Milliy ozodlikni qo‘lgan kiritgan, milliy taraqqiyotning tarixiy bosqichiga qadam qo‘ygan har bir xalq o‘zi uchun Vatanining shonli tarixi, buguni va kelajagi, orzu-intilishlarini mujassam etgan davlat ramzlarini qabul qiladi. Bu ramzlar davlat suverenitetining o‘ziga xos shahodatnomasidir.
Bugun butun xalqimiz 1992 yil 10 dekabr kuni Oliy Kengashning O‘n birinchi sessiyasida qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining davlat madhiyasi” to‘g‘risidagi qonunning 28 yilligini nishonlayapti. Ushbu madhiyada 130 yil davomida erksizlik, huquqsizlik, kamsitish va tahqirlashlar ichra yashab kelgan xalqning istiqloli, orzu- umidlari, ulug‘ maqsadlari o‘z tajassumini topdi.
Bu kun – ulug‘ kun, o‘zini shu muqaddas yurt farzandiman, men taqdirimni ona Vatanim taqdiridan ayro ko‘rolmayman, uni mehribon onamday, otamday sevib ardoqlayman, asrayman, degan har bir o‘zbek, O‘zbekiston fuqarosining, vatandoshlarimizning bayramidir. Negaki, bizning onamizga bo‘lgan sevgimiz mehrimizda namoyon bo‘lganiday, ona Vatanga bo‘lgan muhabbatimiz, avvalo, sadoqatimizda namoyon bo‘ladi.
Bugun ona Vatanimiz taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qo‘ydi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligidagi yangilanishlar tufayli nafaqat iqtisodiy taraqqiyot, ma’naviy taraqqiyot sari ham qadam tashlandi. Millat chin ma’noda o‘zligiga qaytib, o‘zligidan kuch olmoqda. Uchinchi Renessans poydevorini yaratish borasidagi ulug‘ mo‘ljal dunyoda o‘zbekman, O‘zbekiston fuqarosiman, degan har bir ko‘ngilga uyg‘onish bayrog‘ini tikmoqda.
Yangi davr Uchinchi Renessans sari umumxalq yurishini boshlab bermoqda, bu Vatanga fidoyi, sadoqatli, ma’rifatli xalq va yoshlarning ulug‘ maqsadlar yo‘lidagi qadami bo‘ladi.
Buyuk Vatan timsollari, ramzlari har bir davlat, uning kelajak avlodlari uchun ozodlik va milliy g‘urur timsoli, boy ma’naviy obidadir. Madhiya – millatni hamisha o‘z ozodlik yo‘li, ahdida sobit tutib turuvchi ruhiy quvvat manbai hamdir. Shuning uchun ham taraqqiy topgan dunyo xalqlari o‘z davlatining madhiyasini nafaqat shodon va munavvar kunlarida, xatto eng zahmatli va sinovli onlarida ham tik turib mardona kuylaydilar. U millatni, xalqni birlashtiradigan, yuksaltiradigan yengilmas kuchga, yuksak iroda va qat’iyat, jasorat timsoliga aylantira oladigan qo‘shiqdir.
Hindistonda davlat madhiyasini kuylash Vatan sha’nini himoya qilishdek muqaddas burch sanaladi. Qardosh Turkiyada esa milliy madhiyaning alohida ramkaga solingan surati mamlakatdagi maktablarning har bir sinfidagi doskaning yuqorisida davlat bayrog‘i bilan yonma-yon turadi. Turkiya davlat madhiyasining muallifi Mehmet Akif Erso‘y “Alloh bu xalqni takror davlat madhiyasini yozishga majbur qilmasin!” deydi. Bu turk davlati hech qachon ozodligi, erkini qo‘ldan bermasin, deganidir. Xitoyda esa maxsus qarorga asosan har kuni ertalab soat 7.00 da barcha radio va telekanallarda vatanparvarlik namunasi sifatida milliy madhiya yangraydi. Ular davlat bayrog‘ini baland ko‘tarish, davlat madhiyasini g‘urur bilan ijro etishni o‘zlari uchun sharaf deb bilishadi.
Negaki, davlat madhiyasi – milliy birlik va ozodlik ramzidir. Unga ehtirom bilan qarash har bir fuqaroning burchidir. Ana shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, Vatan madhiyasi unga nisbatan yuksak qalb ehtiromi bilan aytiladi. Uning so‘zlarini almashtirish, buzib aytish, hazil-mazax ohangida tilga olmoq Vatanni, millatni haqoratlamoqqa tengdir.
Ba’zan ijtimoiy tarmoqlarda ayrim yosh vatandoshlarimizning davlat madhiyasiga nisbatan bepisand munosabatini o‘qiganda o‘ylanib qolaman. Nahotki, shular o‘zbek farzandi?! Axir allasiz Onani sevib bo‘lmaganiday, Madhiyasiz ham Vatanni sevib bo‘lmaydiku! Kimdir “maktabda bolalarga davlat madhiyasini majburlab ayttirayotgan emish” deb yozibdi. Buning uchun inson huquqlarini pesh qilib, Xalq ta’limi vazirligi, muallimlarni ayblabdi. Axir bu Vatan farzandlariga Vatanni sevma, ulug‘lama, deyish bilan barobar emasmi?
Ular bunday qarash xatto demokratik mezonlari yuksak namuna hisoblanadigan AQSH, Yaponiya, Avstraliya kabi davlatlarda ham yo‘qligini bilarmikinlar?!
Avstraliyada o‘quvchi-yoshlar, talabalar yangi kunni barcha ta’lim muassasalarida o‘ng qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, davlat madhiyasini kuylashdan boshlaydilar.
Yaponiyada har bir o‘quvchi va o‘qituvchi "Kimigayo", ya’ni yapon milliy madhiyasini yaxshi bilishi shart hisoblanadi. Maktabda milliy madhiyani kuylash ham dars, ham muqaddas burch hisoblanadi.
2003 yildan boshlab Tokio shahri qoidalariga binoan maktab ma’murlari tomonidan davlat madhiyasi aytilganda, unga o‘rnidan turib munosib hurmat ko‘rsatmagan, unga jo‘r bo‘lmagan o‘qituvchilarning ismlari yozib olinadi. Bunday o‘qituvchilarga nisbatan tanbeh berish, qayta o‘qitishdan tortib, ular ish haqini pasaytirish, xattoki, ishdan bo‘shatishgacha jazo choralari ko‘riladi. Masalan, 2004 yilda 243 nafar o‘qituvchi xuddi shunday intizomiy jazoga tortilgan. 67 nafar o‘qituvchi mavjud qoidalarga rioya qilmagani, o‘quvchilariga davlat madhiyasi va bayrog‘ini hurmat qilishni o‘rgatmagani uchun ogohlantirilgan. Fukuoka prefekturasida o‘quvchilar vatanparvarligiga Kimigayoni qanchalik baland ovozda kuylay olishiga qarab baho beriladi.
Yaponlar fuqarolarni bolalikdan davlat bayrog‘i va madhiyasiga nisbatan hurmat hissida tarbiyalash ularning ko‘nglida boshqa mamlakatlarning davlat ramzlariga nisbatan ham hurmat hissini shakllantiradi, deb hisoblashadi.
AQSHda milliy madhiya loyihasi (MENC) joriy etilgan bo‘lib, u amerikaliklarga davlat bayrog‘i va madhiyasining ahamiyatini anglatish orqali vatanparvarlikni tarbiyalashni ko‘zda tutadi. Loyihaga mashhur “Jip” brendi, “Bank of Amerika”, “Gibson Foundeyshn” kabi yirik tashkilotlar homiylik qiladi.
Shuningdek, bu loyihani 20 dan ortiq gubernatorlar, Kongress a’zolari, San’at milliy jamg‘armasi, Ta’lim bo‘limi, Amerika tarixi milliy muzeyi, Mudofaa vazirligi, Gumanitar fanlarning milliy jamg‘armasi, Gremmi fondi, Milliy ta’lim assotsiatsiyasi, AQSH merlari konferensiyalari, Amerika maktab ma’murlari assotsiatsiyasi, Musiqa o‘qituvchilari milliy assotsiatsiyasi, Yosh bolalarni o‘qitish bo‘yicha milliy assotsiatsiya kabi davlat va nodavlat tashkilotlari qo‘llab-quvvatlab keladi. 2004 yilda o‘tkazilgan “Harris interaktiv” tashkiloti so‘roviga ko‘ra, har to‘rt amerikalikdan uchtasi davlat madhiyasi va boshqa vatanparvarlik qo‘shiqlarini aynan maktabda o‘rganganini aytgan.
“Milliy madhiya” (MENC) loyihasi ijrochi direktori Jon Mahlmann davlat madhiyasi va vatanparvarlik qo‘shiqlarini o‘rganish bolalarimiz qalbida “Amerika orzusi” g‘oyalarini tarbiyalashga xizmat qiladi, deydi.
Shunday ekan, biz azaldan buyuk davlat, buyuk tarix, buyuk madaniyat yaratgan ajdodlarning vorislari nima uchun davlat ramzlari, madhiyasini kuylashdan tortinishimiz kerak?!
Axir bu Vatanga bo‘lgan cheksiz muhabbat, sadoqat, mardlik, jasorat bilan ona yurt timsoli darajasiga ko‘tarilgan Muhammad Xorazmiy, Imom Buxoriy, Abu Nasr Forobiy, Najmiddin Kubro, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur, Mahmudho‘ja Behbudiy kabi ulug‘ ajdodlarimiz ruhiga hurmat emasmi?! Bizni oq yuvib, oq taragan ona xalqimizga nisbatan ehtiromimiz emasmi?!
Keling, aziz yoshlar, o‘zimizga savol berib ko‘raylik? Nima uchun davlatimiz rahbari ishtirok etgan oliy darajadagi uchrashuvlarda, yurtimiz vakillari qatnashadigan xalqaro miqyosdagi siyosiy, iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy yo‘nalishdagi nufuzli anjumanlarda davlatimiz bayrog‘i baland ko‘tarilib, madhiyamizning tantanavor ohangi taralganda qalblarimiz g‘ururga to‘ladi? Nima uchun jahoniy bellashuvlarda sportchilarimiz muzaffar bo‘lib, ular sharafiga davlat madhiyasi yangrab, Vatanimiz bayrog‘i ko‘tarilganda ko‘zda yosh bilan shohsupaning eng yuqori pog‘onasida mag‘rur turgan vatandoshimizni bag‘rimizga bosgimiz keladi? Negaki, mazkur qo‘shiq bu yorug‘ dunyoda O‘zbekiston degan qutlug‘ diyor borligining tasdig‘i, nishonasi bo‘lib jaranglaydi! O‘sha paytda sizu bizning ham ko‘zimizga qalqib chiqqan bir tomchi yosh – qutlug‘ yoshdir, u bizga shu Vatanning bir bo‘lagi ekanligimizni anglatadigan, uning qayg‘usi bilan yashab, shodligiga sherik ekanligimizning shahodatidir.
Madhiya – o‘zbekman, o‘zbekistonlikman, degan har bir qalbda to‘xtovsiz o‘sayotgan tog‘, to‘xtovsiz gullayotgan bog‘dir. Uning har satri muqaddas tuprog‘imiz zarralaridan kuch, ruh, shijoat oladi. U – erk, ozodlik, erksevar xalq qo‘shig‘i.
Bu bizning qo‘shig‘imiz! Bu sizning qo‘shig‘ingiz! Bu hammamizning qo‘shig‘imizdir! Bu Vatan deb urayotgan yuraklar qo‘shig‘i, bu ovozi O‘zbekiston bo‘lib yangrayotgan bunyodkor elning qo‘shig‘idir! Bu o‘zi har joyda bo‘lsa-da, jon rishtalari bilan shu muqaddas zaminga bog‘langan dunyodagi 50 milliondan ortiq vatandoshlarimizning qo‘shig‘idir.
Bayram muborak, aziz do‘stlar, qadrli vatandoshlar!
Minhojiddin MIRZO,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari