Davlat tilini rivojlantirish – so‘zda emas, amalda
Mamlakatimizda 21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni sifatida keng nishonlab kelinmoqda. Bundan 37 yil muqaddam, ya’ni 1989-yil 21-oktabrda “Davlat tili haqida”gi qonunning qabul qilinishi, shuningdek, 2020-yil 10-apreldagi tegishli qonunga muvofiq ushbu sananing Til bayrami deb belgilanishi xalqimizning ma’naviy-ma’rifiy hayotidagi tarixiy voqea bo‘ldi. Jahondagi ko‘plab tillar orasida o‘zining jozibadorligi, boy va keng imkoniyatlari bilan ajralib turuvchi o‘zbek tili ko‘p asrlik boy tarix va yuksak qadriyatlar timsolidir.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda til sohasida olib borilayotgan izchil davlat siyosati ona tilimizning nufuzini oshirish va uni har taraflama rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat tilini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqdi.
Bayram arafasida Navoiy kon-metallurgiya kombinati Ma’naviyat va ma’rifat markazining rejasiga muvofiq, targ‘ibot tadbirlari hamda ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar boshlab yuborildi.
Ta’kidlash joizki, Navoiy kon-metallurgiya kombinati 40 dan ortiq millat va elat vakillari ahil-inoq mehnat qilayotgan yirik baynalminal jamoa hisoblanadi. Ana shunday ulkan korxonada ish yuritish va muloqotning o‘zbek tilida olib borilayotgani davlat tiliga bo‘lgan yuksak hurmat va e’tibor ifodasidir. Xususan, 6 ming nafarga yaqin ishchi-xodim mehnat qilayotgan Janubiy kon boshqarmasida ham bu xayrli an’ana mustahkam qaror topgan.

Ishlab chiqarish sohasi vakillari orasida ham ona tilini ardoqlaydigan, uni ijod namunalari va targ‘ibot tadbirlari orqali keng targ‘ib etayotgan faol hamkasblarimiz ko‘pchilikni tashkil etadi. Katta hayot va mehnat tajribasiga ega Abduhamid Qurbonov, Abdumalik Hamroyev, Shavkat Kengboyev hamda yosh ijodkorlar Akbar Burhonov, Guljahon Anorboyeva, Otajon Asadov, Asror Aliqulov, Ruslan Tog‘aymurodov, Umid Saidov, Himmat Pardayev kabi targ‘ibotchilarimiz shular jumlasidandir.
Janubiy kon boshqarmasi Axborot va ma’naviyat-ma’rifat guruhi tomonidan til bayramini tizimli va aniq reja asosida nishonlash an’ana tusiga kirgan. Ayni kunlarda konchi-metallurglar va muhandis-texnologlar mehnat qilayotgan Qo‘shrabod tumanidagi “Zarmitan” sanoat maydoni hamda G‘allaorol tumani Marjonbuloq shaharchasida joylashgan bo‘linmalarda bayram tadbirlari ko‘tarinki ruhda o‘tkazilmoqda.
Shuningdek, ishchi-xodimlar o‘rtasida “Men xatosiz yozaman” mavzusida diktant tanlovi tashkil etildi. Unda ishtirokchilar o‘zlarining xusnixati, so‘z boyligi va savodxonligini namoyon etdilar. Yoshlikda olingan bilim mustahkam poydevor ekanini amalda isbotlagan tanlov g‘oliblari va faol ishtirokchilari O‘zbek tili bayrami arafasida munosib rag‘batlantiriladi.
Xulosa o‘rnida aytish joizki, ona tilimizga bo‘lgan hurmat va e’tibor faqatgina bayram kunlari bilan cheklanib qolmasligi kerak. Dilida Vatan mehri bor har bir yurtdoshimiz, ayniqsa, yoshlarimiz ona tilimizni asrab-avaylashni va uning sofligini saqlashni o‘zining burchi deb bilishi lozim. Zero, ona tilimizni asrash – Vatanimizni asrash va uning kelajagini mustahkamlash demakdir.
Dildora ATABAEVA,
Janubiy kon boshqarmasi
Axborot va ma’naviyat-ma’rifat guruhi rahbari.