Davlat xizmatlari: aholi bilan yanada yaqin
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tizimidagi Davlat xizmatlari markazlari faoliyat olib borayotganiga ham yaqinda 5 yil bo‘ladi.
Ana shu davr mobaynida tizimni isloh qilish, aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga tezkor, sifatli xizmat ko‘rsatish yo‘lida qator amaliy ishlar qilindi. Buning mantiqiy davomi o‘laroq aholiga xizmat ko‘rsatish sifati ortib bormoqda.
bugungi kunga kelib, fuqarolarga 200 ga yaqin xizmatlarni taklif qilayotgan mazkur tizimning kelgusidagi rejalari, ko‘rsatilayotgan xizmatlarning sifati, fuqarolarni xizmatlardan emin-erkin foydalanishlari uchun yaratilgan qulayliklarni ko‘zdan kechirish maqsadida Namangan viloyati adliya boshqarmasi tashabbusi bilan markazga kelgan aholi ishtirokida ochiq muloqot o‘tkazildi.
Dastlab, markaz xodimlarining tizimdagi muammolarni hal etish, aholiga yanada sifatli va tezkor xizmat ko‘rsatish bo‘yicha qanday jihatlarga e’tibor qaratish kerakligi haqida ularning taklif va mulohazalari tinglandi.
Shundan so‘ng, adliya boshqarmasi boshlig‘i Xayrulla Sobirov aholi va tadbirkorlik sub’ektlari bilan suhbatlashdi. Suhbat davomida fuqarolarning davlat xizmatlari sohasiga doir murojaatlarini tinglab, kelgusida amalga oshirilishi ko‘zda tutilayotgan rejalar bilan o‘rtoqlashdi.
Tuman (shahar) adliya bo‘limi boshliqlari hamda davlat xizmatlari markazi xodimlari bilan ochiq muloqotda esa sohadagi muammolar, kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan masalalarga e’tibor qaratildi. Fuqarolar tomonidan bildirilgan takliflar muhokama qilindi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA