Dehqon dalasidan qolmaydi
Dehqonchilik shunday kasbki, uni urushmi, tabiiy ofatmi yoki bugungidek baloi ofat boʻladimi – har qanday sharoitda ham uni bir kungagina boʻlsa-da toʻxtatib qoʻyib boʻlmaydi.
El boshiga ish tushganda...
Dehqonchilik shunday kasbki, uni urushmi, tabiiy ofatmi yoki bugungidek baloi ofat boʻladimi – har qanday sharoitda ham uni bir kungagina boʻlsa-da toʻxtatib qoʻyib boʻlmaydi. Chunki, dehqon el-yurtning rizq-roʻzini yetishtiradi.
Xuddi shuningdek, butun dunyoni koronavirus kasalligi tahlikaga solib turgan bugungi sharoitda ham biz oʻz burchimizni, vazifamizni unutishga aslo haqqimiz yoʻq. Bu ofatning payini qirqish boʻyicha davlatimiz rahbari, hukumati tomonidan barcha zarur choralar koʻrilmoqda.
Xalqimizdan faqat birdamlik, hamjihatlik, koʻrilayotgan ehtiyot choralariga nisbatan ongli ravishda toʻgʻri munosabat va intizom talab etilmoqda xolos.
Biz dehqonlar esa aslo tushkunlikka, vahimaga berilmagan va albatta tavsiya qilinayotgan ehtiyot choralariga rioya qilgan holda ishimizni davom ettirishimiz kerak. Zero, hayot davom etayapti. Ertangi kunimiz, bozorlarda qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat mahsulotlarining serb va narxi barqaror boʻlishi asosan bizning bugungi mehnatimizga bogʻliq.
Biz bugun ham daladamiz. 48,6 gektar yerni pushta olib, yaxob suvi berishni yakunlab, ekishga tayyor qilib qoʻydik. Bugun-erta yetilishi bilan chigit ekishni boshlaymiz. Jamoamizning 15 nafar aʼzosi sira ham tushkunlikka berilmay, odatdagidek astoydil mehnat qilmoqda. Ularga dala shiyponimizda tushlik qilib, hordiq chiqarish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Shiyponda koronavirus infeksiyasi profilaktikasi taalluqli zarur choralar koʻrilgan: yuz-qoʻlni yuvish uchun issiq suv, sovun, suyuq sovun, antiseptik vositalar bilan taʼminlangan. Ovqatlanish joylari, oshxona va boshqa xonalar har kuni xlorli suv bilan yuvilmoqda. Ishchilarimiz ongi ravishda tibbiy niqob bilan ish yurmoqda.
Joriy yilda 88,6 gektar maydonda paxta va gʻalla yetishtirish, hosildorlikni paxtadan 50, gʻalladan 70 sentnerga yetkazishni rejalashtirganmiz. Ayni paytda bugʻdoyni oxirgi oʻgʻit bilan oziqlantirish, sugʻorish ishlari qizgʻin davom etmoqda.
Bundan tashqari deputat sifatida koronavirus profilaktikasi targʻibot tadbirlariga vaqt ajratib, yurtdoshlarimizni hamjihatlikka undab turibmiz.
Ilxomjon ZIYOVIDDINOV.
Xalq deputatlari Namangan viloyati kengashi deputati.