Davlat xizmatlari agentligi faoliyati – qisqa satrlarda
Namangan viloyati Pop tumanida tadbirkorlikni rivojlantirish orqali aholi turmush darajasini oshirish, bandligini ta’minlash maqsadida viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Tolibjon Yusupov boshchiligida sayyor qabul o‘tkazildi.
Unda, barcha tashkilot va muassasalar qatori Davlat xizmatlari agentligi Namangan viloyati boshqarmasi hamda tuman davlat xizmatlari markazi xodimlari ishtirok etdi.
Dastlab, sohadagi o‘zgarishlar tizimda amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tildi. Aholining subsidiya olish, tadbirkorlik, kadastr, kommunal sohasiga doir savollariga mutaxassislar tomonidan batafsil javob qaytarildi. Shundan so‘ng, sayyor xizmat ko‘rsatildi. Bunda 32 kishi sayyor xizmatdan foydalanib, 50 ga yaqin fuqaroga huquqiy maslahatlar berildi.
**** 
Davlat xizmatlari agentligi viloyat boshqarmasi tomonidan aholining uzog‘ini yaqin qilish maqsadida haftaning belgilangan kunlarida “Sayyor xizmat” tadbirlari o‘tkazilmoqda. Bunda, ayniqsa nogironligi bor, keksa yoshdagi fuqarolarga alohida e’tibor qaratiladi.
Namangan shahrining Davlatobod tumani davlat xizmatlari markaziga 1940 yilda tug‘ilgan fuqaro Inifa Abdurazak murojaat yo‘lladi. Shunga asosan borgan xodimlar unga elektron raqamli imzo olishda yaqindan yordam berdi.
****

Davlat xizmatlari markazlari orqali aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga 160 dan ortiq xizmatlar ko‘rsatib kelinmoqda. Fuqarolarning sifatli xizmat olishi uchun zarur sharoitlar yaratilib, ularning vaqti va ortiqcha mablag‘i tejalishiga ko‘maklashilmoqda. Birgina, davlat xizmatlaridan onlayn foydalangan fuqaro ko‘plab imkoniyatlarga ega bo‘ladi. Masalan, kommunal sohaga oid xizmatdan masofadan turib foydalangan fuqaro birinchi galda xizmat narxini 10 foiz miqdorda kam to‘laydi. Bu degani bir fuqaro ham vaqtdan yutadi ham pul mablag‘i tejaladi.
****
Aholi uchun yana bir qulaylik – Namangan shahar davlat xizmatlari markazining avtoturargohida “DXM drive” xizmati ishga tushirildi. Yangi Namangan tumanidagi Oromgoh mahallasida yashovchi Mamatxon Boyxonovning nabirasi o‘z bobosini davlat xizmatlari markaziga tug‘ilganlik haqida ma’lumotnomani olish uchun olib kelgani, lekin markazda kutib turishga imkoni yo‘qligini xodimlarga bildirdi. Unga, o‘z avtoulovidan tushmagan holda xizmatdan foydalanish imkoni yaratildi. Otaxon bunday qulaylikdan mamnunligini bildirdi.
**** 
Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanidagi Quymozor mahallasida istiqomat qiluvchi 1920 yilda tug‘ilgan Robaxon aya G‘aniyeva yashash xonadonining hujjatlarini tartibga keltirish maqsadida tuman davlat xizmatlari markaziga murojaat qildi. Ikki asrni ko‘rgan onaxonning murojaati qanoatlantirilib, markaz xodimlari tomonidan sayyor xizmat ko‘rsatildi.
Shuningdek, Uchqo‘rg‘on tumani davlat xizmatlari markazi xodimlari “DXM-mahalla-fuqaro” tamoyili asosida “Yoshlik” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida tushuntirish-targ‘ibot tadbirlarini olib bordi. Tadbir davomida aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga 15 dan ortiq sayyor xizmat ko‘rsatildi. Jumladan, mazkur mahallada istiqomat qiluvchi 75 yoshli Muhammadjon Sharipov xonadoniga borib, kadastr pasportini shakllantirish va pensiya miqdorini aniqlash bo‘yicha sayyor xizmat ko‘rsatildi. Ma’lumot o‘rnida, Namangan viloyatida o‘tgan 2021 yil mobaynida 14 ta davlat xizmatlari markazi tomonidan 20 ming 157 ta sayyor xizmat ko‘rsatilgan.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA