Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat dasturida inson qadri va qonun ustuvorligini ta’minlash ustuvor vazifa sifatida belgilangan

Munosabat

Ma’lumki, so‘nggi yillarda davlat boshqaruvida markazlashgan tizimdan xalqqa yaqin, ochiq va hisobdor boshqaruv modeliga o‘tish, xususan, “davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak” degan tamoyilni hayotga izchil tatbiq etish ustuvor vazifaga aylandi. Bu jarayonda islohotlar faqat iqtisodiy sohada emas, balki jamiyatning ijtimoiy, huquqiy va ma’naviy asoslarini ham tubdan yangilashga qaratilgani bilan yanada ahamiyatlidir.

Ayniqsa, “inson qadri uchun” degan g‘oya davlat siyosatining bosh mezoni sifatida qaror topdi. Endi har bir qonun, har bir qaror va har bir dastur avvalo inson manfaatiga xizmat qilishi, uning huquq va erkinliklarini ta’minlashi, munosib hayot sharoitini yaratishi lozim. Bu esa islohotlarning mazmuni va maqsadini aniq belgilab bermoqda.

Shu nuqtai nazardan qaraganda, 2026-yil 16-fevral kuni Prezidentimiz tomonidan imzolangan “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yilida ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar dasturlari va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmon mamlakat taraqqiyotiga xizmat qiluvchi asosiy hujjatlardan biri bo‘ldi.

Sababi, mazkur hujjat shunchaki navbatdagi yillik dastur emas, balki uzoq muddatli strategik maqsadlarning amaliy ifodasi hisoblanadi. Unda jamiyatning eng quyi bo‘g‘inidan tortib, markaziy davlat boshqaruvi tizimigacha bo‘lgan barcha bo‘g‘inida tub sifat o‘zgarishlarini amalga oshirish nazarda tutilgan. Bu esa davlat va jamiyat munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqish, fuqarolarning ijtimoiy faolligini oshirish, qonun ustuvorligini ta’minlash hamda adolatli jamiyat qurish yo‘lidagi izchil harakatlarga zamin yaratib beradi.

Ayniqsa, Davlat dasturida sud-huquq tizimini takomillashtirish, inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, mahalla institutini mustahkamlash kabi yo‘nalishlar ustuvor vazifa sifatida belgilangani e’tiborga molik.

Jumladan, farmonning markazida mahalla instituti turibdi. Chunki mahalla bu – faqat ma’muriy tuzilma emas, balki jamiyatning eng quyi va eng ta’sirchan bo‘g‘inidir. Yangi Davlat dasturida mahallalarning moliyaviy mustaqilligini oshirish, ularga qo‘shimcha vakolatlar berish, aholining muammolarini joyida hal etish mexanizmlarini kuchaytirish nazarda tutilgan. Bu esa davlat boshqaruvini markazdan hududlarga, hududlardan esa mahallalarga yaqinlashtirish deganidir.

Mahallalarda ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirish, ishsizlikni kamaytirish, kambag‘allikni qisqartirish, xotin-qizlar va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasida yangi dasturlar amalga oshirilishi belgilanmoqda. Bu jamiyatda ijtimoiy adolat va barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi.

Qolaversa, Davlat dasturida sud-huquq sohasini yanada liberallashtirishga ham alohida urg‘u berilgan. Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, so‘nggi yillarda sudlarning mustaqilligini ta’minlash, advokatura institutini kuchaytirish, tergov jarayonlarida qonuniylikni mustahkamlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Davlat dasturida ushbu jarayonlarni yanada chuqurlashtirishga qaratilgan vazifalar belgilangan.

Jumladan, asosiy vazifalardan biri odil sudlovni ta’minlash, fuqarolarning sudga bo‘lgan ishonchini oshirishdir. Buning uchun sud ishlarini raqamlashtirish, ochiqlik va shaffoflikni kuchaytirish, sud qarorlarining ijrosini ta’minlash mexanizmlarini takomillashtirish hamda sudyalar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining mas’uliyatini oshirish kabi chora-tadbirlar belgilanmoqda.

Shuningdek, Huquq ustuvorligi indeksida mamlakatimizning o‘rnini yaxshilash va hududlarning huquq ustuvorligi indeksini takomillashtirish, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotini jalb qilgan holda boshqaruv samaradorligi hamda odil sudlov tizimini komplek rivojlantirish va “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish kabi ustuvor vazifalar nazarda tutilgan.

Darhaqiqat, qonun ustuvorligi prinsipini hayotga to‘liq joriy etish, davlat organlari faoliyatida “inson qadri uchun” tamoyilini ta’minlash, fuqarolar murojaatlari bilan ishlash tizimini takomillashtirish asosiy vazifalaridan hisoblanadi.

Aholi uchun eng muhim yangiliklardan yana biri bu – sud ishlarini yuritishda himoya institutining takomillashtirilishidir. Xususan, jinoyat ishini sudga yuborishda ayblov hulosasi bilan birga “himoya fikri”ni taqdim etish tizimi joriy etilmoqda. Bu, o‘z navbatida, fuqarolarning o‘z huquqlarini amalga oshirish imkoniyatlarini kengaytiradi va davlat idoralariga bo‘lgan ishonchni mustahkamlaydi.

Shu bilan birga, nizolarni sudga qadar muqobil hal etish institutlari faoliyatini takomillashtirish, mediatorlarning o‘zini-o‘zi boshqarish organi – O‘zbekiston mediatorlar palatasini tashkil etishga qartilgan normativ-huquqiy hujjat ishlab chiqish nazarda tutilgan. Ushbu amaliyot orqali sudlarga ko‘rib chiqilayotgan ishlar doirasidan kelib chiqib tomonlarni mediator bilan majburiy axborot uchrashuviga yuborish va nizolarni muqobil hal etish tizimi ishga tushiriladi.

Jamiyat yuksalishi, avvalo, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatiga bog‘liq. Shu bois, Davlat dasturida huquqiy targ‘ibot ishlarini kuchaytirish, yoshlarda qonunga hurmat ruhini shakllantirish, ta’lim muassasalarida huquqiy bilimlarni oshirish kabi vazifalar belgilangan.

Umuman olganda, “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yili Davlat dasturi mamlakat taraqqiyotining yangi bosqichini belgilab beruvchi muhim hujjat sanaladi. Unda belgilangan vazifalar shunchaki sohaviy o‘zgarishlar emas, balki davlat va jamiyat munosabatlarini sifat jihatidan yangi pog‘onaga olib chiqishga qaratilgan kompleks islohotlar dasturidir.

Davlat dasturidagi sud-huquq tizimini takomillashtirish, odil sudlovni ta’minlash, himoya institutini kuchaytirish, nizolarni muqobil hal etish mexanizmlarini joriy qilish kabi chora-tadbirlar fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishga xizmat qiladi. Bu esa jamiyatda adolat muhitini shakllantirish, davlat organlariga bo‘lgan ishonchni mustahkamlashning muhim omilidir.

Mahalla institutiga qo‘shimcha vakolat va imkoniyatlar berish orqali davlat boshqaruvini xalqqa yaqinlashtirish, ijtimoiy muammolarni joyida hal etish, aholining faolligini oshirish kabi vazifalar esa demokratik islohotlarning amaliy ifodasi hisoblanadi. Zero, kuchli jamiyat – bu faol fuqarolar, adolatli sud va hisobdor davlat boshqaruvi uyg‘unligidir.

Eng muhimi, mazkur Davlat dasturi qisqa muddatli natijalar bilan cheklanmaydi. U 2030-yilga qadar mo‘ljallangan strategik maqsadlarga erishish yo‘lida mustahkam huquqiy va institutsional poydevor yaratadi. Demak, bu islohotlar mamlakatimizning huquqiy, demokratik va adolatli davlat sifatida rivojlanishini yanada jadallashtirishga xizmat qiladi.

Nilufarxon SAID-GAZIEVA,

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi

Devon rahbari, yu.f.d.

O‘zA