O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Davlat organlari va tashkilotlarining rasmiy veb-saytlari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq:
Davlat organlarining rasmiy veb-saytlari faoliyatini “Yagona darcha” tamoyili asosida O‘zbekiston Respublikasi Hukumati portalida yo‘lga qo‘yish, yuritish, ulardagi axborot dolzarbligi va xavfsizligini ta’minlash hamda Hukumat portalida joylashtiriladigan axborotni davlat organlari tomonidan taqdim etish tartibi to‘g‘risidagi nizom;
Yagona platformaga davlat organlarining rasmiy veb-saytlarini o‘tkazish rejasi tasdiqlandi.
Qarorga ko‘ra, “UZJNFOCOM” davlat axborot tizimlarini yaratish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yagona integrator” mas’uliyati cheklangan jamiyati Yagona platforma operatori hisoblanadi.
2025 yil 1 martdan boshlab davlat organlarining rasmiy veb-saytlari faqatgina Yagona platformada yuritiladi. Yangi tashkil etilgan davlat organlari o‘zlarining rasmiy veb-saytlari faoliyatini tashkil etilgan sanadan boshlab bir oy muddatda Yagona platformada yo‘lga qo‘yadi.
Davlat organlari rahbarlari davlat organlarining rasmiy veb-saytlari Yagona platformada yuritilishi uchun shaxsan mas’ul hisoblanadi.
Qarorda davlat organlari belgilangan muddatlarda o‘z rasmiy veb-saytlarining Yagona platformaga o‘tkazilishini ta’minlaydi,
rasmiy veb-sayt Yagona platformaga o‘tkazilganidan so‘ng bir hafta muddatda eski rasmiy veb-saytlar domen manzillarini hamda veb-sayt va undagi ma’lumotlarni saqlab qolgan holda, Yagona platformadagi rasmiy veb-saytlar manziliga yo‘naltiradi yoki ularning faoliyatini to‘xtatadi.
Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2022-2023 yillarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasini yangi boskichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2022 yil 22 avgustdagi PQ-357-son qaroriga asosan 2023 yil 1 yanvardan boshlab davlat organlari va tashkilotlarining rasmiy veb-saytlari va portallarini “Yagona darcha” tamoyili asosida o‘z ichiga oluvchi O‘zbekiston Respublikasi Hukumati portali yagona platformasi ishga tushirilgan edi.
O‘zA