Davlat va nodavlat oliygohlari o‘rtasidagi tanlov
O‘zbekistonda oliy ta’lim tizimini rivojlantirish va ta’lim sifatini oshirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. So‘nggi yillarda xususiy universitetlar soni sezilarli oshib, ularning jahon ta’lim standartlariga moslashuvi haqida ko‘plab munozaralar yuzaga kelmoqda. Ammo ayrim ijtimoiy qatlamlarda xususiy oliygohlarning kelajagi haqida ko‘plab shubhalar, diplomning qiymati va universitetlarning yopilib ketishi xavfi haqida xavotir mavjud.
Davlat oliygohlari uzoq yillik tarixga ega bo‘lib, ko‘plab yetuk mutaxassislar yetishtirgan. Bu ularning rivojlanishidagi eng muhim afzallikdir. Davlat byudjeti hisobidan moliyalashtirilishi natijasida esa, o‘qish narxi arzon va stipendiyalar ham mavjud. Ushbu universitetlarda ilmiy-tadqiqot ishlari rivojlangan, ilmiy loyihalar va grantlar faol qo‘llab-quvvatlanadi. Davlat tomonidan belgilanadigan ta’lim standartlari va nazorat tizimi mavjudligi sifatni nazorat qilish imkonini beradi.

Kamchiliklariga keladigan bo‘lsak, ba’zi davlat universitetlarida ta’lim dasturlari zamonaviy talablar va bozor ehtiyojlariga moslasholmayotgan bo‘lishi mumkin. Bunday oliygohlarda an’anaviy va nazariyaga asoslangan metodikalar ko‘p qo‘llaniladi, amaliy ko‘nikmalarga e’tibor kamroq bo‘lishi mumkin. Talabalar sonining ko‘pligi sifat nazoratini pasaytirishi mumkin.
Ko‘plab xususiy universitetlar yangi, jahon standartlariga mos ta’lim dasturlarini joriy qilmoqda va amaliy yo‘nalishlarga urg‘u berilmoqda. O‘quv jarayonida zamonaviy texnologiyalar, interaktiv metodlar keng qo‘llaniladi. O‘quv dasturlari tez yangilanadi, talabalar uchun malaka oshirish va qo‘shimcha kurslar tashkil etiladi. Talaba bilan individual ish ko‘proq bo‘ladi, kichik guruhlarda o‘qish imkoniyati yaratiladi.

Ko‘pchilikka sir emas, ayrim xususiy universitetlar uchun moliyaviy qiyinchiliklar yoki boshqaruv muammolari mavjudligi, ba’zida universitetlarning yopilish xavfini keltirib chiqaradi. O‘zining qisqa tarixi sababli, ba’zan xususiy universitet diplomlari ish beruvchilar orasida yetarlicha hurmatga ega bo‘lmasligi mumkin. Davlat tomonidan ta’lim sifati va universitet faoliyatining muntazam nazorat qilinishi ham ba’zan yetarli emas.
O‘zbekistonda xususiy oliygohlarning kelajagi haqida ko‘plab noto‘g‘ri tushunchalar mavjud. Diplom qiymatsiz bo‘lishi yoki universitet yopilishi mumkin degan xavotirlar ayrim oilalarda keng tarqalgan. Ammo hozirgi xususiy universitetlarning ko‘pchiligi jahon standartlariga mos ta’lim tizimini joriy qilmoqda, xalqaro akkreditatsiyalarni olishga intilmoqda.
Aksariyat xususiy universitetlar Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazilgan va diplomlari davlat tomonidan tan olinadi. Universitet yopilishi ehtimoli har qanday tashkilot uchun mavjud, ammo sifatli boshqaruv va moliyaviy barqarorlikka e’tibor bilan bu xavfni kamaytirish mumkin. Dunyoning ko‘plab davlatlarida xususiy oliygohlar ta’lim sohasida muhim rol o‘ynaydi va yuqori sifatni ta’minlaydi. Misol uchun, dunyoning eng mashhur TOP-10 universitetlaridan biri bo‘lgan Stanford universiteti ham xususiy oliygoh hisoblanadi. Ma’lumotlarga qaraganda, ushbu universitetda ta’lim tizimi eng yetakchi hisoblanadi va shunga yarasha Stanfordda o‘qishni istagan talabalardan yuqori standarddagi bilim va ko‘nikmalar talab etiladi.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ham nodavlat oliy ta’lim muassasalariga bo‘lgan talab ortib bormoqda. HEMIS tizimi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda eng ko‘p talabaga ega xususiy universitetlar ro‘yxati ham e’lon qilingan. Misol uchun, Toshkent Kimyo xalqaro universiteti, Osiyo xalqaro universiteti, Alfraganus va Amaliy fanlar universitetlari shular jumlasidan. Oliygohlardagi ta’lim sifati va talabalar soni davlat oliygohlari bilan bemalol raqobatlasha oladi.
Davlat va nodavlat universitetlarning har biri O‘zbekistonda o‘z o‘rniga ega. Davlat universitetlari barqarorlik va an’anaviy sifatni ta’minlasa, nodavlat universitetlar innovatsiyalar va zamonaviy ta’lim tizimini rivojlantirishga xizmat qiladi. Eng muhimi, oliy ta’lim tanlovida har bir talaba o‘z maqsadlari, qobiliyati va moliyaviy imkoniyatlarini inobatga olib, to‘g‘ri qaror qabul qilishi zarur.
Dildora DO‘SMATOVA
O‘zA