O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Davlat mulkini xususiylashtirish sohasi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.
Unga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga:
davlat aksiya paketlarini xorijiy investorlarga "Toshkent" RFB savdolari orqali xorijiy valyutada sotish va ular bo‘yicha to‘lovlarni shartnomada belgilangan valyutada amalga oshirish;
maxsus iqtisodiy, kichik sanoat, yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalarining bosh rejasiga muvofiq, sanoat zonalari infratuzilma bilan ta’minlangandan va davlat qabul komissiyasi tomonidan qabul qilingandan so‘ng ular hududidagi yer uchastkalarini auksion savdolariga chiqarishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 2 sentyabrdagi "Valyuta siyosatini liberallashtirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi PF-5177-son Farmonining 3-bandi ikkinchi xatboshisi "amalga oshirish taqiqlanadi” so‘zlaridan keyin "Toshkent" RFB savdolari orqali davlat aksiya paketlarini xorijiy investorlarga sotish hamda" so‘zlari bilan to‘ldiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 1 avgustdagi "O‘zbekiston Respublikasida investitsiya muhitini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi PF-5495-son Farmoni 8-bandida:
to‘rtinchi xatboshi chiqarib tashlanadi;
beshinchi va oltinchi xatboshilar tegishlicha to‘rtinchi va beshinchi xatboshilar deb hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 19 fevraldagi "Davlat mulki ob’ektlaridan samarali foydalanish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi PF-5666-son Farmoni 4-bandining to‘rtinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etiladi:
"2025 yil 1 fevraldan boshlab, boshlang‘ich narxi bazaviy hisoblash miqdorining o‘n ming baravarigacha bo‘lgan davlat aktivlarini, yer uchastkalarini (shu jumladan, yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqini va ko‘chma savdo joylarini) hamda davlat ishtirokidagi korxonalarning mulklarini sotish va ijaraga berish bo‘yicha o‘tkaziladigan elektron onlayn auksion savdolari jarayonida ishtirokchilar tomonidan uchinchi qadamdan boshlab shaxsiy hisobvarag‘ida kamida ularning narx taklifiga nisbatan amaldagi zakalat miqdoridagi summaga ega bo‘lish tartibi kiritiladi. Bunda ushbu mablag‘lar zakalat sifatida hisobga olinadi".
O‘zA