Davlat xizmatchilari malakasini oshirmoqda
Toshkent kimyo-texnologiya instituti Yangiyer filialida shahar va tuman hokimlari o‘rinbosarlari, tashkiliy-kadrlar guruhi rahbarlari hamda milliy kadrlar zaxirasiga kiritilgan nomzodlar uchun o‘quv-amaliy seminar boshlandi.
Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad davlatimiz rahbarining 2024 yil 18-20 noyabr kunlari Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasida so‘zlagan nutqlarida bayon etilgan tashabbuslar, shuningdek, “2025 yil – Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili”da ijro hokimiyati organlari rahbar kadrlari oldida turgan muhim vazifalarni o‘rganish, ularning bu boradagi bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirishdir.
O‘quv-seminar ochilishida so‘zga chiqqan viloyat hokimi Akmaljon Mahmudaliyev o‘quvning ahamiyati haqida to‘xtaldi.
– “Yangi O‘zbekistonda yangicha dunyoqarash” deyapmiz. Bu faqat shiorda emas, amalda, birinchi galda davlat xizmatchisi faoliyatida sezilishi kerak. Bugun hayotning o‘zi biz rahbarlardan professionallik va yangicha fikrlashni, tashabbuskorlikni talab etmoqda, – dedi viloyat hokimi. Ishtirokchilarga ushbu imkoniyatdan to‘g‘ri foydalanib, bilim va malakalarini yanada mustahkamlashi lozimligi ta’kidlandi.
[gallery-20799]
Joriy yil 13 dekabr kuniga qadar davom etadigan seminarga respublikamizdagi oliy o‘quv yurtlari rektorlari, professor-o‘qituvchilar va tajribali mutaxassislar jalb etilib, hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dasturlarini ishlab chiqish, mahallabay ishlash, yoshlar siyosati, tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi muammolari bilan ishlash kabi muhim mavzularda o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkaziladi.
G‘ulom Primov, Shahriyor Ortiqboyev (surat),
O‘zA muxbirlari