Davlat tilida ish yuritish masalalari muhokama etildi
Andijonda “Tashkilot va muassasalarda davlat tilida ish yuritishning o‘ziga xos jihatlari: xat va hujjatlarni shakllantirishda imloviy, uslubiy talablar” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.
Andijon viloyati O‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan seminarda boshqarma tizimidagi tashkilotlar, Chigirtka va tut parvonasiga qarshi kurashish xizmati mutasaddilari, Andijon davlat universiteti o‘qituvchilari ishtirok etdi.
Seminarda O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi direktorining davlat tili va ma’naviyat masalalari bo‘yicha maslahatchisi Bunyod Nasimov, Andijon davlat universiteti O‘zbek tilshunosligi kafedrasi katta o‘qituvchisi Shuhratbek Kahhorov va boshqalar tomonidan davlat tilida ish yuritishning huquqiy asoslari, nutq uslublari, rasmiy-idoraviy yozishmalarda til me’yorlariga rioya etish, imlo va grammatik qoidalarni to‘g‘ri qo‘llash bo‘yicha keng ma’lumotlar berildi.

Seminar davomida o‘zbek tilining tarixiy taraqqiyoti, yozma nutqda adabiy hamda rasmiy ish uslubidan foydalanish tartibi, rasmiy hujjatlarda fikrning aniq, lo‘nda va bir ma’noli ifodalanishi masalalari muhokama qilindi.
Mutaxassislar tomonidan rasmiy hujjatlarni to‘g‘ri shakllantirish, imlo va uslub me’yorlariga rioya etish, hujjat shakliga qo‘yiladigan talablar hamda idoraviy hujjatlarni yuritish tartiblari, shuningdek, amaliyotda uchraydigan xatolar va ularning oldini olish yuzasidan zarur tavsiyalar berildi.


Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutasaddi va mutaxassislardan batafsil javob oldi.
Mazkur seminar xodimlarining rasmiy hujjatlar bilan ishlash borasidagi bilim va malakasini oshirish, davlat tilida ish yuritish sifatini takomillashtirishga xizmat qildi.
Faxriddin Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri