Defoliatsiya – g‘o‘za parvarishida muhim jarayon
Ayni kunlarda g‘o‘za parvarishida so‘nggi tadbirlar olib borilmoqda. Boisi hademay paxta yig‘im-terim mavsumi boshlanadi. Kunlar esa tobora salqinlashib boryapti.
Shu bois paxta dalalarida defoliatsiya tadbirlarini o‘tkazish muhim jarayon.
Joriy yilda Qashqadaryo viloyatida 133 ming 50 gektar maydonda g‘o‘za yetishtirilib, shundan 123 ming 558 gektar g‘o‘za maydonida defoliatsiya o‘tkazish rejalashtirilgan. Jarayonga 523 ta OVX texnikalari (purkagichli traktorlar) jalb qilingan.

Ayni paytda barcha tegishli soha vakillari tomonidan defoliatsiya tadbirlari uyushqoqlik bilan amalga oshirilmoqda.
G‘o‘za maydonlaridagi hosilga hosil qo‘shadigan muhim tadbirda O‘simliklar karantini va himoyasi sohasi mutaxassislari, fermerlar, traktorchi-mexaniklar 24/7 rejimida jadallik bilan ishlamoqda. Mas’ullarning ma’lum qilishicha, defoliantlar zaxirasi yetarli darajada.
Defoliatsiya – hosilni mashinalar yordamida yig‘ib-terib olishni osonlashtirish uchun o‘simlik barglarini sun’iy ravishda to‘ktirish.

– Bu jarayonda kimyoviy moddalar – defoliatsiyadan foydalaniladi, ular o‘simliklar bargida qarish yoki tabiiy to‘kilish yuz beradigan jarayonlarga o‘xshash hodisalarni sodir etadi, – deydi viloyat O‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi boshlig‘i G‘ayrat Jo‘rayev. – Bunda barglarda xlorofill miqdori kamayadi, fotosintez keskin susayadi, organik moddalar hosil bo‘lish jarayoni buziladi, suv bug‘lanishi kuchayadi, oqsil va boshqa birikmalar parchalanishidan hosil bo‘ladigan mahsulotlar ko‘payadi. Bu birikmalar barg plastinkasi orqali oqib, barg bandi ajratuvchi qavat hujayralarining yakkalanib qolishiga olib keladi va barg o‘z og‘irligi ta’sirida to‘kiladi. Barglar kimyoviy preparatlar yordamida to‘kilsa, ekin qator oralaridan shamol o‘tishi yaxshilanadi, havoning nisbiy namligi kamayadi. Defoliatsiyadan so‘ng barglar uzog‘i bilan 10 - 12 kunda qurib to‘kiladi. Terimga kadar 20 sutka oldin g‘o‘za, manzarali va mevali daraxtlar, vino olishga mo‘ljallangan tokzor, urug‘lik lyupin, evkommiya va boshqalarni defoliatsiya qilish yaxshi natija beradi.
G‘o‘zani defoliatsiya qilish o‘simlik ochilgan ko‘saklar soniga qarab o‘tkaziladi. Barvaqt yoki kechikib qilingan defoliatsiya natijasida to‘la shakllanmagan ko‘saklarga oziq moddalar yetib bormaydi, ular qurib, to‘kilib ketadi, natijada paxta hosili kamayadi, tola hamda urug‘lik chigit sifati yomonlashadi. Ayniqsa, havoning o‘rtacha sutkalik harorati 15° va undan past, kechikkan defoliatsiyada barglar to‘liq to‘kilmaydi.
Dori purkash normasi g‘o‘zaning turi, navi, bo‘yi, hosil shoxlari soni, ularning qay darajada rivojlanganligi, ko‘chat qalinligi, ishlov berish muddatlari, kuzning kelishi, xullas, barcha shart-sharoitlar hisobga olingan holda aniq belgilanishi kerak. Bunda har bir g‘o‘za paykali uchun alohida norma va muddatlar belgilanadi.
G‘o‘zani o‘z vaqtida defoliatsiya va desikatsiya qilish paxta hosilini mashinalar yordamida terib olish uchun sharoit yaratadi, hosilning asosiy qismini sovuq tushgunga qadar terib olishga imkon beradi. Defoliatsiyadan so‘ng paxta terish mashinalarining ish unumdorligi 15-20 foiz oshadi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri