Davlat tilini o‘rganish bo‘yicha o‘quv kurslari
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazining o‘zida va hududiy bosqichlarida davlat tilini o‘rganish bo‘yicha o‘quv kurslari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Navoiy, Qashqadaryo, Farg‘ona viloyatlarida korxona va tashkilotlarda faoliyat yuritayotgan rahbar xodimlarni o‘qitish ishlari ikkinchi bochqichi nihoyasiga yetdi. Yangi mavsumda rahbar xodimlar bilan birgalikda tashkilotda hujjat bilan ishlaydigan xodimlar ham jalb qilinishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, ular malakali mutaxassislardan tahsil olishadi.

Ayni vaqtda markazning Guliston davlat universitetidagi filialida Sirdaryo viloyati ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan 25 nafar rahbar xodimga davlat tilini o‘rgatish bo‘yicha o‘quv kursi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ular test va og‘zaki imtihon topshirishga tayyorgarlik ko‘rishmoqda.
Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 20 oktyabrdagi “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida tashkil etilgan markazda ko‘nikmalarini oshirgan tinglovchilarga maxsus sertifikatlar topshiriladi.
D.Mamatova, O‘zA