Davlat tili qoida va me’yorlariga muvofiqlashtirilayotgan foydali qazilma konlari nomlari ro‘yxati tasdiqlandi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasidagi ayrim geografik ob’ektlarning nomlarini davlat tili qoida va me’yorlariga muvofiqlashtirish hamda yangi nom berish to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, davlat tili qoida va me’yorlariga muvofiqlashtirilgan hamda yangi nom berilgan 757 ta geografik ob’ekt nomini o‘z ichiga olgan:
Davlat tili qoida va me’yorlariga muvofiqlashtirilayotgan foydali qazilma konlari nomlari ro‘yxati;
Yangi nom berilgan foydali qazilma konlari nomlari ro‘yxati tasdiqlandi.
Endi normativ-huquqiy hujjatlar, ish hujjatlari va rasmiy yozishmalarda ushbu qaror bilan tasdiqlangan nomlardan, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 15-noyabrdagi 766-son va 2025 yil 18-iyundagi 379-son qarorlari bilan tasdiqlangan nomlardan foydalaniladi.
Foydali qazilmalar zaxiralari bo‘yicha geologik hisobotlar Davlat zaxiralari komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqish uchun taqdim etilgunga qadar foydali qazilma konlari nomlari Geografik ob’ektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari bo‘yicha respublika komissiyasining xulosasi asosida Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlari bilan tasdiqlanadi.
Qarorga ko‘ra, ikki oy muddatda tog‘-kon sanoati va geologiya sohasidagi geografik ob’ektlar nomlarining davlat tili qoida va me’yorlariga muvofiqlashtirilishi, yangi nom berilishi munosabati bilan tegishli hujjatlar, xaritalar hamda ma’lumotlar bazalariga o‘zgartirishlar kiritiladi hamda peshlavhalar, axborot ko‘rsatkichlaridagi yozuvlar davlat tili qoida va me’yorlariga muvofiq lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida yozilishi ta’minlanadi.
Geologik qidiruvlar natijasida yangi topilgan foydali qazilma konlariga nom berish bo‘yicha geologiya, geografiya, filologiya, tarix sohasining yetuk olimlari va mutaxassislari hamda tegishli boshqa mutaxassislami jalb etgan holda, O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi va “Geografik ob’ektlarning nomlari to‘g‘risida”gi qonunlarida belgilangan talablar asosida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritib boriladi.
O‘zA