Dehqonobodda sel suvlari “jilovlanadigan” bo‘ldi
Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumani tog‘ va tog‘ oldi hudud bo‘lib, bahor oylarida yog‘ingarchilik tufayli sel toshqinlari yuzaga keladi. Tabiat hodisasi tufayli daryo o‘zanlariga va sel suvlari oqib o‘tadigan joylarga yaqin joylashgan aholi punktlari jabr ko‘radi. Ba’zan ko‘priklar buzilib ketadi. Ammo ushbu sel suvlarini jilovlay olinsa, to‘g‘ri maqsadlarda, samarali foydalanish ham mumkin. Boisi bugun qishloq xo‘jaligi uchun bir tomchi suvning ham qadri baland.
Kuni kecha tumanda yangidan qayta rekonstruksiya qilingan “Dehqonobod” sel suv ombori keng jamoatchilik ishtirokida foydalanishga topshirildi. Ta’kidlash lozimki, “Dehqonobod” sel suv ombori 1982 yilda qurib foydalanishga topshirilgan bo‘lib, loyihaviy hajmi 15,4 million metr kub suv yig‘ishga mo‘ljallangan edi. Mazkur sel suv ombori uzoq yillar davomida foydalanilishi natijasida suv omborga loyqa va cho‘kindilar yig‘ilib, foydali suv hajmi 12,4 million metr kubga kamayib, atigi 3 million kub metr suv yig‘ish hajmi bilan foydalanish quvvatini yo‘qotgan edi.
Ushbu suv omborining qurilishi Dehqonobod tumanidagi eng dolzarb masalalardan biri bo‘lib, tumandagi 29 ming gektar aholi tomorqa maydonlari va 1,6 ming gektar maydonlarda suv ta’minoti uchun juda zarur hisoblangan. Shunga asosan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qator topshiriqlari asosida Respublika byudjetining 66 milliard 706 million so‘m mablag‘lari hisobidan 2017-2022 yillarda “Dehqonobod” sel suv ombori hajmini 20 million metr kubga oshirish bo‘yicha qurish va rekonstruksiya qilish ishlari boshlangan.
[gallery-11371]
2020-2022 yillarda Davlat rahbari tomonidan Qashqadaryo viloyatiga tashrif davomida agrar sohadagi ushbu dolzarb masala ko‘tarilib, barcha imkoniyatlarni ishga solib suv omborini qurish ishlarini jadallashtirish, aholi farovonligi va oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlash maqsadida joriy yilda suv omborining qurilish ishlarini yakunlash bo‘yicha alohida topshiriqlar berilgan edi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, qurilish ishlari “Qashqadaryosuvqurilishinvest” davlat muassasasi buyurtmachiligida pudratchi korxona “Yakkabog‘ qo‘rg‘oni” qurilish injiniring kompaniyasi tomonidan olib borildi. Hozirgi kunda qurish va rekonstruksiya qilish ishlari yakunlandi. Qurilish ishlarida suv ombor to‘g‘onining balandligi 7 metr (931 sath belgisiga) ko‘tarildi. Suv ombor qiyaligida 20 santimetr qalinlikda monolit temir-beton yotqizish ishlari bajarildi. Favqulodda suv tashlama inshootining kirish va chiqish qismlari qayta qurildi, suv chiqaruvchi inshoot qayta rekonstruksiya qilindi. Suv omborining texnik holatini kuzatib borish uchun 48 dona kuzatuv (p’ezometr) quduqlari va 2 ta qorovulxona binosi qurildi. To‘g‘on va suv ombori atrofi 3 kilometr uzunlikda tikanli himoya simlar bilan o‘rab chiqildi. 38 dona yoritish ustunlari o‘rnatildi va suv ombori atrofi obodonlashtirilib, yirik suv xo‘jaligi ob’ekti ko‘rinishiga keltirildi.
Buning natijasida, suv yig‘ish quvvatini yo‘qotgan Dehqonobod sel suv omborining foydali suv yig‘ish hajmi 20 million metr kubga oshirilib, tumandagi 22 ta qishloqdagi 29 ming aholining tomorqa maydonlari oqar suvga bo‘lgan ehtiyoji qondirilishiga, 10 dan ortiq ishlab chiqarish korxonalariga qo‘shimcha suv berilishiga va 1,6 ming gektar yer maydonlari ishonchli suv bilan ta’minlanishiga zamin yaratiladi.
Ob’ektni foydalanishga topshirish munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda viloyat hokimi M.Azimov va boshqalar ishtirok etdi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov O‘zA.