Hukumatning 2024 yil 4 oktyabrdagi “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar ustidan nazorat qilish bo‘yicha davlat komissiyasi hamda uning hududiy komissiyalari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida“gi 631-son qaroriga SHARH
So‘nggi paytlarda respublikada giyohvandlik vositalari, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar, shuningdek, prekursorlarning (keyingi o‘rinlarda – giyohvandlik) suiiste’moli va ularning noqonuniy aylanishi bilan bog‘liq holatlar yildan yilga ortib bormoqda.
Bu esa, o‘z navbatida nafaqat yoshlar balkim aholi orasida giyohvandlik vositalari suiiste’molining ommalishib borayotganligidan dalolat bermoqda.
Tahlillarga ko‘ra, 2024 yilning 6 oyi davomida, dispanser va profilaktik xisobga olingan umumiy giyohvandlar soni 22,2 foizga oshgan. Ular orasida yoshlarning ulushi 16,3 foizni tashkil etadi.
Ushbu holatlarni oldini olish borasidagi ogohlantirish va profilaktik tushintiruv chora-tadbirlarini yangi bosqichga ko‘tarish bilan birga, mamlakatimizda giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha yillik milliy dasturlarni tasdiqlash va ushbu yo‘nalishda mutasaddi davlat organlari va tashkilotlari hamda hududiy komissiyalarning faoliyatini muvofiqlashtirishni yangicha tizimini joriy etishni taqazo etmoqda.
Shu sababli, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yish orqali ularning aholi salomatligi va mamlakatimiz genofondiga salbiy ta’sirini bartaraf etish strategik chora-tadbirlari to‘g‘risida“ 2024 yil 6 mayda 73-sonli Farmoni qabul qilindi.
Farmon bilan “O‘zbekiston Respublikasida giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha 2024 — 2028 yillarga mo‘ljallangan milliy strategiya“ va Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar ustidan nazorat qilish bo‘yicha davlat komissiyasi (keyingi o‘rinlarda – Davlat komissiyasi) tarkibi tasdiqlandi.
Shuningdek, Farmonda Davlat komissiyasiga bir qator vazifalar yuklandi. Xususan,
– Milliy strategiyaning to‘liq, o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini tashkil etish, uni amalga oshirish bo‘yicha yillik milliy dasturlarni tasdiqlash va ijrosini nazorat qilib borish, ushbu yo‘nalishda mutasaddi davlat organlari va tashkilotlari hamda hududiy komissiyalarning faoliyatini muvofiqlashtirish;
– har chorakda Milliy strategiya va uni amalga oshirish bo‘yicha yillik milliy dastur ijrosining tanqidiy o‘rganilishini, belgilangan maqsad va vazifalarni ro‘yobga chiqarishga to‘sqinlik qilayotgan omillarni aniqlash va oldini olishga qaratilgan aniq choralar ko‘rilishini ta’minlash;
– respublikada giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashishni muvofiqlashtirish, aholi orasida giyohvandlik va zaharvandlikning barvaqt profilaktikasi bo‘yicha samarali chora-tadbirlarini belgilash;
– ustuvor yo‘nalishlardan kelib chiqqan holda, Davlat komissiyasi hamda uning hududiy komissiyalari to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash.
Farmonda belgilangan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar ustidan nazorat qilish bo‘yicha davlat komissiyasi hamda uning hududiy komissiyalari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida“gi
631-son qarori qabul qilindi.
Qarorning 1-ilovasiga muvofiq Davlat komissiyasi to‘g‘risidagi nizom, 2-ilovasi bilan esa hududiy komissiya to‘g‘risidagi namunaviy nizom tasdiqlandi.
Nizom bilan Davlat komissiyasiga bir qator vakolatlar berildi. Jumladan,
– yangi paydo bo‘layotgan giyohvandlik vositalarning noqonuniy muomalasi va suiiste’molini barvaqt oldini olish maqsadida vaqtinchalik taqiqlash yoki cheklash (moratoriy) bo‘yicha choralar ko‘rish;
– giyohvandlik vositalari ustidan nazorat qilish bo‘yicha qisqa muddatli dasturlarni tasdiqlash va ularni amalga oshirilishi ustidan nazoratni olib borish;
– giyohvandlik vositalarining qonuniy muomalasi ustidan nazorat o‘rnatish, noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish faoliyatini muvofiqlashtirish;
– giyohvandlik vositalari noqonuniy aylanmasining yangicha, ayniqsa Internet jahon axborot tarmog‘idagi usullariga barham berish, bu boradagi tezkor-qidiruv, tergov va ekspert-kriminalistik choralar kompleksini rivojlantirishga ko‘maklashish;
– giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq vaziyatning asosiy omillari hamda tendensiyalarini aniqlash va prognoz qilish orqali giyohvandlik va narkojinoyatlarning oldini olishga doir choralarni belgilash;
– aholi, ayniqsa xotin-qizlar va yoshlarda “giyohvandlikka qarshi immunitet”ni, o‘quvchi va talabalar orasida psixotrop moddalarni iste’mol qilishga murosasiz munosabatni shakllantirish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilash;
– mahalla, qishloq, ovul, chegara hududlar va ta’lim muassasalarida giyohvandlik vositalarining suiiste’moli va ularning noqonuniy aylanishi oldini olish, aholi orasida giyohvandlik va zaharvandlikning barvaqt profilaktikasi bo‘yicha samarali chora-tadbirlarini belgilash;
– giyohvandlik va narkojinoyatlarni oldini olish borasidagi vazifalar va topshiriqlarning bajarilishiga sustkashlikka yo‘l qo‘yayotgan davlat organlari va tashkilotlarning rahbariy kadrlariga nisbatan tegishli chora ko‘rish.
Ushbu qaror kelajakda respublikada giyohvandlikni kamaytirish va unga qarshi choralarni kuchaytirish, mutasaddi davlat organlari va tashkilotlari hamda hududiy komissiyalarning ushbu yo‘nalishdagi faoliyatlarini tizimli tashkil etib borishga xizmat qiladi.
O‘zA