Davlat xizmatlari markazlari (DXM) 2018 yil 1 yanvarda faoliyat boshlagan paytda 37 turdagi xizmat ko‘rsatilgan bo‘lsa, hozirda 403 turdagi xizmat ko‘rsatilmoqda.
Har kuni o‘rtacha 100 mingga yaqin fuqaro markazlarga tashrif buyurib, xizmatlardan foydalanmoqda. Hozirga qadar 66 milliondan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatildi. Xususan, markazlarga kelgan fuqarolarga 2023 yil davomida 9,3 milliondan ortiq davlat xizmati ko‘rsatilgan bo‘lsa, 2024 yilning o‘tgan davrida bu ko‘rsatkich 10,5 milliondan ortiqni tashkil etdi.
Adliya vazirligi rahbariyati ishtirokida AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida shu haqda so‘z yuritildi.
Ayni paytda 208 tuman va shaharda DXMlar tashkil etilgan. Xizmatlarni sayyor tartibda va “eksterritorial” tamoyil asosida ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan. Bunda, davlat xizmatlarini ko‘rsatish yashash joyidan qat’iy nazar, aholi va tadbirkorlarimiz istalgan joydagi yoki o‘zlariga qulay joydagi davlat xizmatlari markazlariga murojaat qilib, xizmatlardan foydalanishi mumkin.
188 mahallada 24/7 rejimida ishlaydigan interaktiv kiosklar orqali 64 turdagi davlat xizmati bo‘yicha 460 mingdan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatildi.
[gallery-20905]
Davlat xizmatlarini ko‘rsatishda shaxsni biometrik identifikatsiyalash (Face–ID) usuli joriy qilindi. Bunda davlat xizmatlari markazlariga murojaat qilinganda fuqarolar o‘zlari bilan shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni olib bormagan bo‘lsa, ularning shaxsiga yuz qiyofasi orqali aniqlik kiritiladi.
Byurokratik soha hisoblangan litsenziyalash, ruxsat berish tizimi butunlay isloh qilindi. Litsenziyalar va ruxsat berish hujjatlari 32 foizga qisqartirildi. Xususan, 72 ta litsenziyalanadigan faoliyat va 40 ta ruxsatnoma bekor qilindi hamda tartibga solishning muqobil usuliga o‘tkazildi.
Aholi va tadbirkorlik sub’ektlaridan 120 turdagi ortiqcha ma’lumot va hujjatlarni talab qilish bekor qilindi. Natijada davlat organlari o‘rtasida “Raqamli hukumat” tizimi orqali bir yilda o‘rtacha 2,2 milliondan ortiq hujjat (ma’lumot)lar almashilmoqda.
Aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining 22,7 milliard so‘mdan ortiq mablag‘lari hamda 2,2 million dona (11 ming kg.) qog‘oz tejalishiga erishildi.
Davlat xizmatlari ko‘rsatishda talab etiladigan hujjatlar soni 255 tadan 129 taga (51 foiz) qisqartirildi.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarga, shuningdek, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga davlat xizmatlarini ko‘rsatishda to‘lovlarning 50 foizi miqdorida chegirma joriy qilindi.
2023 yil 1 yanvardan boshlab beshta soha bo‘yicha tadbirkorlik sub’ektlarining zamonaviy texnologiyalarga asoslangan yangi mahsulot va xizmatlarni sinovdan o‘tkazishni nazarda tutuvchi “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimi joriy etildi.
2024 yil 1 martdan boshlab 2025 yil 1 yanvarga qadar huquqiy eksperiment tariqasida 2 ta litsenziya va ruxsatnomalarni olish uchun uch oygacha o‘tish va moslashish davrini belgilaydigan “Biznesga litsenziyasiz kirish” maxsus rejimi joriy etildi.
Davlat organlari va tashkilotlarining aholiga davlat xizmatlarini ko‘rsatish bilan bog‘liq 27 vazifa va funksiyalari xususiy sektorga o‘tkazildi.
N.Abduraimova, O.Pardayev (surat), O‘zA