Davomat masalasi kun tartibida: “aqlli” kameralar nima beradi?
Bugungi kunda ta’lim tizimida raqamlashtirish jarayonlari izchil davom etmoqda. Shu bilan birga, maktablarda zamonaviy texnologiyalardan foydalanish, jumladan, “aqlli” kameralar orqali o‘quvchilar davomatini nazorat qilish masalasi ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Mazkur holat yuzasidan vakolatli tashkilotlar rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, bu borada Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi hamda O‘zbekiston mahallalari uyushmasining 2025-yil 18-sentabrdagi qo‘shma qarori bilan tasdiqlangan tegishli Nizom mavjud.
Nizom talablariga ko‘ra, maktab o‘quvchilarining davomati sinf miqyosida fan o‘qituvchilari va sinf rahbarlari tomonidan “e-maktab” platformasi orqali har kuni belgilab boriladi.
Shuningdek, maktabda faoliyat yurituvchi inspektor-psixolog tomonidan sababsiz dars qoldiruvchi o‘quvchilarning ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarga dastlab o‘rnatilgan tartibda rasmiy ogohlantirish xati yuboriladi.
Bunda ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslardan o‘quvchining maktabga ta’lim olish uchun muntazam borishini ta’minlash so‘raladi hamda mazkur qonuniy talabni bajarmaslik ularga nisbatan tegishli qonuniy javobgarlik belgilanishiga sabab bo‘lishi haqida ogohlantiriladi.
Bundan tashqari o‘quvchilarning muntazam ravishda darslarga qatnashmaslik holatlari aniqlanganda, ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasiga ko‘ra tegishli javobgarlikka tortish chorasi ko‘riladi.
Ayni vaqtda poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi ayrim maktablarga sinov tariqasida o‘rnatilayotgan “aqlli” kameralar mazkur jarayonlarni yanada samarali tashkil etishda maktab ma’muriyatiga ko‘mak berishi tabiiy.
Bu esa nafaqat maktab jamoasi, balki ota-onalarning ham o‘z farzandlarini ta’lim olishi va darslarga qatnashishini onlayn nazorat qilish, shuningdek, ularning xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasiga asosan ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik, shu jumladan, voyaga yetmagan bolalarning ma’muriy huquqbuzarlik sodir etishiga olib kelishi — bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan besh baravarigacha miqdorda, xuddi shunday huquqbuzarliklar ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilgandan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa — bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA