Davlat ishtirokidagi barcha banklar faoliyati transformatsiya qilinadi
Bank-moliya sohasini isloh qilish mamlakat ravnaqi va aholi farovonligini taʼminlashda muhim omil hisoblanadi.
Bank-moliya sohasini isloh qilish mamlakat ravnaqi va aholi farovonligini taʼminlashda muhim omil hisoblanadi. Chunki mazkur tizimdagi oʻzgarishlar, avvalo, mijozlar ehtiyojini qondirish, qolaversa, bugungi jarayonlar bilan bevosita bogʻliqdir.
Misol uchun, joriy yildan boshlab banklarni xususiylashtirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bunday islohot oʻz-oʻzidan emas, balki davlat ishtirokidagi banklarni xususiylashtirish jarayoni ilgʻor texnologik yechimlar va bank ishining ilgʻor tajribasi, shuningdek, yetarli moliyaviy imkoniyatlarga ega ekanini koʻrsatadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 12-maydagi “2020-2025 yillarga moʻljallangan Oʻzbekiston Respublikasining bank tizimini isloh qilish strategiyasi toʻgʻrisida”gi farmoni sohada bu kabi yangiliklarni hayotga tatbiq etishda muhim qadam boʻldi.
Farmon bilan 2020-2025 yillarga moʻljallangan Oʻzbekiston Respublikasining bank tizimini isloh qilish strategiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi bank tizimini isloh qilish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” hamda strategiyani amalga oshirishning maqsadli koʻrsatkichlari tasdiqlandi.
Mazkur Strategiya Markaziy bank va Moliya vazirligi tomonidan Jahon banki bilan hamkorlikda mamlakat bank tizimining joriy holatini oʻrganish natijalari boʻyicha asosiy xulosalar va tavsiyalar, shuningdek, xorijiy davlatlarning moliya sektorini transformatsiya qilish tajribasi hamda moliya sohasidagi xalqaro tendensiyalarni inobatga olgan holda ishlab chiqildi.
Muammo va yechim
Strategiyada bank tizimida hozirgi kunda saqlanib qolayotgan muammo va dolzarb masalalarga alohida eʼtibor qaratilgan. Masalan, bunda bank tizimida davlatning yuqori darajadagi ishtiroki natijasida moliyaviy va inson resurslaridan samarasiz foydalanilayotganligi, ularda korporativ boshqaruv va tavakkalchiliklarni boshqarish tizimlari toʻgʻri yoʻlga qoʻyilmaganligi koʻrsatib oʻtildi. Shuningdek, davlat ishtirokidagi banklarning ustuvor dasturlar, sohalar va davlat ulushiga ega korxonalarga bozor stavkalaridan kam boʻlgan stavkalarda kreditlar ajratuvchi anʼanaviy “taraqqiyot banklari” vazifasini bajarishi kerakligi, kreditlashning yuqori surʼatlarda oʻsib borayotganligi va buning natijasida banklarning barqarorlik darajasini ifodalovchi likvidlilik va kapital yetarlilik koʻrsatkichlariga salbiy taʼsir etayotganligi, imtiyozli kreditlar ulushining yuqori darajada saqlanib qolayotganligi natijasida moliya bozorida narx signallarining notoʻgʻri shakllanishi, shuningdek, pul-kredit siyosatining transmission mexanizmlarining ishlashiga salbiy taʼsir koʻrsatayotganligi, yuqori darajadagi dollarlashuv, shuningdek, kredit va depozitlarning yirik korxonalar va iqtisodiyotning alohida sohalarida jamlanganligi (konsentratsiyasi) natijasida bank tizimining valyuta, kredit va likvidlilik xatarlariga bardoshliligining zaifligi kabilar shular jumlasidandir.
Mazkur Strategiyani ishlab chiqish jarayonida Jahon banki bilan hamkorlik, xususan, islohotlar jarayonidagi asosiy tavakkalchiliklar va ularni minimallashtirishga qaratilgan choralarni ishlab chiqish maqsadida boshqa davlatlarda amalga oshirilgan bank tizimidagi islohotlarning ijobiy va salbiy tomonlarini oʻrganishga qaratildi va natijada muhim xulosalar shakllantirildi.
Birinchidan, bank tizimida davlat ulushining qisqartirilishi bank tizimini rivojlantirishning muhim omili hisoblanadi. Ikkinchidan, davlat ishtirokidagi banklarni xususiylashtirish jarayoni ilgʻor texnologik yechimlar va bank ishining ilgʻor tajribasi, shuningdek, yetarli moliyaviy imkoniyatlarga ega nufuzli va sifatli aksiyadorlarga yoʻl ochishi lozim. Uchinchidan, islohotlar muvaffaqiyatining asosiy shartlaridan biri bu – banklarni qisman emas, toʻliq xususiylashtirishdir. Toʻrtinchidan, davlat ishtirokidagi banklar va real sektor korxonalarini parallel ravishda isloh qilish iqtisodiy islohotlarning samaradorligida muhim oʻrin tutadi. Shu bilan birga, davlat ishtirokidagi korxonalarni restrukturizatsiya qilish va xususiylashtirish ularning iqtisodiy imkoniyatlarini oshirib, banklar faoliyatiga davlat aralashuvini keskin qisqartiradi. Beshinchidan, islohotlar davrida davlat ishtirokidagi korxonalarning kreditlashga boʻlgan talabini cheklab qoʻymaslik hamda moliyaviy ommaboplikni taʼminlash uchun ayrim banklarda davlat ulushini saqlab turish maqsadga muvofiq.
Tizimni isloh qilish va rivojlantirishning toʻrtta ustuvor yoʻnalishi
Strategiya doirasida keyingi besh yillikda bank-moliya tizimini isloh qilish va rivojlantirishning toʻrtta ustuvor yoʻnalishlari belgilangan.
Jumladan, birinchi yoʻnalish boʻyicha bank tizimining samaradorligini oshirish banklarni iqtisodiy rivojlanishga ijobiy taʼsirini kuchaytiradi. Bunda, bank tizimiga zamonaviy yechimlarni joriy qilish, moliyaviy va inson resurslari samaradorligini oshirishga ijobiy taʼsir koʻrsata oladigan moliyaviy barqaror va nufuzli investorlarni jalb qilish, imtiyozli va subsidiyalashgan kreditlarni qisqartirish, kreditlashni pul-kredit siyosati signallari asosida faqat bozor shartlarida amalga oshirishga oʻtish, kredit resurslaridan erkin foydalanish imkoniyatlarini oshirish maqsadida banklarning davlat mablagʻlariga boʻlgan qaramligini pasaytirish, banklarning samarali infratuzilmasini yaratish, bank faoliyatida zamonaviy texnologik yechimlarni keng joriy etish nazarda tutiladi.
2. Banklarning moliyaviy barqarorligini oshirish rejalashtirilgan islohotlar muvaffaqiyati hamda bank tizimiga ishonchni saqlab turishning asosiy omili hisoblanadi. Ushbu yoʻnalishda xalqaro standartlar va ilgʻor tajribani qoʻllagan holda banklarda korporativ boshqaruvni takomillashtirish, kreditlashning moʻtadil darajada oʻsishini taʼminlash va kredit portfeli sifatini yaxshilash, bank nazoratini va banklarda tavakkalchiliklarni boshqarish tizimlarini rivojlantirish, shu jumladan, riskka asoslangan nazorat tizimini tatbiq etish ishlari amalga oshiriladi.
3. Bank xizmatlari ommabopligini oshirish aholi va tadbirkorlik subyektlari, shu jumladan, yetarli darajada xizmat koʻrsatilmaydigan (past daromadli jismoniy shaxslar, qishloq aholisi, mikrofirma va kichik korxonalar) qatlamning bazaviy bank xizmatlariga boʻlgan talabini qondirishni nazarda tutadi. Moliyaviy ommaboplik Jahon banki bilan hamkorlikda moliyaviy ommaboplikni oshirishning aniq yoʻnalishlari va chora-tadbirlarini belgilovchi Moliyaviy xizmatlar ommabopligini oshirish milliy strategiyasini ishlab chiqish va uni amalga oshirish, davlat ishtirokini aholi va kichik biznes subyektlarining yetarlicha xizmat koʻrsatilmaydigan va zaif qatlamlariga yoʻnaltirish, mavjud boʻshliqlarni toʻldirish maqsadida moliyaviy vositachilik ekotizimini rivojlantirish hisobiga taʼminlanadi.
4. Bank tizimida davlat ulushini qisqartirish tizimni tubdan isloh qilishning eng muhim komponentidir. Ushbu maqsadda shaffof tanlov asosida banklardagi davlat ulushini nufuzli xorijiy investorlarga sotish, xususiylashtirilayotgan banklarda davlat ishtiroki va aralashuvidan toʻliq voz kechish, bank tizimini transformatsiya qilish va xususiylashtirish davrida hosil boʻladigan iqtisodiy boʻshliqlarni toʻldirish maqsadida davlat ishtirokini uchta bankda saqlab turish nazarda tutilmoqda.
Davlat ishtirokidagi barcha banklar faoliyati transformatsiya qilinadi
Yana bir eʼtiborli jihat shuki, strategiya doirasida banklarning biznes modellarini oʻzgartirish orqali faoliyatini tijoratlashtirish va mijozga yoʻnaltirilganligini oshirish, ularning korporativ boshqaruv va risk-menejment tizimlarini takomillashtirish, xizmatlar sifatini va koʻlamini oshirish maqsadida xalqaro moliya institutlari va sohaga ixtisoslashgan konsultantlarni jalb etgan holda davlat ishtirokidagi barcha banklar faoliyati transformatsiya qilinadi.
Bank tizimini isloh qilish davrida barcha aholi qatlamlarining moliyaviy xizmatlarga boʻlgan talabini qondirish, bank xizmatlarining hududiy qamrovini taʼminlash va davlatning ijtimoiy-iqtisodiy siyosatini amalga oshirish maqsadida davlat ishtiroki uchta bankda – Milliy bank, Agrobank va Mikrokreditbankda saqlab qolinadi.
Milliy bank faoliyati ustuvor ravishda strategik korxonalar va investitsion loyihalarga bozor shartlarida xizmat koʻrsatuvchi, shuningdek, keng qamrovli bank mahsulotlarini taqdim etuvchi tizimli ahamiyatga molik bank sifatida belgilandi.
Agrobank va Mikrokreditbank filiallari tarmogʻining hududiy qamrovini inobatga olgan holda ularning faoliyati aholi, kichik biznes subyektlari hamda qishloq xoʻjaligidagi ishlab chiqaruvchilarni davlat tomonidan kredit orqali qoʻllab-quvvatlashga, hududlarda, shu jumladan, moliyaviy xizmatlar koʻrsatish qiyin boʻlgan olis tumanlarda jismoniy shaxslar va kichik tadbirkorlik subyektlariga xizmat koʻrsatish orqali barcha hududlarda bank xizmatlari ommabopligini oshirishga yoʻnaltiriladi.
Ipoteka-bank, Oʻzsanoatqurilishbank, Asaka bank, Aloqabank, Qishloq qurilish bank va Turonbankdagi davlat ulushlarini bosqichma-bosqich xususiylashtirish, bunda, birinchi bosqichda banklar faoliyatini xalqaro moliya institutlari koʻmagida transformatsiya qilish, ikkinchi bosqichda esa davlat aksiyalari paketini strategik investorlarga sotish nazarda tutilgan.
Mazkur Strategiyani amalga oshirish doirasida Xalq banki va Aziya alyans bank davlat aksiyalari paketini xorijiy strategik investorlarga sotish rejalashtirilgan. Shunga muvofiq, Xalq bankini xususiylashtirishga tayyorlash jarayonida jamgʻarib boriladigan pensiya tizimi mablagʻlarini boshqarish Moliya vazirligiga oʻtkaziladi. Bundan tashqari, Oʻzagroeksportbank va Poytaxt bankning faoliyati qayta koʻrib chiqiladi.
Markaziy bank – tizim regulyatori
Bank tizimini isloh qilish va xususiylashtirishga tayyorlashda Markaziy bankning bank tizimining regulyatori sifatidagi rolini kuchaytirish orqali lozim darajadagi prudensial nazoratning amalga oshirilishi moliya tizimi barqarorligini taʼminlashning muhim komponenti hisoblanadi.
Shu nuqtayi nazardan Markaziy bank tomonidan Jahon banki bilan hamkorlikda tijorat banklari faoliyati prudensial nazorati mexanizmlari va jarayonlarining Bazel qoʻmitasining Samarali bank nazoratining asosiy tamoyillariga muvofiqligini oʻrganish maqsadida baholash oʻtkazilib, aniqlangan kamchilik va zaif jihatlarni bartaraf etishga qaratilgan Harakatlar rejasi ishlab chiqildi.
Strategiyani amalga oshirish doirasida mazkur Harakatlar rejasida nazarda tutilgan banklarni tartibga solish normalari va nazorat qilish jarayonlarini takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish koʻzda tutilmoqda.
Strategiya doirasida amalga oshiriladigan islohotlar natijasida davlat ulushi boʻlmagan banklar aktivlarining bank tizimi jami aktivlaridagi ulushini joriy 16 foizdan 2025-yil yakuniga qadar 60 foizgacha oshirish, banklarning xususiy sektor oldidagi majburiyatlarining umumiy majburiyatlardagi ulushini joriy 28 foizdan 2025-yil yakunigacha 70 foizgacha oshirish, davlat ulushiga ega kamida uchta bank kapitaliga 2025-yilga qadar yetarli tajriba, bilim va obroʻga ega kamida uchta strategik xorijiy investorlarni jalb qilish, umumiy kreditlash hajmida nobank kredit tashkilotlarining ulushini joriy 0,35 foizdan 2025-yil yakuniga qadar 4 foizgacha oshirish, banklar depozitlarining majburiyatlariga nisbatini joriy 41 foizdan 2025-yil yakuniga qadar 50 foizga oshirish, banklarning xorijiy valyutadagi majburiyatlarining jami majburiyatlardagi ulushini joriy 58 foizdan 2025-yil yakuniga qadar 40 foizgacha kamaytirish rejalashtirilgan. Mamlakat bank-moliya sektori rivojlanish darajasi va barqarorligini baholash maqsadida 2024-yilning yakuniga qadar Xalqaro valyuta jamgʻarmasi va Jahon bankining dasturi (FSAP) asosida moliyaviy sektor holati oʻrganilib boriladi.
Xulosa oʻrnida aytish joizki, Prezident farmoni bilan 2020-2025 yillarga moʻljallangan Oʻzbekiston Respublikasining bank tizimini isloh qilish strategiyasi, “Yoʻl xaritasi” va strategiyani amalga oshirishning maqsadli koʻrsatkichlari tasdiqlanishi bank-moliya sohasi faoliyatini tubdan oʻzgartirishga puxta zamin yaratadi. Shu bilan birga, tizimda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar bartaraf etilib, eskirgan, bugun oʻrnini yoʻqotgan talab va uslublar ish tartibidan chiqariladi. Joriy etiladigan yangi isloh nafaqat mamlakat iqtisodiyotini mustahkamlash, balki xalqimiz dasturxoni toʻkinligini taʼminlash hamda bank mijozlari qadrini oshirishga xizmat qiladi.
Bahrom JOʻRAYEV,
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki
boshqarma boshligʻi oʻrinbosari.