Davlat mukofotlari o‘z egalariga topshirildi
O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi tomonidan davlatimiz mustaqilligining o‘ttiz yillik bayrami arafasida “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik” shiori ostida tantanali marosim o‘tkazildi.
Marosimda Milliy gvardiya qo‘mondonligi, Toshkent shahrida joylashgan harbiy qismlar komandirlari, muassasalar boshliqlari va shaxsiy tarkibi ishtirok etdi.
Tadbir avvalida Milliy gvardiya qo‘mondoni barchani qutlug‘ bayram bilan muborakbod etib, ularga ezgu niyatlar bildirdi.
Shuningdek, Qurolli Kuchlarning jangovar tayyorgarligini oshirishdagi alohida xizmatlari, qonun ustuvorligi va tinchlikni ta’minlash yo‘lidagi fidoyiligi va jasorati uchun tizimning bir guruh harbiy xizmatchi va xodimlari yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlanganligini ta’kidladi.
Shundan so‘ng davlatimiz rahbari farmoni bilan berilgan “Mardlik” va “Do‘stlik” ordenlari, “Jasorat”, “Sodiq xizmatlari uchun” va “Shuhrat” medallari hamda “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi" esdalik nishonlari egalariga tantanali ravishda topshirildi
Shu bilan birga xizmatda yuqori natijalarga erishgan bir qator harbiy xizmatchi va xodimlarga polkovnik harbiy unvonlari, namunali xizmatlari hamda ma’naviyat a’lochisi ko‘krak nishonlari ham topshirildi.
O‘zA