Davlat ramzlariga muhabbat uyg‘otib
Davlat bayrog‘i xalqimizning shon-sharafi, tarixiy xotirasi va intilishlarini o‘zida mujassam etib, shu yurtda yashovchi har bir fuqaroga g‘urur, iftixor bag‘ishlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘ining 31 yilligi munosabati bilan “Mahalla” xayriya jamoat fondi Namangan viloyati bo‘limi tomonidan ta’lim muassasalarida bayram tadbirlari uyushtirildi.

Xususan, Milliy gvardiya hamkorligida Namangan shahridagi 1 va 7-sonli ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktablari, 34-sonli umumta’lim maktabi hamda aholi gavjum joylarda o‘tkazilgan targ‘ibot uchrashuvlarida davlatimiz bayrog‘i mamlakatning mustaqilligini ifodalovchi muqaddas timsollardan biri ekanligi, davlat ramzlaridan birinchi bo‘lib aynan millatimiz bayrog‘i tasdiqlanganligi ta’kidlab o‘tildi.

Davlat bayrog‘i qabul qilingan kunni munosib nishonlash maqsadida “Mahalla” xayriya jamoat fondi tomonidan bir qator tadbirlar o‘tkazildi. Tashkilotchilar tomonidan bilim maskanlarida “Muqaddasdir Vatan bayrog‘i” shiori ostida kamondan o‘q otish, otda yurish, shaxmat, stol tennisi musobaqalari va rasmlar tanlovi o‘tkazildi. O‘quvchilarga O‘zbekiston bayrog‘ini qabul qilinishi va u haqidagi ma’lumotlar yetkazilib, faol o‘g‘il-qizlarning ko‘ksiga davlat bayrog‘i ramzidagi lentalar taqib qo‘yildi.

– Men O‘zbekistonda tug‘ilganman va yashayapman, shu aziz Vatanimning ramzlariga hurmat bilan qarayman, – deydi Namangan shahridagi 1-sonli ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi 10-sinf o‘quvchisi Aleksandr Nartikoyev. – Maktabimizdagi ma’naviyat darsida “Mahalla” fondi xodimlari qatnashib, biz o‘quvchilarga davlat bayrog‘ini qabul qilinishi tarixi, uning o‘lchamlari, ranglari va bayroqdagi oy va yulduzlarning ma’nosini atroflicha bayon qilishdi. Davlat ramzlari to‘g‘risida viktorina ko‘rinishida savol-javoblar uyushtirilib, unda bilimdonligini namoyon etgan tengqurlarim sovg‘alar olishdi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.