Davlat xizmatlari: sifat va samaradorlik
Namanganda Davlat xizmatlari agentligi tashkil topganiga 3 yil to‘lishi munosabati bilan viloyatda faoliyat yuritayotgan ommaviy axborot vositalari xodimlari va blogerlar uchun media-tur o‘tkazildi.
Tadbir ishtirokchilari kun davomida Davlat xizmatlari markazi va uning fililalari hamda fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limi faoliyati, ularda yaratilgan sharoitlar, aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar bilan tanishdi.
Joriy yilning mart oyida qurib foydalanishga topshirilgan Namangan shahar Davlat xizmatlari markazining “Orzu” filiali ayni paytda Orzu massivi va unga yondosh bo‘lgan 12 ta mahalla hududlarida istiqomat qiluvchi 87 mingdan ortiq fuqaroga xizmat qilmoqda. Bugunga qadar filial tomonidan aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga 800 ga yaqin davlat xizmatlari ko‘rsatildi.
Ijodkorlar Davlat xizmatlari agentligi viloyat boshqarmasining sayyor xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan avtobusda viloyat markazidan Pop tumaniga otlandilar. Uzoq yo‘l bosgan qalam ahli vakillari tuman markazidan 55 kilometr olisda joylashgan tuman DXMning “Istiqilol” filialidagi qulayliklarni ko‘zdan kechirdilar.
Bundan ikki oy avval mazkur filialni ish boshlashi viloyatning tog‘li hududidagi Istiqlol, Boyon, Guliston, Yuqori Chodakboshi, Xonobod kabi 11 ta mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi 31 ming 739 kishining uzog‘ini yaqin, og‘irini yengil, mushkulini oson bo‘lishiga turtki berdi. Mahalliy tadbirkor, viloyat Kengashi deputati Naimxon Abdurahimov o‘ziga qarashli savdo do‘konidan mo‘’jazgina xonani Davlat xizmatlari markazi filiali uchun beg‘araz taqdim etdi. Hozirda aholi filialdan 140 dan ortiq xizmat turlaridan, ayniqsa bolalarni maktabgacha ta’lim tashkilotiga joylashtirish, tadbirkorlik sub’ektini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, soliq to‘lovchining identifikatsiya raqamini olish, kommunal tashkilotlar faoliyati bilan bog‘liq masalalarda muntazam foydalanmoqda.
Media-tur jarayonida markazga kelgan fuqaro Hurmatoy Ismoilova besh yoshli nabirasi Qobiljonni maktabgacha ta’lim tashkilotiga joylashtirish maqsadida navbatga qo‘yish yuzasidan murojaat etdi. Fuqaro murojaati qisqa vaqt ichida qabul qilinib, unga bolani bog‘chaga joylash bilan bog‘liq zarur tushunchalar berildi. Bu yerdagi e’tibor va qulaylik o‘z navbatida, keksa ayolga xursandchilik bag‘ishladi.
- Biz avvallari Davlat xizmatlaridan foydalanish uchun qishlog‘imizdan uzoq yo‘l bosib, tuman markaziga borar edik. Arzimas yumushlarni bajarish uchun ko‘p vaqt sarf etishga majbur bo‘lardik. Filial ochilganidan keyin mo‘jazgina bino chodaklik yosh-u keksaning keti uzilmaydigan maskanga aylandi. Davlat xizmatlaridan muntazam foydalanib kelaman. Bu orqali ko‘plab biznes loyihalarimni amalga oshirib, qishloqdoshlarini ish bilan ta’minlashga ham erishdim. Hozirgacha filialda ko‘rsatilgan 750 ga yaqin xizmatning 20 tasidan foydalandim, deydi - yosh tadbirkor Abbosxon Polvonov.
Pop tumanida joylashgan Davlat xizmatlari markazida yaratilgan qulayliklar, ko‘rsatilayotgan xizmatlardan ham ko‘pchilik birdek mamnun. Bunga media-tur jarayonida guvoh bo‘ldik.
Jurnalistlar va blogerlar ishtirokidagi matbuot anjumanida Davlat xizmatlari agentligi tizimida amalga oshirilgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Qayd etish joiz, o‘tgan 3 yil mobaynida tuman, shahar Davlat xizmatlari markazlari tomonidan 1 million 800 mingdan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatilib, viloyatda 45 mingdan ziyod tadbirkorga o‘z biznes faoliyatini boshlashiga ko‘maklashilgan.
Elimiz boshiga sinovli kelgan pandemiya davrida ham Davlat xizmatlari agentligi xodimlari bir zum bo‘lsa-da tin olishgani yo‘q. Aholiga 515 mingdan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatilgani, xususan 17 ming 500 kishini tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tishiga ko‘maklashilgani buning yorqin isbotidir. Bundan tashqari tuman, shahar fuqarolik holati dalolatnomalari yozish bo‘limlarida saqlanayotgan 4 million 500 mingga yaqin dalolatnoma yozuvlaridan 4 million 150 mingtasi “FHDYO yagona elektron arxivi” axborot tizimiga kiritildi. Mazkur jarayonlarga pandemiya davrida uyda qolgan 330 nafar yoshlar shartnoma asosida jalb etildi.
Prezidentimizning 2020 yil 12-13 noyabr kunlari Qashqadaryo viloyatiga qilgan tashrifi chog‘ida berilgan topshiriqlari ijrosini ta’minlash maqsadida endilikda DXM xodimlarini “mahallabay” tizimi asosida mahallalarda ham faoliyat yuritishiga e’tibor qaratiladi.
--- Tizim ishchi-xodimlari o‘rtasida korrupsiya va ta’magirlik kabi salbiy holatlarning oldini olish maqsadida bir qator amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirmoqdamiz, -- dedi Davlat xizmatlari agentligi Namangan viloyati boshqarmasi boshlig‘i Ilhomjon Abdusattorov. – Birinchilardan bo‘lib, yangilik sifatida maxsus telegram bot ishga tushirdik. Barcha markazlar va filiallarda “ishonch quti”lari tashkil etildi. “Sirli mijoz” tadbirlari ko‘rilmoqda. O‘tgan vaqt mobaynida faoliyatida kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan olti nafar FHDYO bo‘limi xodimiga nisbatan intizomiy chora qo‘llanildi.
Matbuot anjumanida jurnalistlar va blogerlar Davlat xizmatlari agentligi tizimi faoliyatini yanada takomillashtirish yuzasidan o‘z taklif va mulohazalarini bildirdilar. Ular tomonidan berilgan savollarga boshqarma boshlig‘i batafsil javob qaytardi.
Media-tur ishtirokchilari tadbir yakunida Pop tumaniidagi 1-sonli FHDYO bo‘limida bo‘lib, dalolatnoma yozuvlarini raqamlashtirish ishlari qay darajada amalga oshirilayotgani bilan qiziqdi. Tumanda kiritilishi lozim bo‘lgan dalolatnoma yozuvlarining deyarli 98 foizi to‘liq raqamlashtirilgani aytib o‘tildi. Shu yilning 1 dekabr holatiga ko‘ra, bo‘limda 1018 nikoh qonuniy ro‘yxatga olingan, 3020 tug‘ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvlari qayd etilgan. Shuningdek, 125 nikohdan ajralish, 722 fuqaroning o‘limi ham yozuvga kiritilgan.
Jurnalistlar va blogerlar media-turda nikoh hamda tug‘ilganlikni qayd etgan fuqarolarga guvohnomalar topshirish marosimiga ham ishtirok etdi.
Oqilxon Dadaboyev, Abbosbek Sattorov (surat), O‘zA