Davlat xizmatlari: xalqaro hamkorlik samaralari
Jizzax shahrida DXM direktorlari hamda xodimlari uchun xalqaro hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyiha doirasida “Davlat xizmatlarini ko‘rsatishning hozirgi holati va muammolari” mavzuida seminar-trening tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi davlat xizmatlari agentligi Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi va Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikda “Davlat xizmatlari ko‘rsatishni takomillashtirish va qishloq joylarda boshqaruv darajasini oshirish” loyihasini amalga oshirmoqda.
Ushbu loyihani amalga oshirishda Jizzax viloyatining Baxmal, Surxondaryo viloyatining Sariosiyo, Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod, Sirdaryo viloyatining Xovos tumanlari va Toshkent viloyatidagi Nurafshon shahri davlat xizmatlari markazlari tajriba tariqasida tanlab olingan.
Loyihadan ko‘zlangan maqsad tajriba sifatida tanlab olingan ushbu hududlarda aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatishning joriy holatini tavsiflash, bunday xizmatlar sifatini oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish va davlat xizmatlari markazlari xodimlarining salohiyatini oshirishdir.
Jumladan, loyiha tajribasi ishtirokchisi sifatida tanlab olingan Baxmal tumani Respublikamizning eng olis chekka hududlaridan biri hisoblanadi. Shu bois DXM xizmatlarini ommalashtirish orqali olis qishloqlar aholisini, ayniqsa ayollarni qo‘llab-quvvatlash, innovatsion g‘oyalar, raqamli ko‘nikmalar markazlarini tuzish kabi qator yo‘nalishlarda ushbu hudud uchun juda muhim ahamiyatga ega.
Ushbu seminar-treningda mutasaddilar BMT Taraqqiyot dasturi loyihasi doirasida qanday ishlar amalga oshirilayotganligi to‘g‘risida axborot berdi. DXM faoliyatini takomillashtirish, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish bo‘yicha takliflar muhokama etildi.

– Davlat xizmatlari agentligi tizimida kadrlar malakasini oshirishga alohida e’tibor qaratiladi, – deydi loyiha menejeri Abror Xodjayev. – Yevropa ittifoqi va BMT Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikdagi loyihani amalga oshirishda bu jihat alohida hisobga olingan. Shu maqsadda tanlab olingan hududlar davlat xizmatlari markazlari xodimlari uchun seminarlar o‘tkazib kelinayotir.
Shuningdek, qo‘shma loyiha doirasida tajriba sifatida tanlab olingan davlat xizmatlari markazlarini zamonaviy uskunalar bilan jihozlash uchun ham nazarda tutilgan. Bu yordam davlat xizmatlarini ko‘rsatish mexanizmlarining barqarorligini ta’minlashga hissa qo‘shadi.
Seminar-trening davomida ma’lum qilinishicha, ayni paytda loyiha doirasida tanlab olingan hudular davlat xizmatlari markazlari uchun umumiy qiymati qariyb 178 ming AQSH dollarini tashkil etuvchi 200 dona axborot-kommunikatsiya texnologiyalari uskunalarini sotib olinib, agentlikka taqdim qilingan.
T. BEKNAZAROV, O‘zA