Yer va kadastr yo‘nalishi yurtdoshlarimizning hayotida muhim ahamiyatga ega. Afsuski, ba’zilar sohadagi yangiliklardan bexabar qolib, firibgarlar tuzog‘iga ilinib qolmoqda. Masalan, kadastr pasportini shakllantirish borasida. Ilgarilari kadastr hujjatini tayyorlatish uchun kadastr idoralariga borilar, bu ortiqcha ovoragarchiliklarga sabab bo‘lardi. Bugun kunda esa tartib o‘zgargan.
Kadastr sohasida davlat xizmatlari katta o‘rin tutmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 2 sentyabrdagi “Kadastr sohasida ayrim davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori asosida ko‘chmas mulk ob’ektiga kadastr pasportini berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi. Unda ariza beruvchi kadastr pasportini olish uchun Davlat xizmatlari markaziga o‘zi kelib murojaat etadi yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida davlat xizmatidan elektron tarzda foydalanish uchun ro‘yxatdan o‘tadi, deb belgilangan.
Shunga asosan bugungi kunda yuridik va jismoniy shaxslardan kadastr pasportini tayyorlatish bo‘yicha buyurtma arizalar elektron ko‘rinishda kelib tushmoqda. Buyurtma arizalar elektron tartibda ijro etilmoqda. Dastur ishga tushganidan buyon yuridik va jismoniy shaxslardan kadastr pasportini tayyorlatish bo‘yicha 169 ming 531 ta murojaatlar kelib tushgan. Joriy yilning 9 oyi davomida jami 55 ming 828 ta murojaatlar qabul qilinib, 41 ming 143 tasi ijobiy hal etildi.
Aholi orasida yana bir holat borki, yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olish va noqonuniy qurilmalar qurish. Bu borada ham nazorat kuchaytirilgan. bugungi zamonaviy texnikalar yordamida aniqlash osonlashgan. Prezidentimizning 2022 yil 21 fevraldagi “Yer uchastkalaridan foydalanishda davlat nazorati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida viloyatda yer qonun buzilish holatlarining oldini olish, ularni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etish yuzasidan belgilangan chora-tadbirlar doirasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, joriy yilning o‘tgan davrida 695 ta holatda jami 155,3 gektar yer maydonlari o‘zboshimchalik bilan egallab olinganligi aniqlangan. Ushbu holatlar yuzasidan Kadastr agentligi organlari tomonidan yer qonun buzilish holatlarini sodir etgan 613 ta shaxslarga nisbatan bartaraf etish yuzasidan yozma ko‘rsatmalar yuborilib, 248 ta holatda 69,9 gektar yer maydonlarida yo‘l qo‘yilgan qonun buzilish holatlari joyida bartaraf etilgan.
Shuningdek, bugungi kunda sohada korrupsiyaga murosasiz bo‘lish borasida ham ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Kadastr tizimida xizmat ko‘rsatish sifatini yanada yaxshilash, belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash doimo e’tiborimizdagi masala bo‘lib qolaveradi.
Nodirbek Mashrapov,
Kadastr agentligi Farg‘ona viloyati
boshqarmasi boshlig‘i
O‘zA