsiya taqdim etdi.