Davlat xizmati – Vatan va xalq oldidagi yuksak mas’uliyat
23-iyun – Davlat xizmati kuni sifatida butun dunyoda nishonlanadi. Bu 2002-yil 20-dekabrda BMT Bosh Assambleyasining 57/277-son rezolyutsiyasi bilan ta’sis etilgan. O‘zbekistonda ham mazkur sana keng nishonlanmoqda.
Rezolyutsiyaga muvofiq, a’zo davlatlarga davlat xizmatining jamiyat taraqqiyotidagi o‘rnini keng targ‘ib qilish, davlat xizmatchilarining mehnatini e’tirof etish hamda aholiga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishga qaratilgan tadbirlar o‘tkazish tavsiya etilgan.
Davlat xizmati kunining asosiy g‘oyasi – davlat xizmati jamiyat taraqqiyotining muhim omili ekanini e’tirof etish va insonlarga sidqidildan xizmat qilayotgan davlat xizmatchilarini qadrlashdan iborat.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Davlat fuqarolik xizmatini yangi yondashuvlar asosida tashkil etish hamda professional va natijadorlikka yo‘naltirilgan davlat xizmatchilari korpusini shakllantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonida ham 23-iyun – BMTning Davlat xizmati kunida davlat xizmati ahamiyatini yoritishga oid maxsus tadbirlar tashkil qilinishi belgilangan.
E’tirof etish kerakki, yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida davlat boshqaruvi tizimi modernizatsiya qilindi va aholiga sifatli va samarali xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi. Xalqparvar davlat barpo etish yo‘lidagi ulkan vazifalarni amalga oshirishda davlat xizmatchilari muhim o‘rin egallamoqda.
Mamlakatimizda Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan islohotlarning hayotga samarali tatbiq etilishi, davlat organlari faoliyatining ochiqligi, natijadorligi va xalq manfaatlariga xizmat qilishi, avvalo, davlat xizmatchilarining fidokorona mehnati, yuksak mas’uliyati va kasbiy salohiyati bilan chambarchas bog‘liq.
Aytib o‘tish kerakki, Prezident huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi aynan shu yo‘nalishda izchil faoliyat olib borib, davlat xizmatchilarining bilimi, malakasi, kompetensiyalarini oshirib borishga munosib hissa qo‘shmoqda.
Davlat xizmati – bu nafaqat muayyan kasbda ishlash, balki Vatan va xalq oldidagi yuksak mas’uliyat, taraqqiyot va farovonlik yo‘lida xizmat qilish sharafi.
N.Abduraimova,
O‘zA