Davlat idoralari faoliyatida ochiqlik qanday ta’minlanmoqda?
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan davlat idoralari faoliyati ochiqligini ta’minlash sohasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
Bu savolga Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi axborot xizmati rahbari Sherzod Saparov javob berdi:
– Agentligimiz tomonidan 2024 yilning 6 oyi davomida davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini ta’minlash sohasida amalga oshirilgan ishlar holati tahlil qilindi.
Xususan, davlatimiz rahbarining “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bilan tasdiqlangan ochiq e’lon qilinishi lozim bo‘lgan ma’lumotlarning o‘z vaqtida rasmiy veb-sayt va Ochiq ma’lumotlar portaliga joylashtirilishi holati davlat organi va tashkilotlarida monitoring qilindi.
Aniqlanishicha, 106 vazirlik va idoraga jami 1 ming 527 majburiyat belgilangan bo‘lib, joriy yilning 2-chorak holatiga shulardan faqatgina 577 tasining ijrosi o‘z vaqtida ta’minlangan.
Misol uchun, davlat xaridlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar 50 ta davlat idorasidagina o‘z vaqtida va belgilangan resurslarda joylashtirilgan. Xizmat safarlari va xorijdan tashrif buyurgan mehmonlarni kutib olish xarajatlari haqidagi ma’lumotlar 43 ta vazirlik va idora tomonidan to‘liq ochiq e’lon qilingan.
Shu kabi, ish reja to‘g‘risidagi ma’lumotlar 53 ta, yillik xarajatlar smetasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar 44 ta, jamoatchilik kengashlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar 36 ta vazirlik va idoralar tomonidan belgilangan talablar asosida e’lon qilingani aniqlandi.
O‘rganishlar davomida Andijon viloyati hokimligi, Madaniy meros agentligi, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ kabi tashkilotlarda joriy yil holatiga oid ijtimoiy ahamiyatga molik bo‘lgan biror bir ma’lumot yuklanmagan.
Shu bilan birga, ochiq ma’lumotlarni e’lon qilishda yuqori samaradorlik Sport vazirligi (95%), Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi (80%), Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi (80%), Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi (75%) hamda Samarqand viloyat hokimligi (76%) tomonidan qayd etilgan.
O‘rganish yakunlari bo‘yicha kamchiliklarni bartaraf etish va qonunbuzilishlarining kelib chiqishiga sababchi bo‘lgan mansabdor shaxslarni intizomiy javobgarlikka tortish bo‘yicha 11 taqdimnoma kiritildi.
Agentlik tomonidan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti bilan hamkorlikda davlat organlarining ochiqlikni ta’minlashga mas’ul xodimlarini onlayn o‘qitishga mo‘ljallangan “E-learning” ta’lim platformasi ishga tushirildi.
Joriy yilning 6 oyi davomida mazkur platforma orqali 116 ta tashkilotning 433 nafar xodimi ro‘yxatdan o‘tkazilib, ulardan 330 nafari o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tamomladi, 100 nafarga yaqini o‘qish jarayonida.
Kelgusida mazkur platforma orqali nodavlat notijorat tashkilotlari, OAV vakillarining ochiqlikni ta’minlash sohasidagi malakalarini oshirishga qaratilgan maxsus o‘quv modullari ishlab chiqilishi rejalashtirilgan.
Ochiqlikni ta’minlash sohasidagi yana bir muhim yo‘nalish – bu davlat idoralarining ishonch telefonlari, Call-markazlar fuqarolar murojaatlarini qabul qilishga mo‘ljallangan aloqa kanallarining samaradorligi hisoblanadi.
Xabaringiz bor, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga davlat organlari va tashkilotlarining qayta aloqa tizimi samaradorligi darajasini baholash maqsadida «Qayta aloqaning sirli mijozi» tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish vazifasi yuklatilgan.
Bu borada Agentlik tomonidan doimiy ravishda monitoring tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda. Jumladan, hisobot davrida barcha tuman va shahar hokimliklaridagi ishonch telefonlarining faoliyat samaradorligi o‘rganildi.
Natijada 70 ta tuman va shahar hokimliklarida qayta aloqa tizimi samarasiz tashkil etilgani aniqlanib, yo‘l qo‘yilgan qonunbuzilishi holatlarini bartaraf etish hamda kelgusida ushbu holatlar takrorlanishining oldini olish choralarini ko‘rish bo‘yicha tegishli tuman va shahar hokimliklariga taqdimnomalar kiritildi.
N.Abduraimova,
O‘zA