Dehqonobod qirlarida endi uzum yetishtiriladi
Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanida joylashgan Oqtosh mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi Oqtosh, Terskay, Quvvat, Oqqishloq, Jiydabuloq, Beliboyli kabi qishloqlar dengiz sathidan 1 ming 200 metr balandlikdagi tog‘oldi qir-adirlarda joylashgan. bugungi kunga qadar hudud aholisining asosiy daromadi chorvachilikdan bo‘lgan.
Bundan tashqari mazkur qishloqlar atrofidagi ming gektarlab lalmi yerlar sanoqligina fermer xo‘jaliklariga tegishli bo‘lgan. Xalqning dehqonchilik qilishi uchun umuman imkoniyat bo‘lmagan.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ijtimoiy himoyaga muhtoj, ishsiz oilalarga va yoshlarga qishloq hududlarida dehqonchilik uchun yer ajratib berish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Mana shu islohotlar doirasida Dehqonobod tumanida qator samarali ishlar amalga oshirib kelinmoqda.

– Birinchi navbatda yoshlar masalasi bo‘yicha fermer xo‘jaliklari hisobidan 430 gektar ekin ekilgan tayyor yerlarni 830 nafar yoshga tarqatdik va bandligini ta’minladik, – deydi tuman hokimining qishloq xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Baxtiyor Berdiyev. – Bundan tashqari Oqtosh MFY hududida hozirgi kunda 200 gektar uzumzor tashkil etilgan bo‘lib, qator oralarini ham uch yilgacha ekin ekib foydalanishi uchun «Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari»ga kiritilgan 200 nafar aholi vakillariga bir gektardan ajratib berdik.
Darhaqiqat, ushbu hududda tadbirkor Alisher Xolmirzayev tomonidan «Isloh sayohat» ishlab chiqarish kooperatsiyasi faoliyati yo‘lga qo‘yilib, 1000 gektar maydonda uzumchilik xo‘jaligi tashkil etiladi. Ayni paytda ekin ekish uchun tayyorlangan yerlar hajmi 650 gektarga yaqinlashgan bo‘lib, shundan 200 gektariga mayizbop uzum ko‘chatlari qadalgan.
– Hozircha, o‘zlashtirilgan yerlarning 200 gektariga tok ko‘chatlarini ekkanmiz, – deydi A.Xolmirzayev. – Ko‘chatlarimiz ko‘karishni boshladi. Hududga yaqin buloqlardan yelim quvurlar orqali suv keltirib, tomchilatib sug‘orish tizimini yo‘lga qo‘yganmiz. Kelgusida ajratilgan yerlarga artezian quduqlari quramiz va 1000 gektarda uzumzor tashkil qilamiz. Maqsad, hudud ahli bandligini ta’minlash va mayiz eksportini yo‘lga qo‘yishdir.
Ayni paytda uzumzor bo‘ylab ajratilgan qator oralariga aholi vakillari lalmi kartoshka va lalmi qovun-tarvuz ekish ishlarini boshlab yuborgan.

– Yetti nafar farzandim bor, – deydi Nargiza Rajabova. – Uyda bekor edik. Ishlaylik, desak biror korxona ham yo‘q. Hududimizda biz kabi ishsiz fuqarolar uchun bir gektardan yer ajratilgani ayni muddao bo‘ldi. Oila a’zolarimiz bilan birga mehnat qilib, bizga biriktirilgan yerga lalmi kartoshka urug‘ini qadadik. Eng muhimi, uch yilgacha hech qanday soliqlar olinmas ekan. Bu joylarda yerning namligi yuqori bo‘lgani uchun kartoshka mo‘l hosil berishini sinovdan o‘tkazganmiz. Shu bois nasib etsa, yaxshi hosil olishni mo‘ljallayapmiz. Albatta, olingan daromad oila byudjetiga foyda bo‘ladi.
Dehqonlar tili bilan aytganda dam olib yotgan yerning hosildorligi yuqori bo‘ladi. Oqtoshlik mehnatkash dehqonlar esa buni yaxshi biladi.
O‘.Barotov,O‘zA