2025 yil 5 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda davlatimiz rahbari korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi yangi tashabbuslarni, xususan, davlat xaridlarini shaffoflashtirish uchun elektron platforma yaratish zarurligini ta’kidladi.
Darhaqiqat, bugungi kunda dunyoda davlat xaridlari bilan bog‘liq xarajatlarni amalga oshirish uchun katta pul mablag‘lari sarflanishi tufayli ushbu soha korrupsiya uchun moyil soha hisoblanadi. Dunyo miqyosida korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlarning 57 foizi davlat xaridlari sohasidagi jinoyatlarga to‘g‘ri keladi. Davlat xaridlari bilan bog‘liq korrupsiyaviy jinoyatlar natijasida dunyo mamlakatlariga har yili 1 trln. AQSH dollari miqdorida zarar yetkaziladi. Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) mamlakatlarida esa davlat xaridlarida korrupsiya holatlari yalpi ichki mahsulotning 15 foizini tashkil etadi.
Mana shuning uchun ham korrupsiya jamiyat taraqqiyotiga jiddiy to‘siq bo‘lib, davlat mablag‘larining noqonuniy sarflanishi, tadbirkorlik uchun sun’iy to‘siqlar va aholi ishonchining pasayishiga sabab bo‘lmoqda.
Prezident ta’kidlaganidek, davlat xaridlari sohasi eng ko‘p korrupsiya xavfi mavjud bo‘lgan yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Shu bois, uning oldini olish uchun zamonaviy texnologiyalardan foydalanish muhim ahamiyat kasb etadi.
Davlat xaridlari ustidan nazoratni kuchaytirish maqsadida elektron platforma yaratish taklifi ilgari surildi. Bu tizim davlat mablag‘larining qay tarzda sarflanayotganini monitoring qilish, xarid jarayonlarini avtomatlashtirish va tenderlarda shaffoflikni ta’minlash imkonini beradi. Elektron platforma orqali barcha davlat xaridlari haqidagi ma’lumotlar ochiq bo‘ladi:
– tender jarayonlari real vaqt rejimida kuzatib boriladi;
– har qanday noqonuniy sxemalarni aniqlash va oldini olish imkoni yaratiladi;
– boshqaruv jarayonini inson omilidan maksimal darajada ozod qilishga erishiladi.
Yaratiladigan elektron platforma nafaqat davlat organlari, balki keng jamoatchilik va OAV uchun ham ochiq bo‘lib, ular xarid jarayonlarini nazorat qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Shuningdek, avtomatlashtirilgan tizim orqali davlat xaridlari jarayonida ochiqlik va shaffoflik oshadi; tenderlar va shartnomalar yuzasidan raqobat muhiti kuchayadi; ortiqcha byurokratik jarayonlar qisqartiriladi; davlat mablag‘larini tejash imkoni yaratiladi.
Prezidentimiz yig‘ilishda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish muhimligini ham ta’kidladilar. Elektron platforma orqali fuqarolar davlat xaridlari jarayonidagi har qanday shubhali holatlarni fosh etish va mutasaddi organlarga xabar berish imkoniga ega bo‘ladi. Shu yo‘l bilan korrupsiyaga qarshi jamoatchilik ishtiroki oshiriladi.
Prezident tashabbusi bilan ishlab chiqilayotgan davlat xaridlarini nazorat qilishga qaratilgan elektron platforma O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi navbatdagi muhim qadam bo‘lib, shaffoflik va ochiqlikni ta’minlashga katta hissa qo‘shadi. Shu bois, ushbu tizimni jadal ishlab chiqish va amalga oshirish barcha manfaatdor tomonlarning asosiy vazifasiga aylanishi lozim.
Akmaljon Abdullayev,
O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi
Dastlabki tergov va surishtiruv kafedrasi o‘qituvchisi