Davlat xizmatlari tizimi: amaliyot va raqamlashtirish
Mamlakatimizda elektron hukumatni qurish, davlat organlari faoliyatini raqamlashtirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiq va shaffofligini ta’minlash, korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi faoliyatini takomillashtirishda tizimni raqamlashtirish, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash tizimini joriy etish muhim ahamiyat kasb etadi.
Ayniqsa, korrupsiyaviy omillarni aniqlash, baholash va bartaraf etishda tegishli sohalarni raqamlashtirish va ta’sirchan jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yish mazkur yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini yanada oshiradi.
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida” gi qonuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 11 maydagi “Davlat boshqaruvi sohasida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etish mexanizmlarini takomillashtirish va ushbu sohada jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori ijrosi doirasida vazirlik va idoralar hamda mahalliy ijro hokimliklaridagi inson resurslarini boshqarish faoliyatini to‘liq raqamlashtirish maqsadida hrm.argos.uz elektron dasturi ishga tushirilgan bo‘lib, hozirgi kunda tizimga 4 mingga yaqin davlat organlari va tashkilotlar ulangan.
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi hamda UZINFOCOM hamkorlikda tizimga ulangan tashkilotlar mutaxassislari uchun tizimda ishlash, inson resurslarini boshqarish bo‘yicha doimiy ravishda seminarlar o‘tkazib kelinadi. Jumladan, Agentlikning Andijon viloyati filiali tomonidan 16 ta tuman, shahar hokimliklari, shuningdek, boshqarma va tashkilotlarning inson resurslarini boshqarish sohasi xodimlari uchun zoom platformasi orqali qator seminarlar tashkil etildi.
O‘tkazilgan seminarlarda kadrlarga oid ma’lumotlarni raqamlashtirish, uning ahamiyati va afzalliklari, elektron dastur bilan ishlash mexanizmlari haqida keng tushuncha va ma’lumotlar berildi. Shu o‘rinda alohida ta’kidlash kerakki, davlat idoralari va korxonalarida inson resurslarini boshqarish faoliyatining raqamlashtirilishi, hrm.argos.uz axborot tizimining ishga tushirilishi natijasida qog‘oz sarfi kamayadi, vaqt tejaladi, kadrlar bilan ishlash jarayonini tezkor boshqarish imkoni yaratiladi, axborot xavfsizligi ta’minlanadi, shuningdek, davlat organlari va tashkilotlarining barcha xodimlari bo‘yicha yagona markazlashtirilgan ma’lumotlar bazasi shakllanadi. Bu albatta, ish sifati va unumdorligini keskin oshiradi.
Faoliyatni raqamlashtirish, markazlashgan axborot tizimiga ulanish oldimizga yana bir muhim vazifani qo‘yadi. Ya’ni axborot xavfsizligini ta’minlash masalasini. Axborot texnologiyalari asrida axborotning muhimligi qanchalik ahamiyatli bo‘lsa, uni himoyalash masalasi ham dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi. Axborot xavfsizligi yetarli darajada ta’minlanmaganligi bilan bog‘liq hodisalari tufayli keladigan zarar tashkilot, muassasa taqdiriga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Hukumatning tegishli qarorlari va axborot xavfsizligi sohasidagi standartlarga muvofiq, har bir tashkilotda axborot xavfsizligi siyosatini ishlab chiqish va joriy qilinishi bo‘yicha tartiblar, talablar ishlab chiqilgan. Xususan, O‘z DSt ISO/IEC 27002 standartining 5-bobida axborot xavfsizligi siyosatini ishlab chiqish bo‘yicha talablar belgilangan.
Xo‘sh axborot xavfsizligi siyosati nima, u qanday joriy etiladi?
Axborot xavfsizligi siyosati – bu tashkilot yoki tashkilot xodimlari axborot resurslarini himoya qilish uchun kundalik amaliyotida amal qiladigan chora-tadbirlar, qoidalar va tamoyillar to‘plami. Axborot xavfsizligi siyosati asoslarini ishlab chiqishda eng avvalo, tashkilotda axborot xavfsizligini ta’minlashning maqsad va vazifalari belgilab olinadi. Axborot xavfsizligini ta’minlash muhimligini mehnat jamoasining har bir mutasaddi xodimi chuqur anglashi, mazkur jarayonga mas’ul ekanligini tushunib yetishi kerak. Faoliyat yuritayotgan har bir xodim nafaqat ma’lumotlar chiqib ketishini tekshiruvchi, balki kompaniya xatarlarini minimallashtirishga yordamlashuvchi, zimmasiga muayyan burch va vazifalar yuklatilgan mas’uliyatli shaxs ekanligini his etishi lozim.
Yuqoridagi kabi qator vazifalar, talablarning bajarilishi bilan tashkilotda axborot xavfsizligi ta’minlanadi. Faoliyatni raqamlashtirish jarayonida ushbu masalaga alohida e’tibor qaratish muhim hisoblanadi.
Muhammadjon Mamurjonov,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti xuzuridagi
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi
Andijon viloyat filiali yetakchi inspektori.
O‘zA.