Davlat ta’lim muassasalari, nodavlat ta’lim tashkilotlari va xorijiy davlatlar ta’lim tashkilotlari filiallarining xavfsizligi kuchaytiriladi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Davlat ta’lim muassasalari, nodavlat ta’lim tashkilotlari va xorijiy davlatlar ta’lim tashkilotlari filiallarining xavfsizligini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq Respublikadagi davlat ta’lim muassasalari, nodavlat ta’lim tashkilotlari va xorijiy davlatlar ta’lim tashkilotlari filiallarida ta’lim-tarbiya jarayoni ishtirokchilarining xavfsizligini ta’minlash hamda qo‘riqlash tizimlari takomillashtiriladi va ushbu sohani tartibga soluvchi qonunchilik zamonaviy talablarga muvofiqlashtiriladi.
Qaror bilan:
Davlat ta’lim muassasalari, nodavlat ta’lim tashkilotlari va xorijiy davlatlar ta’lim tashkilotlari filiallarining xavfsizligini ta’minlash, ularda qo‘riqlash faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom;
Davlat ta’lim muassasalari, nodavlat ta’lim tashkilotlari va xorijiy davlatlar ta’lim tashkilotlari filiallarining xavfsizlik tizimlarini takomillashtirish va “Xavfsiz ta’lim” konsepsiyasini 2026-2027-yillarda amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
Davlat ta’lim muassasalari, nodavlat ta’lim tashkilotlari va xorijiy davlatlar ta’lim tashkilotlarining filiallari hududida ta’lim-tarbiya jarayoni ishtirokchilari xavfsizligini ta’minlashni tashkil etishga ta’lim tashkilotlari rahbariyati mas’ul hisoblanadi.
Qarorda tarkibida ta’lim muassasasi bo‘lgan vazirlik va idoralar Ichki ishlar vazirligi talablariga asosan bosqichma-bosqich davlat ta’lim muassasalarining qo‘riqlash va xavfsizlik tizimi uchun yuqori tezlikdagi telekommunikatsiya xizmatlaridan belgilangan tartibda foydalanilishini ta’minlash belgilangan.
Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan davlat ta’lim muassasalarida mavjud Internet tarmog‘iga ta’sir etmaydigan alohida aloqa kanali (maxsus kanal) tashkil etiladi.
Ichki ishlar vazirligi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, tarkibida ta’lim muassasasi bo‘lgan vazirlik va idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan hamkorlikda davlat ta’lim muassasalariga qo‘riqlash signalizatsiyalari, “tashvish” tugmalari “Xavfsiz ta’lim” konsepsiyasiga muvofiq bosqichma-bosqich o‘rnatiladi hamda ular shartnoma asosida Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Qo‘riqlash departamentining Axborot-tahlil va monitoring markaziga integratsiya qilinadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari uch oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda serqatnov yo‘llar yoqasida joylashgan, atrofida yo‘l-transport hodisalari sodir etilayotgan ta’lim tashkilotlari ta’lim-tarbiya jarayoni ishtirokchilarining xavfsiz kelib-ketishlarini ta’minlash maqsadida piyodalar yurishlari uchun qulaylik yaratilgan “yashil yo‘laklar” tashkil etish, ushbu tashkilotlar atrofida transport vositalari harakatini cheklash choralari ko‘riladi.
Mazkur Nizom davlat ta’lim muassasalari, nodavlat ta’lim tashkilotlari va xorijiy davlatlar ta’lim tashkilotlari filiallarining, shu jumladan, umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim, kasbiy ta’lim, oliy ta’lim tashkilotlari qo‘riqlanishini, ta’lim-tarbiya jarayoni ishtirokchilarining xavfsizligini ta’minlash, qo‘riqlashning texnik vositalari, yong‘in signalizatsiyasi va videokuzatuv vositalari bilan jihozlash tartibi, qoidalari va usullarini belgilaydi.
Nizom talablari maktabgacha ta’lim muassasalariga hamda xavfsizlikni ta’minlashda alohida idoraviy standartlar va talablarga ega bo‘lgan ta’lim tashkilotlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Nodavlat ta’lim tashkilotlari va xorijiy davlatlar ta’lim tashkilotlari filiallari xavfsizlikni ta’minlash va qo‘riqlash faoliyatini tashkil etishda ixtiyoriy ravishda ushbu Nizomdan foydalanishi mumkin.
Ta’lim tashkilotlarining qo‘riqlashini, ta’lim-tarbiya jarayoni ishtirokchilarining sog‘lig‘ini himoya qilish va xavfsizligini ta’minlashni tashkil etish uchun bevosita ta’lim tashkilotlarining rahbari javobgar bo‘ladi.
O‘zA