Davlat e’tibori — fermerga kuch, yurtga baraka
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 8-mayda qabul qilingan PF-82-sonli “Paxta va bug‘doy yetishtiruvchilarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat yuritayotgan fermer va klasterlar tomonidan katta mamnuniyat bilan qarshi olindi.
Bugungi kunda jahon iqtisodiyotida kuzatilayotgan murakkab vaziyat, geosiyosiy tarangliklar, global bozorlardagi beqarorlik hamda oziq-ovqat xavfsizligi bilan bog‘liq xavflar har bir davlatdan milliy manfaatlarni qat’iy himoya qilishni talab etmoqda. Ana shunday sharoitda davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan mazkur hujjat qishloq xo‘jaligida mehnat qilayotgan insonlarga katta rag‘bat va ertangi kunga ishonch bag‘ishladi.
Farmonga muvofiq, paxta va bug‘doy yetishtiruvchilar uchun imtiyozli kreditlar bo‘yicha foiz xarajatlarining bir qismi davlat tomonidan qoplab berilishi, dizel yoqilg‘isi uchun subsidiyalar ajratilishi, paxta-to‘qimachilik klasterlari hamda qayta ishlovchi korxonalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari kengaytirilishi belgilandi.
Xususan, paxta yetishtiruvchilar kreditlarni belgilangan muddatlarda qaytargan taqdirda foiz to‘lovlarining 2,5–5 foizli qismi kompensatsiya qilinadi. Bug‘doy yetishtiruvchilari uchun ham imtiyozli shartlar yaratilgan bo‘lib, kreditni o‘z vaqtida qaytargan xo‘jaliklarga foiz to‘lovlarining bir qismi davlat hisobidan qoplab beriladi. Shuningdek, dizel yoqilg‘isi xarajatlarining muayyan qismi subsidiya qilinishi ishlab chiqarish xarajatlarini sezilarli darajada kamaytirishga xizmat qiladi.
Eng muhimi, bu kabi qo‘llab-quvvatlash choralari fermerlarning ruhini ko‘tardi. Yer bilan mehnat qilayotgan inson uchun davlat e’tibori va mehnatining qadrlanishi juda muhim. Mazkur farmon fermerlarning o‘z faoliyatiga, kelajakdagi daromadiga va ertangi kuniga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamladi.
Bugun mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash strategik ahamiyat kasb etmoqda. Shu nuqtai nazardan, paxta va g‘alla yetishtiruvchilarni qo‘llab-quvvatlash nafaqat agrar sohani rivojlantirish, balki xalq farovonligini ta’minlash, ichki bozor barqarorligini saqlash va eksport salohiyatini oshirishning ham muhim omili hisoblanadi.
Mutaxassislar fikricha, mazkur imtiyozlardan samarali foydalanilsa, paxta-g‘alla yetishtirishga ixtisoslashgan hatto birgina tumanning o‘ziga taxminan 10 milliard so‘mgacha davlat subsidiya mablag‘lari kirib kelishi mumkin. Bu esa qishloq iqtisodiyotini rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi daromadlarini oshirish va qayta ishlash sanoati taraqqiyoti uchun muhim moliyaviy manba bo‘lib xizmat qiladi.
Darhaqiqat, davlat va fermer o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va hamkorlik qanchalik mustahkam bo‘lsa, yurtimizda mo‘l-ko‘lchilik, baraka va iqtisodiy barqarorlik shunchalik kuchayadi. PF-82-sonli Farmon ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qiladigan muhim hujjat sifatida ahamiyat kasb etadi.
N.Mirabdullayev,
O‘zbekiston fermerlari kengashi bo‘lim boshlig‘i