Surxondaryo viloyatida 2021-2022 yillarda umumiy qiymati 16 trillion 800 milliard so‘m (yoki 1,6 milliard dollar) bo‘lgan 1 ming 177 ta hududiy investitsiya loyihalari amalga oshiriladi. Bu 25 mingta muqim yangi ish o‘rinlari degani.
Jumladan, viloyat sanoatining asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan ko‘mir ishlab chiqarish bo‘yicha “Sharg‘unko‘mir” jamiyatida qiymati 95 million dollarlik yiliga
900 ming tonnagacha toshko‘mir qazib chiqarish quvvatiga ega loyiha ishga tushiriladi.
Qurilish materiallari sanoatida qiymati 337 million dollar bo‘lgan 170 ta, to‘qimachilikda 149 million dollarlik 42 ta loyiha amalga oshiriladi.
Termiz tumanida joriy yilda “Indenim tekstil” korxonasida yiliga 10 million dona tayyor mahsulot, Qiziriq tumanida “Qiziriq tekstil” korxonasida 4 million dona tayyor mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Natijada viloyatda ip-kalavani qayta ishlash darajasi 14 foizdan 30 foizga yetkaziladi.
Charm-poyabzal sanoatida jami 13 million dollarlik 5 ta, elektrotexnika sanoatida 23 million dollarlik 10 ta loyiha hayotga tatbiq etiladi.
Prezidentimiz viloyatda qurilish materiallari, yengil, charm, oziq-ovqat, elektrotexnika, mahalliy sanoat kabi “drayver” sohalarni jadal rivojlantirish va yangi loyihalarni ko‘paytirish, qurilish materiallari uchun xomashyo resurslaridan samarali foydalanish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Qurilish materiallari korxonalari uchun o‘z mahsulotini eksport qilishda transport xarajatlari va kredit foizlarini qisman qoplab berish kabi imtiyozlarni joriy qilish taklif etildi.
O‘zA