Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis palatalari qo‘shma majlisida joylarda saylovchilar bilan uchrashuvlarda aytib o‘tgan muhim vazifalarga yana bir bor e’tibor qaratdi.
Ya’ni, oldimizda turgan eng dolzarb vazifalar — xalqimiz turmush darajasini yangi bosqichga olib chiqish hamda boshqa davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan ikki va ko‘p tomonlama munosabatlarni rivojlantirishga qaratilgan tinchliksevar tashqi siyosatni izchil davom ettirishdan iboratdir.
Sir emas, keyingi yetti yillikda yangi O‘zbekiston dunyoga yangi qiyofa bilan tanildi. Xorijiy mamlakatlar, xalqaro tashkilotlarning respublikamizga bo‘lgan munosabati, ta’bir joiz bo‘lsa, bahosi o‘zgardi.
Xalqaro reyting va indekslarda o‘rnimiz yuqoriladi. Qo‘shnilar bilan do‘stona aloqalarimiz yangi bosqichga ko‘tarildi. Qardosh xalqlar bemalol, hech bir qiyinchiliksiz chegaralardan o‘tib, mehmonga bormoqda va kelmoqda.
Bugungi davrning o‘zi ushbu yo‘nalishlardagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqishni talab etmoqda. Shu bois qasamyod marosimida Prezidentimiz bu boradagi sa’y-harakatlarni barqaror davom ettirish zarurligini yana bir bor ta’kidladi. Ayni chog‘da uzoq va yaqin davlatlar bilan do‘stlik aloqalari va o‘zaro hamkorlik barcha sohada rivojlantirilishiga alohida urg‘u berdi.
Ma’lumki, bugun dunyo ayvonida vaziyat o‘ta murakkab. Barchamiz turli qarama-qarshilik va ziddiyatlar, kerak bo‘lsa, to‘qnashuvlar guvohi bo‘lib turibmiz. Mana shunday sharoitda O‘zbekiston qanday yo‘l tutishi kerak, degan tabiiy savol tug‘iladi. Majlisda davlatimiz rahbari aniq va lo‘nda qilib aytganidek, bosh maqsadimiz — O‘zbekistonning davlat mustaqilligi, uning sarhadi daxlsizligi va hududiy yaxlitligini yanada mustahkamlashdan iborat bo‘ladi. Chunki har qanday davlat uchun, har qaysi xalq uchun tinchlik va osoyishtalik eng aziz ne’mat hisoblanadi.
Xo‘sh, ushbu ulkan maqsadga erishish uchun nima qilishimiz kerak?
Mazkur yo‘nalishdagi vazifalar ham aniq-tiniq belgilab berildi.
Avvalo, Qurolli Kuchlarimizning qudrati, mudofaa qobiliyatimiz va harbiy salohiyatimizni yanada oshirish maqsadida milliy armiyamizni 2030 yilga qadar eng zamonaviy qurol-aslaha va harbiy texnika bilan ta’minlash vazifasi belgilandi.
Ikkinchidan, qo‘shinlar jangovar ruhi va salohiyatini yuksaltirish, yetuk harbiy xizmatchilarni tayyorlash, shuningdek, harbiy xizmatchilarni ijtimoiy-huquqiy himoya qilish bugun nihoyatda dolzarb.
Uchinchidan, harbiy-jangovar qudrat va yuksak ma’naviy salohiyatni O‘zbekiston Qurolli Kuchlarining ikki buyuk tayanchiga aylantirish vazifasi oldimizda turibdi.
To‘rtinchidan, harbiy xizmatchilarni, maktab, texnikum va oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olayotgan farzandlarimizni, umuman, barcha yoshlarimizni tariximiz va ma’rifatparvar ajdodlarimiz merosi asosida tarbiyalash uchun zarur sharoit yaratishimiz kerak bo‘ladi.
Shuningdek, majlisda Prezidentimiz tomonidan yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida kamolga yetkazish hamda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat g‘oyasi atrofida birlashtirish masalasiga ham to‘xtalib o‘tildiki, ushbu masala bugungi tahlikali davrda qanchalik dolzarbligini tushunish qiyin emas.
E’tiborlisi, ta’kidlab o‘tilgan yo‘nalishda maxsus dastur asosida ish olib boriladi.
Shulardan kelib chiqib aytish mumkinki, yurtimizda yoshlarga bo‘layotgan e’tibor kelgusi yillarda yanada kuchayadi. Pirovardida ertamiz egalari bo‘lgan yoshlarimiz o‘zlarini har jabhada to‘liq namoyon etadi. Bunga ishonchimiz komil.
Qutbiddin BURHONOV,
Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi.
O‘zA