Davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining shaxsiy qabullari o‘tkazilishi va "ishonch telefonlari" faoliyati monitoring qilib boriladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholi bilan muloqot tizimini samarali tashkil qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, Prezident Xalq qabulxonasi quyidagi huquq va vakolatlarga ega:
a) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Virtual va Xalq qabulxonalariga murojaat qilgan shaxslarning huquqlariga rioya etilishi bo‘yicha qonunchilik hujjatlarining so‘zsiz bajarilishi, zarur hollarda, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar xodimlari va "mahalla yettiligi" a’zolarini jalb qilgan holda o‘rganilishini tashkil qilish;
b) davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari tomonidan sayyor va ommaviy qabullar reja-grafiklar asosida o‘tkazilishini nazorat qilish, aholi e’tirozlariga sabab bo‘layotgan masalalar bo‘yicha qabullar tashkil etish yuzasidan bajarilishi majburiy bo‘lgan talabnoma kiritish;
v) davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining shaxsiy qabullari o‘tkazilishini va "ishonch telefonlari" faoliyatini monitoring qilish;
g) aholi murojaatlari bilan ishlash holati to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashlariga tahliliy axborotlar kiritish;
d) davlat organlari va tashkilotlari rahbarlariga jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari buzilishi, ularni keltirib chiqargan sabab va sharoitlarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritish;
j) jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga rioya etilishini nazorat qilish va aniqlangan qonunbuzilishi holatlari yuzasidan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma tuzish hamda ko‘rib chiqish uchun sudga yuborish;
z) murojaatlarda ko‘tarilgan masala, muammo va keltirilgan vajlarni har tomonlama tekshirish va samarali hal qilish yuzasidan murojaatlarni ko‘rib chiquvchi davlat organlari va tashkilotlariga ko‘rsatmalar berish;
i) o‘z vakolatlari doirasiga kiruvchi masalalar yuzasidan davlat organlari va tashkilotlaridan statistik, tahliliy materiallar, xulosalar va boshqa ma’lumotlarni talab qilib olish;
k) davlat organlari va tashkilotlarining murojaatlar va aholi muammolari bilan ishlash, ijtimoiy soha va boshqa ob’ektlarda aniqlangan muammolarni hal qilish borasidagi faoliyatini o‘rganish maqsadida ularning hududi va binolariga moneliksiz kirish;
l) mansabdor shaxslar va fuqarolardan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari buzilishi xususida og‘zaki va yozma tushuntirishlar talab qilib olish;
m) davlat organlari va tashkilotlarining murojaatlar bilan ishlash faoliyatini muhokama qilishga oid yig‘ilishlarida ishtirok etish;
n) qonunchilikda belgilangan tartibda davlat organlari va tashkilotlari ma’lumotlar bazalaridan foydalanish;
o) aholi kayfiyatiga ta’sir qilayotgan masalalar bo‘yicha davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining hisobotini eshitib borish;
p) o‘ziga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun, zarur hollarda, davlat organlari, ilmiy-tadqiqot muassasalari va boshqa tashkilotlar rahbarlari va mutaxassislaridan iborat tarkibda ishchi guruhlar tuzish;
r) Prezident Xalq qabulxonasi qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquq va vakolatlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
O‘zA