Davlat xaridlari – doimiy nazoratda
Namanganda viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tashabbusi bilan soha vazirligining ichki audit departamenti viloyat bo‘yicha ichki audit bo‘limi hamda boshqarmaning korrupsiyaga qarshi kurashish va huquqiy nazorat sho‘’basi hamkorligida tahliliy-muhokama yig‘ilishi o‘tkazildi.
Yig‘ilishda ichki audit bo‘limi, korrupsiyaga qarshi kurashish va huquqiy nazorat sho‘’basi mutasaddilari, shuningdek, boshqarma sho‘’ba rahbarlari, shahar, tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlarining markazlashgan hisobxona bosh hisobchilari, davlat haridlari bo‘yicha ma’sul xodimlar ishtirok etishdi.
Muhokamalar davomida davlat haridlarini amalga oshirish jarayonida yo‘l qo‘yilgan qonunbuzilish va kamchiliklar ko‘rib chiqildi. Xususan, Kosonsoy, To‘raqo‘rg‘on, Mingbuloq, Norin, Chortoq, Uchqo‘rg‘on tumanlarida ro‘y bergan holatlar qattiq tanqid ostiga olindi.

Aksar hollarda bir xil sub’ekt bilan bir-biriga yaqin vaqtda bir nechta shartnomalar tuzilgan. Oqibatda davlat xaridini qismlarga bo‘lish, ularning ayrimlarida esa xizmat turlari va ta’riflari farq qilishini inobatga olgan holda alohida baholanmaganligi tanqid ostiga olindi.
Bunday shartnomalar Kosonsoy tumanida 2 ta, To‘raqo‘rg‘on tumanida 16 ta, Mingbuloq tumanida 4 ta, Norin tumanida 6 ta, Chortoq tumaida 4 ta, Uchqo‘rg‘on tumanida esa 2 ta tuzilgan.

Ta’kidlab o‘tilganidek, bir turdagi xizmatlar bo‘yicha shartnomalarning bir nechtaga bo‘linishi davlat haridlarini amalga oshirishning raqobatga asoslangan usullarini chetlab o‘tish ehtimolini keltirib chiqaradi. Bu esa amaldagi qonunchilik talablariga zid ekanligi qayd qilindi.
Yig‘ilish yakunida tegishli qaror qabul qilinishi, unga muvofiq davlat haridlari hajmini sun’iy ravishda qismlarga bo‘lish holatlarining oldini olish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va kelgusida takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik choralari belgilandi. O‘z navbatida, qonunchilik talablarini buzgan mas’ul xodimlarga nisbatan qonunda belgilangan choralar ko‘rish taklifi ilgari surildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri