Davlat xizmati: Sifat va samaradorlik o‘smoqda
Bugungi kunda O‘zbekistonda davlatning yagona kadrlar siyosatini muvofiqlashtiruvchi tashkilot – Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi hisoblanadi. Mazkur tuzilmaning faoliyati xizmatchilarga bo‘lgan talab va ular zimmasidagi mas’uliyatlar haqida Namangan viloyati filiali rahbari Shuhrat To‘xtaboyevga murojaat etdik.
– O‘tgan yilda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Namangan viloyati filialining samaradorligi haqida fikringizni bilmoqchi edik.
– Davlat fuqarolik xizmati – davlat xizmatining bir turi bo‘lib, fuqarolarning davlat fuqarolik xizmati lavozimlarida, davlat organlari vakolatlarini amalga oshirishni nazarda tutuvchi, haq to‘lanadigan kasbiy faoliyat hisoblanadi. Bu muhim jihat davlat fuqarolik xizmatlarining huquqini maqomini belgilovchi va faoliyatini yagona qoidalar asosida tartibga soluvchi hujjat – 2022 yil 8 avgustda Prezidentimiz tomonidan imzolangan “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonunida aks etgan.
Mamlakatimizda davlat fuqarolik xizmatchilari odob-axloqining namunaviy qoidalari tasdiqlandi. Mazkur nizom O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 14 oktyabrdagi “Davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan ishlab chiqilgan. Hukumatning ushbu qarori, avvalo, davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlari odob-axloqining yagona prinsiplari va qoidalarini belgilash, ularning o‘z xizmat vazifalarini vijdonan va samarali bajarishlari uchun shart-sharoitlar yaratish, davlat xizmatida suiiste’molliklarning oldini olishga qaratilgani bilan ahamiyat kasb etadi.
O‘tgan yildagi filialimiz faoliyatini tahlil qiladigan bo‘lsak, milliy va salohiyatli kadrlar zaxirasiga kiritilgan 27 nafar nomzodimiz respublika, viloyat va tuman (shahar) darajasida lavozimda o‘sishiga erishdi. 2022 yilda bu ko‘rsatkich 4 nafar bo‘lgandi.

Bugungi kunda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligini nafaqat davlat xizmatchilari, balki ochiq mustaqil tanlovlarda nomzod sifatida ishtirok etayotgan oddiy fuqarolar ham yaxshi tanib oldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Negaki, davlat tashkilotlaridagi mavjud vakant lavozimlariga o‘tkazilayotgan ochiq tanlovlar barcha uchun qulay, shaffof va haqiqiy raqobat maydoniga aylanib bormoqda. Buni birgina, 2023 yil davomida filial tomonidan vacancy.argos.uz portali orqali 930 ta tanlov e’lon qilinib, 19 530 nafar nomzod ishtirok etish uchun ariza yuborganligidan ham ko‘rish mumkin.
Bu o‘z navbatida, har bir vakant lavozimga o‘rtacha 21 nafar talabgor to‘g‘ri kelganligini anglatadi. Mazkur ko‘rsatkich 2022 yilga nisbatan 15 nafarga oshgan. Bugungi kunda Namangan viloyatida 50 dan ziyod davlat organlari va tashkilotlarida 6 ming 300 ta davlat xizmatchilari faoliyat yuritmoqda. 2022-2023-yillar davomida davlat xizmatchilarining 70 foizi malaka oshirish kurslarida o‘qib, sertifikatga ega bo‘lishi ta’minlandi.
– Viloyatdagi davlat xizmatchilari, zaxiradagi nomzodlar salohiyatini oshirish va rivojlantirish borasida tashkil etilayotgan o‘quv-treninglarning natijadorligini qanday baholaysiz?
– Respublika bo‘ladimi yoki hudud darajasidami, barcha o‘quv seminarlar asosan tinglovchilarning ehtiyojlarini so‘rovnoma asosida chuqur o‘rgangan holda tashkil etiladi. Bunda, ularning kasbiy salohiyatini rivojlantirish zarurligiga e’tibor qaratgan holda o‘quv dasturi mavzulari shakllantiriladi. O‘quvlarga ma’ruzachi sifatida tajribali amaliyotchi mutaxassislar hamda salohiyatli professor-o‘qituvchilar jalb qilingan.
– Milliy hamda salohiyatli kadrlar zaxirasidagi nomzodlar bilan ishlash mexanizmi haqidagi fikringiz qanday?
– Hozirda Namangan viloyatida milliy kadrlar zaxirasiga 85 nafar hamda salohiyatli kadrlar rezerviga esa 84 nafar nomzod saralanib, ular bilan belgilangan tartibda shaxsiy va kasbiy salohiyatini oshirish borasida ishlab kelinmoqda. Milliy kadrlar zaxirasiga respublika darajasidagi tashkilotlar rahbarlari, viloyat hokimining o‘rinbosarlari, viloyat darajasidagi tashkilotlarning rahbar xodimlari, shahar, tuman hokimlari, ularning o‘rinbosarlari hamda mahalladagi hokim yordamchilari kabi tajribali va salohiyatli nomzodlar saralab olingan.
Salohiyatli kadrlar zaxirasiga esa mamlakatimiz rahbarining ko‘rsatmasiga asosan, respublika bo‘ylab mahallalardagi hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari va xotin-qizlar faollari orasidan yuqori natijalarga erishgan 1000 nafar nomzod rezervga saralab olingan edi. Namangan viloyatida ham 84 nafar nomzod zaxiraga olingan. Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tashabbusi bilan milliy va salohiyatli kadrlar zaxirasiga kiritilgan nomzodlar salohiyatini oshirish maqsadida xorijda, Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida oflayn hamda masofaviy kurslar tashkil etildi.
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Namangan viloyati filiali tashabbusi asosida milliy kadrlar zaxirasi uchun har chorakda bir marotaba, salohiyatli zaxira uchun esa har oyda ikki marotaba nomzodlarning boshqaruvdagi amaliy ko‘nikmalarini shakllantirish uchun bir kunlik o‘quv amaliy seminarlar muntazam ravishda o‘tkazib kelinmoqda.

– Bugungi kunda davlat xizmatchilarining samaradorligi qanday va uni baholash uslubiyati mavjudmi?
–Samarali davlat boshqaruvida davlat xizmatchilarining samaradorligi juda muhim omil hisoblanadi. Qaysi vazirlik idoralarning eng quyi tizimidagi xodimlar samaradorligi yuqori bo‘lsa, fuqarolarning aynan o‘sha vazirlikdan roziligi yuqori bo‘ladi. Binobarin, davlat tashkilotlarining moliyaviy imkoniyatlari cheklangan, samarali ishlagan xodimlarni rag‘batlantirishda xam ularning samaradorligini to‘g‘ri va adolatli baholash muhimdir.
Buning uchun, albatta, davlat xizmatchilari faoliyatini baholashda yagona uslub, tartib va mezonlar zarur. Shuning uchun, o‘tgan 2023 yil boshida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan “Davlat fuqarolik xizmatchilari faoliyat samaradorligini eng muhim ko‘rsatkichlar asosida baholash uslubiyati” ishlab chiqilib tasdiqlandi. Hozirgi paytga qadar ham davlat xizmatchilari faoliyat samaradorligi baholab kelingan. Masalan, hokim o‘rinbosarlari va sektor rahbarlari faoliyati har chorak yakuni bo‘yicha baholanib, ularning hudud va respublika darajasida reytingi yuritib kelinmoqda.
–Davlat xizmatchilari 2024 yilda agentlikdan qanday yangi loyihalar yoki yangiliklarni kutishlari mumkin?
–Albatta, bizning davlat fuqarolik xizmati tizimimiz dunyodagi rivojlangan mamlakatlar bosib o‘tgan tajriba yo‘lini tezroq bosib o‘tishga harakat qilmoqda. Sababi, bugungi shiddat bilan raqamlashib borayotgan va rivojlanayotgan jahon hamjamiyati bunga qaysidir ma’noda majbur qilmoqda, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Zotan, sohada yutuqlarimiz bilan birga kamchiliklarimiz yoki qiladigan ishlarimiz ham bor.
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Namangan viloyati filiali 2024 yilda o‘z oldiga asosan ochiq tanlovlarning suhbat bosqichida inson omilini kamaytirish, inson resurslarini samarali boshqarish sohasini raqamlashtirish hamda bugungi zamon talabiga javob beradigan vatanparvar, mehnatsevar va halol davlat xizmatchilari zaxirasini shakllantirib berishni maqsad qilgan.
Misol uchun, davlat organi va tashkilotlarining inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish bo‘yicha tuzilmalar faoliyatini o‘rganish va yanada yaxshilash, mahalla tizimida faoliyat ko‘rsatuvchi xodimlar faoliyatidagi kamchiliklarni aniqlash, ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, davlat fuqarolik xizmati sifatini oshirish kabi vazifalar belgilangan.
Shuningdek, yoshlarni davlat fuqarolik xizmatiga jalb qilish muammolarini o‘rganish va takliflar ishlab chiqish, hokimliklarning sohalar bo‘yicha o‘rinbosarlari va mutaxassislarining soha bo‘yicha bilim, ko‘nikmasini oshirish hamda davlat xizmatchilarining mehnat faoliyati va ijtimoiy himoyasi uchun shart-sharoitlar yaratilganligi holatini o‘rganish kabi vazifalar qo‘yilgan.
Asosiy maqsadimiz o‘z ishi va ish joyidan rozi bo‘lgan davlat xizmatchilari sinfini yaratish hamda bu orqali fuqarolarning muammosini hal qilib, ularni rozi qiladigan samarali davlat xizmatini tashkil etishdan iborat.
Oqilxon Dadaboyev suhbatlashdi.