Davlat xizmatlari markazi yangi binoda
Xiva tumanida Davlat xizmatlari markazining yangi qurib bitkazilgan binosi foydalanishga topshirildi.
Xiva tumanida Davlat xizmatlari markazining yangi qurib bitkazilgan binosi foydalanishga topshirildi.
Zamonaviy andozalar asosida jihozlangan binoda aholi va tadbirkorlik subyektlari uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Investorlarga xizmat koʻrsatish xonasi, kutish zali, kutubxona, yosh bolali onalar uchun maxsus jihozlangan xona, ovqatlanish xonasi kabilar tashrif buyuruvchilar xizmatiga shay. Elektron navbat tizimi 4 ta monitorda aks etib turadi. Internetdan foydalanuvchilar uchun bepul Wi-fi tizimi oʻrnatilgan.
– Ilgari ikki-uch haftada bitadigan ishlarning hal boʻlish muddati bugungi kunga kelib, ikki-uch daqiqa yoki ikki kungacha qisqardi. Bu biz, murojaatchilarning vaqtini tejash barobarida, idorama-idora, uzundan-uzoq navbatlarda sarson-sargardon boʻlishimizning oldini oldi, - deydi xivalik mehnat faxriysi Sh.Masharipov.
Aholining davlat xizmatlariga boʻlgan ehtiyojini qanoatlantirish yurtboshimizning “Xalqimiz bizdan rozi boʻlsa, ishimizda baraka va unum boʻladi”, degan ibratli soʻzlari oʻz isbotini topayotganidan dalolatdir.
Yangi binoning ochilish marosimida qatnashgan Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov markaz faoliyati bilan yaqindan tanishib, aholiga qulayliklar yaratish boʻyicha qoʻshimcha tavsiyalar berdi.